16:37 / 10.09.2018
46144

Kuper Eronga qarshi o‘yin oldidan O‘zbekistonning FIFA reytingidagi o‘rnini eslatib o‘tdi

Foto: Kun.uz

11 sentabr kuni Toshkentda Eron milliy terma jamoasiga qarshi bo‘lib o‘tadigan o‘rtoqlik uchrashuvi oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Matbuot anjumanining ikkinchi qismida O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper ishtirok etdi, unga terma jamoa a'zosi Otabek Shukurov hamrohlik qildi.

«Ertaga men ikkinchi rasmiy o‘yinda jamoani maydonga olib tushaman. Shu o‘rinda ta'kidlab o‘tishni istardimki, bu o‘yin ham biz uchun sinov bo‘ladi. Ertaga yangi futbolchilar ham maydonga tushishadi. Eron terma jamoasi juda ham jiddiy jamoa. Karlush Keyrush Eronni yaxshi shakllantirgan.

Men ertaga futbolchilardan jamoaviy o‘yinni talab qilaman va ko‘rsatmalarimga qanchalik amal qilishlariga e'tiborimni qarataman. Ertangi o‘yinda biz muxlislarni xursand qilishga urinamiz.

Bir narsaga aniqlik kiritishni istayman. Biz birinchi o‘yinda himoyani sinab ko‘rgan bo‘lsak ham keyingi o‘yinda faqat hujumni sinaymiz degani emas. Men murabbiy sifatida mudofaa chizig‘idagi xatolarni minimal darajaga tushirishni istayman. Himoya sifatli bo‘lsa, hujum ham shunga monand bo‘ladi.

Ayni vaqtda FIFA reytingida O‘zbekiston 95-o‘rinda, Eron esa 35-o‘rinda turibdi. Buni ham hisobga olishingizni so‘rayman.

Legionerlarimiz jamoaga yaqindagina kelib qo‘shilishdi va ularni ham men hali to‘liq o‘rganishim uchun vaqt kerak. Eron bilan o‘yinda Suriya bilan bo‘lgan o‘yinga nisbatan o‘sish bo‘lishiga umid qilaman. Jamoada 2-3 nafardan bir xil ismli futbolchilar bor. Boshida ozgina qiyinchilik bo‘lsada, hozir pozitsiyalari bo‘yicha ajrata olaman. Men O‘zbekistonga kelishdan oldin ularni familiya bo‘yicha yodlagan edim. Ismoilov yoki Krimets deb. Lekin bu yerda ism bilan chaqirilar ekan. Masalan, Anzur yoki Yegor.

Jamoa sardori bo‘lish uchun barchada imkoniyat bor. Kimgadir sen sardor bo‘lasan desam unda xohish bo‘lmasligi mumkin. Shu sababli, bu jarayon tabiiy kechishi lozim.

Muxlislardan yana biroz sabr so‘rayman. Vaqt o‘tgach, hammasi o‘z o‘rniga tushadi. Har bir muxlis terma jamoamiz jahon chempionatida ishtirok etishini xohlaydi. Despasito qo‘shig‘ida aytilganidek, hammasi sekin-sekin amalga oshadi», deya Kuperning so‘zlarini keltirgan O‘FA matbuot xizmati.

11 sentabr kuni FIFA kunlari doirasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Eron termasiga qarshi maydonga tushadi.

Bahsga Toshkentdagi «Milliy» stadioni mezbonlik qiladi. Uchrashuv esa mahalliy vaqt bilan 20:00 da boshlanadi.

Eslatib o‘tamiz, Ektor Kuper boshchiligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi argentinalik mutaxassisning debyut o‘yinida Suriyaga qarshi maydonga tushib, 1:1 hisobidagi durang qayd etgandi.

Top