10:48 / 30.08.2018
6970

Andijonda bayram arafasi 161 ta yangi korxona va muassasalar ish boshlaydi

Mustaqillik bayrami oldidan Andijon viloyatida juda ko‘plab yangi ishlab chiqarish korxonalari va muassasalar o‘z faoliyatini boshlashi rejalashtirilgan.  Ayni kunlarda viloyatning barcha tumanlarida ana shunday obektlarning ochilish marosimlari bo‘lib o‘tmoqda.

29 avgust kuni Izboskan tumanida meva va sabzavotni qayta ishlovchi korxona ishga tushdi. Korxona yiliga 30 ming tonna meva-sabzavotlardan sharbat va konserva mahsulotlarini ishlab chiqarish quvvatiga ega. Unda 120 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Ishlab chiqarilgan mahsulotlarni asosan boshqa davlatlarga eksport qilish rejalashtirilgan.

Mazkur obektlarning ochilish marosimida viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ishtirok etdi.  

Izboskan tumanida yana bir ishlab chiqarish korxonasi “Djigital prime tekstil”  ma'suliyati cheklangan jamiyatining investitsiya loyihasi taqdimoti o‘tkazildi (korxona Korxona tomonidan to‘qimachilik, kalava ip ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha qiymati 23 mln. dollarni (15 mln. doll. to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya) tashkil etadi.

Loyiha amalga oshirilganidan so‘ng ishlab chiqarilgan mahsulotlarning 100 foizi Rossiya, Qozog‘iston va Turkmanistonga eksport qilish rejalashtirilgan.  

Shu kuni Andijon shahridagi yana bir tekstil fabrikasi, Izboskan tumanidagi xususiy shifoxona, Zahiriddin Muhammad Bobur nomli maktabning ochilish marosimlari ham bo‘lib o‘tdi.

Oltinko‘l  tumani tadbirkori tomonidan amalga oshirilgan loyiha ayniqsa diqqatga sazovor. “Eko Klean Trans” korxonasi maishiy chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash bilan shug‘ullanadi. Korxonaga loyihani amalga oshirish uchun Andijon tumani hududidagi “Kulla” MFY o‘ramidan yer maydoni ajratib berilgan.

Korxona tomonidan Dasturda belgilangan investitsiya mablag‘larini o‘zlashtirish hisobiga yiliga 200 ming tonna maishiy chiqindilarni qayta ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan loyiha foydalanishga topshirildi va 250 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

 

Elmurod Ermatov, Andijon

KUN.UZ muxbiri

Top