Jahon | 13:13 / 10.09.2018
15288
6 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonning So‘g‘d viloyatida Samarqand viloyat kunlari bo‘lib o‘tdi - fotoreportaj

Tojikiston Respublikasi So‘g‘d viloyatida Samarqand viloyati kunlari bo‘lib o‘tdi. Yodingizda bo‘lsa, shu yilning 20-22 aprel kunlari ham Samarqand viloyatida So‘g‘d viloyati bilan hamkorlikda biznes forum bo‘lib o‘tgan edi. 7-9 sentabr kunlari ana shunday javob uchrashuvi Tojikistonning So‘g‘d viloyatida ham tashkillashtirildi.

Samarqand viloyati delegatsiyasi ikki guruhga bo‘linib, «Oybek»-«Fotehobod» va «Jartepa»-«Sarazm» nazorat o‘tkazish-punktlari orqali So‘g‘d viloyatiga yo‘l olishdi. Chegarada so‘g‘dliklar samarqandlik mehmonlarni juda qizg‘in kutib olishdi.

Xo‘jand shahrida tashkillashtirilgan tadbir ham turli uchrashuvlarga boy bo‘ldi. Xususan, «Xo‘jand» va «Dinamo» futbol klublari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi tashkillashtirildi. 25 ming tomoshabin tashrif buyurgan uchrashuv do‘stona 1:1 hisobida yakun topdi.

Xo‘janddagi sport saroyida samarqandlik va so‘g‘dlik tadbirkor va ishbilarmonlar, korxona va tashkilotlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Ikki viloyat ishbilarmonlari o‘rtasida biznes forum tashkillashtirildi.

Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilar ekan, So‘g‘d viloyati raisi Rajabboy Ahmadzoda chegaralar ochilgan har ikki viloyat o‘rtasidagi aloqalar kundan kunga mustahkamlanib, bordi-keldi ko‘paygani, So‘g‘dda samarqandlik ishbilarmonlar bilan ko‘plar hamkorlikdagi loyihalar ishlayotganini aytib o‘tdi.

Qariyb 20 yillik to‘siq va qiyinchiliklardan so‘ng ikki qardosh xalqning bir biriga quchog‘ini ochishi, har jabhada bordi-keldi ko‘payayotgani eng avvalo oddiy xalqni mamnun etmoqda. Bu eng avvalo ikki davlat rahbarining siyosiy irodasi mahsuli o‘laroq ro‘yobga chiqqani qo‘shni viloyatlar rahbarlarlari tomonidan alohida zikr etildi.

Oddiy xalqning yaxshi qo‘shnichilik aloqalaridan bahramand bo‘lishiga katta e'tibor qaratilishi ta'kidlandi va buning isboti sifatida So‘g‘d viloyatining Panjakent shahridan Samarqand shahriga muntazam avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilgani ham e'lon qilindi.

Viloyatlarni bog‘lab turuvchi chegara nazorat o‘tkazish punktidan bir kunda har ikki tomondan qariyb 2 yarim ming kishidan o‘tib qaytayotgani ta'kidlab o‘tildi.

Aprel oyida Samarqandda tashkillashtirilgan biznes forumdan so‘ng So‘g‘d viloyatida Samarqandning bir necha ishlab chiqarish korxonalari muvaffaqiyatli ish boshlagani ham qayd etib o‘tildi.

O‘z navbatida E.Turdimov qizg‘in kutib olish marosimi uchun tashakkur bildirib, qadimiy So‘g‘d zaminida uchrashib turishganidan xursandligini izhor etdi va kelgusida barcha sohalarda hamkorlik yanada mustahkamlanishiga umid bildirdi.

R.Ahmadzoda ikki davlatning yashash tarzi, kelajakdagi rejalari, barcha sohadagi fikrlari mushtarak ekanligini aytib, fuqarolarning xavfsizligini ta'minlash, bu borada huquq-tartibot idoralarining ham hamkorligini izchil yo‘lga qo‘yish zarurligini ta'kidlab o‘tdi.

Har ikki viloyat rahbarlari shundan so‘ng Xo‘janddagi sport saroyida o‘tkazilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasida tadbirkor va ishbilarmonlarni qutlab, sanoat mahsulotlari bilan yaqindan tanishishdi.

So‘ngra mezbonlar va samarqandlik mehmonlar Ismoil Somoniy va Ro‘dakiy haykali poyiga gullar qo‘yishdi.

Har ikki viloyat ishbilarmonlari ishtirokida biznes forumning ochilishi bo‘lib o‘tdi. Viloyatlar rahbarlari u yerda ham chiqish qilib, o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish niyatida bo‘lgan ishbilarmonlarga muvaffaqiyatlar tilashdi.

Samarqand viloyati delegatsiyasi a'zolari Xo‘jand erkin iqtisodiy zonasida bo‘lib, bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilan tanishishdi.

Kechqurun Xo‘janddagi Kamol Xo‘jandiy maydonida Tojikiston Respublikasi mustaqilligining 27 yilligiga bag‘ishlangan bayram tantanalari bo‘lib o‘tdi. Mahalliy rahbarlar bilan bir qatorda Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov ham qo‘shni birodar xalq aholisini istiqlol ayyomi bilan muborakbod etdi.

Ertasi kuni delegatsiya a'zolariga Xo‘jandning diqqatga sazovor joylari bo‘ylab ekskursiyalar uyushtirildi. Sport saroyida esa har ikki davlat ishbilarmonlari va tadbirkorlari, korxona va tashkilotlari o‘rtasida bitim va memorandumlarni imzolash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.

Xabar qilinishicha, biznes forum doirasida 70 million dollardan ortiq mahsulot sotish va ayriboshlash bo‘yicha shartnoma va anglashuv bitimlari imzolangan. Albatta, bunday tadbirlar ikki qardosh xalq o‘rtasidagi hamkorlik va jipslashuvning yanada mustahkamlanishiga xizmat qilishi aniq. Bu uchrashuvlar davomida ham bot-bot takrorlanib turdi.

Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid