O‘zbekiston | 14:27 / 13.07.2018
12788
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston bo‘ylab xostellar faoliyatini yo‘lga qo‘yish tartibi soddalashtirildi, xarajatlar kamaytirildi

Foto: getty images

O‘zbekistondagi turizm infratuzilmasi va xostel biznesini rivojlantirishni rag‘batlantirish hamda zamonaviy xostellar tarmog‘ini shakllantirish maqsadida 10 iyul kuni O‘z DSt 3220 standartiga o‘zgarishlar kiritildi. Bu o‘zgarishlar tadbirkorlarga xostellar faoliyatini yo‘lga qo‘yishda xarajatlarni sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi.

O‘zgarishlarga ko‘ra, qator talablar bekor qilingan – masalan, xostelga alohida kirish joyining bo‘lishi, besh qavatdan yuqori bo‘lgan binolarda liftning, ijtimoiy va xizmat inshootlari, suv zahirasi bo‘lgan idishlarning bo‘lishi, har bir ziyoratchini hisobga olgan holda muayyan maydon zarurati va h.k. Bundan tashqari, personalga bo‘lgan talablar ham ancha qisqartirilgan.

O‘zbekiston hukumati mamlakatda turistlar uchun hamyonbop joylashuv vositalari, xostellar ko‘payishidan manfaatdor. Bozor tahlillari natijasida sohaning ko‘plab vakillari va xorijiy ekspertlar bilan maslahatlashib, shunday xulosaga kelingan.

Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimovning KUN.UZ'ga ma'lum qilishicha, bugunga kelib ko‘plab xostellar tarmoqlari O‘zbekistonga kirishni va butun mamlakat bo‘ylab xostellar tarmoqlari faoliyatini yo‘lga qo‘yishni mo‘ljallamoqda. Bunda, albatta, asosiy e'tibor mamlakatning diqqatga sazovor inshootlari joylashgan yerlar va tog‘li hududlarga qaratiladi. “Bu individual sayyohlarga O‘zbekistonga kelib sayohat qilish uchun katta qulaylik yaratadi. Biz mahalliy investorlarni kichik xostellar qurish uchun yer olish yoki mavjud inshootlarda xostellar faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida joylardagi hokimliklarga murojaat qilishga chaqiramiz. Shu bilan birga, O‘zbekistonda xostellar faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lgan xorijiy mamlakatlardagi investorlarni ham kutib qolamiz”, - deydi Abduxakimov.

Turizm sohasidagi yangi trendlarga tezkor moslashib, keng segment talabini qondira oluvchi xostel sanoatini rivojlantirish so‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda katta ahamiyat kasb etmoqda.

Xostel – o‘z-o‘ziga xizmat qilishga mo‘ljallangan joylashuv vositalari, assortimenti cheklangan taomnoma yoki uskunalar, shuningdek boshqa qo‘shimcha xizmatlarni taqdim etuvchi korxona. Ichki bozorda raqobatbardoshlikni qo‘llab-quvvatlash va ko‘p sonli sayyohlarni jalb qilish maqsadida xostellar odatda yirik shaharlar markazlarida, asosiy madaniy markazlar va tarixiy obidalar yaqinida, shuningdek temir yo‘l vokzallari, avtobus stansiyalari va muntazam ravishda festivallar, yarmarkalar, ko‘rgazmalar va boshqa ommaviy tadbirlar o‘tkaziladigan joylarda joylashgan bo‘ladi.

Xostellar jozibadorligining asosiy omili ularning xorijiy va mahalliy turistlar tomonidan talabgorligi hisoblanadi, bu ayniqsa daromad darajasi u qadar yuqori bo‘lmagan kishilar uchun ayni muddaodir.

Mavzuga oid