O‘zbekiston | 15:53 / 29.08.2018
9134
9 daqiqa o‘qiladi

«Eng ulug‘, eng aziz» tanlovi g‘oliblari e'lon qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 28 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma yetti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi PQ-3814-son qarori asosida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma yetti yilligiga bag‘ishlab 2018 yilning 29 avgust kuni “Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan va 2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturining ma'no-mazmuni keng targ‘ib qilishga qaratilgan “Eng ulug‘, eng aziz” an'anaviy tanlovining respublika bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Taqdirlash marosimi O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, Madaniyat vazirligi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasi, Milliy teleradiokompaniya, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, “O‘zbekkino” milliy agentligi, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, Badiiy akademiya, Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan tashkil etildi.

- Bu yilgi tanlovning viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichlari g‘oliblarini taqdirlash marosimlari har yilgidan o‘zgacha ruhda o‘tkazildi. Buni tanlovga kelib tushgan materiallar sonining ortganidan ham ko‘rishimiz mumkin. Tanlovning respublika respublika bosqichiga 300 nafarga yaqin ijodkordan 2 mingga yaqin ijodiy ish kelib tushdi, - deydi O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi Bosh direktori Laziz Tangriyev. – Birgina “Yozuvchilarning badiiy asarlari” yo‘nalishida jami 66 nafar muallifning 96 ta asari, jumladan, 9 ta roman, 8 ta hikoyalar to‘plami, 28 ta she'riy to‘plam va doston, 9 ta qissalar, 21 ta badiiy publitsistik to‘plam va esselar kitoblari, 1 ta p'yesa, 13 ta OAV va internet nashrlarda chop etilgan turkumlarining topshirilganligi bu fikrimni tasdiqlaydi. O‘z navbatida ishtirokchilar va materiallarning ko‘pligi Hakamlar hay'atiga ham juda katta mas'uliyat yukladi. Ular orasidan g‘oliblikka nomzodlarni tanlab olish oson bo‘lmadi.

Shuningdek, “Bosma OAV xodimlarining jurnalistik ishlari” yo‘nalishida 57 nafar jurnalistning 922 ta ishi, “Televideniye va radio ijodkorlarining materiallari” yo‘nalishida 40 nafar jurnalistning 235 ta ijodiy ishi, “Internet jurnalistikasi”yo‘nalishida 15 nafar jurnalistning 293 ta ijodiy ishi kelib tushgan.

“Tasviriy san'at, foto asarlari va dizayn ishlari” yo‘nalishi bo‘yicha respublika bosqichiga barcha viloyatlardan va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan jami 35 ta ijodkorning turli yo‘nalishdagi 355 ta  ishlari kelib tushgan. Shundan, 5 ta ijodkorning 50 dan ortiq foto asarlari, tasviriy san'at asarlari yo‘nalishida 15 ta ijodkorning 150 ta asari, dizayn ishlari bo‘yicha, 15 ta ijodkorning 120 dan ortiq  ishlari taqdim etilgan.

“Kino san'ati asarlari” yo‘nalishi bu yil jami 22 ijodkor o‘zining 26 ta asarini taqdim etgan. Shundan, 4 tasi to‘liq metrajli badiiy film, 17 tasi hujjatli film, 2 tasi qisqa metrajli film va 3 tasi multfilmdir.

Tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar bosqichlarida 2 ming nafardan ortiq ijodkor faol ishtirok etib, 6 avgustdan 16 avgustgacha hududlarda bo‘lib o‘tgan taqdirlash marosimlarida 200 nafarga yaqin yozuvchi, shoir, jurnalist, rassom va kino mutaxassislari g‘olib va sovrindorlar sifatida tanlov tashkilotchilari tomonidan taqdirlandi.

Ma'lumki, bugungi kunda barcha sohalar qatori madaniyat va san'at, adabiyot, ommaviy axborot vositalari, nashriyot hamda matbaachilik ravnaqini yangi bosqichga ko‘tarish, mavjud huquqiy-normativ bazani takomillashtirish, sohaning moddiy-texnik salohiyatini mustahkamlash, ijod ahlining mashaqqatli mehnatini moddiy va ma'naviy jihatdan munosib rag‘batlantirish, kadrlar tayyorlash tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish va isloh qilish borasida ulkan ishlar olib borilmoqda.

