O‘zbekiston | 15:30 / 15.06.2018
54935
7 daqiqa o‘qiladi

Arzon uy-joy olish tartibini bilasizmi?

Foto: pixabay

2018 yil 9 fevralda Vazirlar Mahkamasining “Ariza beruvchi — uy quruvchining 2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturida ishtirok etish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida” qarori qabul qilindi, deb yozmoqda “Inson va qonun” nashri.

Mazkur qaror bilan Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 24 noyabrdagi “Ariza beruvchi — uy quruvchining fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari tavsiyalari asosida 2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturida ishtirok etishi tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qarori bekor qilindi. Ya'ni, mahalla fuqarolar yig‘inlarining bu sohadagi faoliyati to‘xtatildi. Bu vakolatga tuman hokimliklarida tashkil etiladigan maxsus komissiya ega bo‘ldi.

Qarorga ko‘ra, qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturida ishtirok etishi tartibi to‘g‘risidagi yangi nizom tasdiqlandi.
 
Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan oilalarga quyidagilar kiradi:

— boshqa oila yoxud boshqa oilalar bilan bir uyda (bir kvartirada) birgalikda yashovchi oila;
— ko‘p bolali oilalar;
— to‘liq bo‘lmagan oilada bolani (bolalarni) tarbiyalayotgan onalar (otalar);
— daromadi yuqori bo‘lmagan oila (bir oydagi jami daromadi har bir oila a'zosiga belgilangan eng kam oylik ish haqining 3 baravari miqdorigacha to‘g‘ri keladigan oila);
— tarkibida birinchi guruh nogironi bo‘lgan yoxud surunkali kasallikning og‘ir turlaridan azob chekuvchi va qonun hujjatlariga muvofiq alohida xonada yashashga ehtiyoj sezuvchi shaxs bo‘lgan oila;
— uy-joy maydoni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan (bir shaxs uchun umumiy uy-joy maydoni 16 kv. metrdan kam bo‘lmagan, kursi-kolyaskadagi nogironlar uchun 23 kv. metrdan kam bo‘lmagan) uy-joy maydonining ijtimoiy normasiga muvofiq bo‘lmagan oilalar endilikda tuman hokimi huzurida tashkil etilgan doimiy komissiyaga murojaat etib, namunaviy loyihalar asosida qurilayotgan uy-joylarni olish uchun kerakli yozma tavsiyani olish uchun uy-joyi yo‘qligi to‘g‘risida asoslantiruvchi hujjatlarni ilova qilgan holda mazkur nizom talablari asosida ishlab chiqilgan anketa-arizani komissiya raisi (tuman hokimi) nomiga yozish bilan murojaat etishlari mumkin.
 
Tuman komissiyasiga qanday hujjatlar taqdim qilinadi?

* Ariza;
* Pasport nusxasi;
* Soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami nusxasi (STIR);
* Oila a'zolari pasportlari va nikoh qayd etilganligi guvohnomasi (to‘liq oila va nikoh hamda voyaga yetgan farzandlar mavjud bo‘lgan taqdirda) va/yoki farzandlar tug‘ilganligi haqidagi guvohnomalar (voyaga yetmagan farzandlar mavjud bo‘lgan taqdirda) nusxalari;
* Yashash joyidan oila tarkibi to‘g‘risida ma'lumotnoma;
* Nikoh bekor qilinganligi haqidagi guvohnoma yoki nikoh bekor qilinganligi yoki nikoh haqiqiy emas deb tan olinganligi to‘g‘risida sud qarori (nikoh qayd etilgan holatda) yoki oilaviy holati to‘g‘risida fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari (FHDYo) arxividan ma'lumotnoma nusxasi (nikoh qayd etilmagan holatda);
* Doimiy ish joylaridan berilgan ariza beruvchi va u bilan birga yashayotgan oila a'zolarining oxirgi 12 oy mobaynidagi daromadlari to‘g‘risida ma'lumotnoma yoki ariza beruvchi va uning oila a'zolarining yashash joyidagi davlat soliq xizmati organi tomonidan tasdiqlangan oxirgi 12 oy mobaynidagi daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyalar nusxalari;
* Doimiy propiska joyidan kadastr hujjati nusxasi (agar turar joyi doimiy propiska joyi bilan to‘g‘ri kelsa);
* Doimiy propiska joyidan uy daftarining yoki kvartiralar bo‘yicha kartochkaning (17-shakl) nusxasi (agar turar joyi doimiy propiska joyi bilan to‘g‘ri kelsa);
* Ijara yoki turar joydan tekinga foydalanish to‘g‘risida shartnoma yoki yer resurslari va davlat kadastri tuman bo‘linmasi ma'lumotnoma nusxasi (ariza beruvchining mulk huquqi asosida turar joyi bo‘lmagan holatda);
* Nogironlik guruhi ko‘rsatilgan holda pensiya guvohnomasi, ushbu hujjat mavjud bo‘lmagan taqdirda Sog‘liqni saqlash vazirligining Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasidagi tumanlararo (tuman) tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi (TMEK) ma'lumotnoma nusxasi (oila a'zolari orasida birinchi guruh nogironi mavjud bo‘lgan holatda);
* Turar joyi bo‘yicha tuman davolash-profilaktika muassasaning vrachlik-maslahat komissiyasi (VMK) ma'lumotnomasi yoki ariza beruvchining oila a'zolari orasida surunkali kasallikning og‘ir turlaridan azob chekuvchi va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq alohida xonada yashashga muhtoj bo‘lgan shaxsning mavjudligi holatida — tumanlararo (tuman) TMEK ma'lumotnomasi.
 
Ariza necha kunda ko‘rib chiqiladi?

Dasturda ishtirok etish uchun taqdim etilgan ariza va hujjatlar qayd qilingan oxirgi sanasidan boshlab tuman komissiyasi tomonidan 15 ish kunida ko‘rib chiqiladi. Tekshirish dalolatnomasi tuziladi. Tuman komissiyasi tomonidan ariza beruvchilarni tanlash va Dasturda ishtirok etishda ularning ijtimoiy ustuvorligini belgilash uchun foydalaniladigan ariza beruvchilarning ijtimoiy va uy-joy sharoitlarining asosiy ko‘rsatkichlari e'tiborga olinib, 60 ballik tizimda baholanib, 2-nusxada yozma tavsiya beriladi.

Ariza qanday hollarda rad etilishi mumkin?

Quyidagi hollarda yozma tavsiya berish ariza beruvchiga rad etilishi mumkin:

a) ko‘rsatilgan hujjatlar to‘liq bo‘lmagan hajmda taqdim etilishi;
b) hujjatlar Dasturda ishtirok etish uchun ariza va hujjatlar taqdim etilishining oxirgi sanasi tugagandan keyin taqdim etilishi;
v) taqdim etilgan hujjatlarda ishonchsiz yoki buzilgan ma'lumotlar mavjudligi;
g) ariza beruvchining uy-joy sharoitlarini, shu jumladan, uning ijtimoiy mezonlarga muvofiqligi yuzasidan o‘rganish yakunlari bo‘yicha tuzilgan tekshirish dalolatnomasida ariza beruvchida uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyoj yo‘qligi holatining asosli ko‘rsatilishi;
d) Dastur va qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibda uy-joy qurish dasturlari doirasida ilgari qishloq joylarda arzon uy yoki yakka tartibdagi uy olgan uy quruvchining va/yoki uning oila a'zolari (eri, xotini, ota-onasi, farzandlari)ning takroriy murojaati.

Yuqorida ko‘rsatilgandan boshqa asoslar bo‘yicha yozma tavsiya berish rad etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

 

Mavzuga oid