12:31 / 31.07.2018
5409

Taklif: “Huquqni maktab yoshidan boshlab har bir o‘quvchiga singdirib borish kerak”

Foto: UzA

KUN.UZ tahririyatiga har kuni yuzlab maktub keladi. Ushbu xat sohiblari turli kasb egalari yoki ma'lum bir sohada ta'lim oluvchi insonlar bo‘lib, o‘z faoliyatlarida uchrayotgan kamchiliklar, yutuqlar va takliflarni bildirishadi. Ular mazmunan turli bo‘lsada, ammo maqsadi bir narsaga yo‘naltirilgan – yurt ravnaqiga. Ana shunday maktublardan biri Rossiya Federatsiyasida joylashgan Shimoliy Kavkaz federal universitetining magistratura bosqichida ta'lim olayotgan samarqandlik To‘lqin Abdurayimov tomonidan bitilgan.

“O‘zbekistondagi maktab ta'lim tizimiga juda ham katta e'tibor berishimiz shart. Bu degani, asli kuchli mutaxassis va kuchli kadr bo‘lishga ko‘nikma, istisno qilish shart emaski, bu maktabdan boshlanadi. Har bir bolaning shaxsiy fikri va dunyoqarashi ta'lim olish jarayonida vujudga keluvchi bir kuch hisoblanadi.

Endi qarang, biz shunday yo‘l tanlab bersak, kelajakda bu farzandlarimizdan yuksak bir ma'naviyatli va ma'rifatparvar kadrlar kutsak bo‘ladi. Bolani maktab davrida olgan bilimi u uchun butun umrga qo‘yilgan poydevor hisoblanib, kelajakda unga yengilmas kuch beradi.

Shu o‘rinda maktabda o‘tiladigan darslar masalasiga ham to‘xtalib o‘tsam. Yoshlar o‘rtasida huquqiy ongni oshirish maqsadida nafaqat maktablarda, balki butun Oliy o‘quv yurtlarida ham huquq fani ko‘proq o‘qitilsa, o‘rgatilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi. 

Sababi, qachonki yoshlar yoki har qanday inson, birinchi navbatda, o‘z huquqini talab qilsa va tushintirib bera olsa, u insonda muhokamaga sabab bo‘luvchi savollar vujudga kelmas edi. Huquq fani haftasiga imkon qadar ikki soatdan o‘tilsa ham ko‘zlangan maqsadga erishish mumkin.

Ikkinchidan, hozir yurtimizda ildiz otib ketgan va butun bir halqni qiynayotgan muammolardan bittasi bo‘lgan korrupsiyaning oldi olinardi. Ortiqcha ovoragarchiliklar, tushunmovchiliklar va buning ortidan chiqadigan muammolarga chek qo‘yilardi. Buni maktab yoshidan boshlab har bir o‘quvchiga singdirib borish kerak, deb o‘ylayman. Qachonki har bir inson o‘z huquqini bilsa va konustutsiyani yaxshi o‘rgansa, menimcha, foydadan holi bo‘lmasdi”.

Taklif qisqa shaklda bildirilgan bo‘lsada, uning mazmun-mohiyatida jon bor. Huquqiy savodxonlik biz uchun bugun suv va havodek zarur. Ta'lim tizimida aynan mana shu tizimni yo‘lga qo‘yish, uni rivojlantirish uchun bugun nimalarga e'tibor qaratish lozim? Fikr va mulohazalaringiz bitilgan maktublarni kutib qolamiz.

Top