23:40 / 23.08.2018
7508

Eronda davlat to‘ntarishiga urinishda ayblanib qamalgan britaniyalik ayol uch kunga ozod qilindi

Foto: AP

Buyuk Britaniya hamda Eron fuqarosi bo‘lgan Nozanin Zagari-Retkliff Tehrondagi qamoqxonadan uch kunga ozodlikka chiqarildi. U 2016 yilda josuslik va hukumatni ag‘darishga urinishda ayblanib besh yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.

Ayol 23 avgust kuni ertalab ozod qilindi. U hozirda Eronda oilasi bilan birga, ammo 26 avgust kuni qamoqxonaga qaytishi shart. U ikki yildan buyon ko‘rmagan to‘rt yoshli qizi bilan uchrashdi. Turmush o‘rtog‘i – britaniyalik Richard Retkliff bilan esa uchrasha olmaydi — Eron hukumati unga viza berishni rad etgan.

Nozanin Zagari-Retkliff 2016 yil aprelda qizini olib qarindoshlarini ko‘rgani kelgan. Ortga qaytayotganida Tehron aeroportida hibsga olingan hamda unga bir necha moddalar bilan ayblov e'lon qilingan. U josuslik, davlat to‘ntarishiga urinish, Eronga qarshi targ‘ibot maqsadida «Bi-bi-si» jurnalistika kursini tashkil etishda ayblangan.

Nozanin Zagari-Retkliff hibsga olinguniga qadar Thomson Reuters Foundation xayriya jamg‘armasida loyihalar menejyeri bo‘lib ishlagan. 2009-2010 yillarda «Bi-bi-si» bo‘limlaridan birida xodim sifatida faoliyat yuritgan. 

Britaniya hukumati ayolni himoya qilib chiqmoqda. 2017 yilda Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri bo‘lgan Boris Jonson u «bor-yo‘g‘i odamlarga jurnalistikani o‘rgatayotganligini» bildirgandi. Ammo Jonsonning bu chiqishi qimmatga tushdi. Eron hukumati uning so‘zlarini Zagari-Retkliffning «tuzumga qarshi targ‘ibot» olib borganligining isboti deb talqin qildi.

Mavzuga oid
Top