Jahon | 07:54 / 15.09.2018
5399
2 daqiqa o‘qiladi

Polsha prezidenti saylovoldi kampaniyasida soxta akkauntlardan foydalangani ma'lum qilindi   

Foto: REUTERS

Wyborcza nashri Polsha prezidenti Anjyey Dudaning saylovoldi shtabi 2015 yilgi saylovoldi kampaniyasi vaqtida “avtomatik izohlar”dan foydalanganini tasdiqlovchi hujjatlarni chop etdi. O‘tkazilgan taftishga ko‘ra, shtab internetda forumlar va boshqa bahs-munozara maydonchalarini moderatsiya qilgan botlar xizmatlaridan foydalangan. 

Bir izohni moderatsiya qilish 2 zlotiy (50 sent atrofida) turgan. Har oy 5 mingga yaqin izoh joylashtirilgan. Ko‘rsatilgan xizmatning umumiy narxi 2015 yil marti uchun 40 ming zlotiyni tashkil qilgan.  

Buyurtma “Firma Elchupacabra” firmasi tomonidan bajarilgan. Nashr bu firmaning ofisi oddiy uyda joylashgani, uning eshigini hech kim ochmayotgani, ko‘rsatilgan telefon raqamiga tushib bo‘lmayotganini ma'lum qilgan.

Polsha Davlat saylov komissiyada Duda shtabi “avtomatik izohlar”ni internetda joylashtirish uchun tuzgan bitim bor bo‘lib, mutaxassislarning fikricha, bu botlardan, ya'ni soxta akkauntlardan foydalanilganiga ishora qiladi.

Nashrdagi maqolada keltirilishicha, 2015 yil fevralidan apreligacha Dudani qo‘llab-quvvatlash darajasi keskin oshgan. Shu bilan bir vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda boshqa nomzod – Bronislav Komorovskiy nomiga ko‘plab salbiy xabarlar ko‘paygan.

Mavzuga oid