Xususan, shu yilning 5 aprelida qabul qilingan “O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori yurtimizda yozuvchi-shoirlarga yaratilayotgan yuksak e'tiborning yana bir namunasidir. Ushbu qaror bilan ijodkorlarga yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar ko‘lami yanada kengaydi, qalam ahliga qator imtiyozlar berildi. Mazkur qaror bilan Toshkent shahrida 110 xonadonli muhtasham uy-joy qurib bitkazilayotgani ham buning yaqqol misolidir.

2018 yilning 10 avgustida qabul qilingan “O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondini tashkil etish to‘g‘risida”gi Prezident qarori soha rivojini yangi bosqichga ko‘tardi. Qaror bilan O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi, O‘zbekiston Rassomlar ijodiy birlashmasi, O‘zbekiston Teatr arboblari uyushmasi va O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi kabi sohadagi bir qator muassasalarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. Ayniqsa, “Ilhom” jamoat fondi hisobraqamiga davlat byudjyetidan 20 milliard so‘m mablag‘ o‘tkazib berilishi ijodiy muassasalar faoliyatini yanada yaxshilash va ularning samarali faoliyat ko‘rsatishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 24 maydagi “O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori esa mamlakatimizda jurnalist kadrlar tayyorlash sohasida yangi sahifani boshlab berdi.

Ta'kidlash joizki, so‘nggi yillarda o‘zbek matbuoti tom ma'noda to‘rtinchi hokimiyat darajasiga ko‘tarildi. Sohadagi o‘zgarish va yangilanishlar, ommaviy axborot vositalariga berilayotgan e'tibor tufayli jurnalistika qaddini ko‘tardi, jurnalistlar dadil va jur'at bilan yoza boshladi. Yurtimizda ro‘y berayotgan voqea-hodisalar, o‘zgarish va yangilanishlar, eng muhimi, o‘z yechimini kutayotgan muammolar haqida tahliliy-tanqidiy materiallar soni keskin ko‘paydi. OAV o‘zining eng muhim – davlat va xalq o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarayotgani tufayli, ularga bo‘lgan ishonch mushamkamlanib boryapti. Bugun axborot olishning eng qulay va tezkor vosita hisoblangan internetdagi veb-saytlar sonining 2008 yilga qaraganda 400 taga oshganligi yoki umumiy ommaviy axborot vositalarining soni 1600 tadan ortib ketganligi bu sohada olib borilayotgan izchil islohotlarning samarasidir.

Bu jarayonda O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi ham yurtimizdagi ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash, ularni qonunchilikdagi o‘zgarish va qo‘shimchalar haqida o‘z vaqtida va tezkorlik bilan xabardor qilish, yangi OAVni tashkil qilishda ko‘maklashish, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitob va kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, ularning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, matbaachilikni rivojlantirish, shuningdek, nafaqat poytaxtdagi, balki viloyatlardagi tahririyatlar ijodiy guruhlarini o‘qitish, ularning kasbiy malaka va ko‘nikmalarini oshirish yo‘lida zarur chora-tadbirlarni ko‘rib kelmoqda.

Bu boradagi xalqaro hamkorlik ham rivojlanib bormoqda. Joriy yil 9-10 iyun kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Tsindao shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi cammiti oldidan o‘tkazilgan “Shanxay ruhining rivojlanishi – media hamkorlikdagi yangi davrning boshlanishi” mavzusida Shanxay hamkorlik tashkilotining ommaviy axborot vositalari bo‘yicha birinchi forumida O‘zbekiston Respublikasi Matbuot va axborot agentligi va Xitoy Xalq Respublikasi Davlat Kengashi Matbuot devonxonasi o‘rtasida imzolangan ommaviy axborot vositalari sohasida hamkorlik bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Bir so‘z bilan aytganda, sohaga qaratilayotgan yuksak e'tibor mamlakatimizdagi ijodkor ziyolilarning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda zarur sharoit va imkoniyat yaratishda muhim ahamiyat kasb etyapti. “Eng ulug‘, eng aziz” respublika tanlovi ham ana shu maqsad va vazifalarga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.

Mavzuga oid