12:54 / 18.09.2018
69255

Rossiya Mudofaa vazirligi Il-20 kim tomonidan urib tushirilganini ma'lum qildi

Foto: Globallookpress

Rossiyaga qarashli Il-20 samolyoti Suriya havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirilgan. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi ma'lum qildi, deb xabar bermoqda TASS.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Il-20 Suriya kuchlariga qarashli S-200 kompleksi raketasi yordamida urib tushirilgan.

«Aks ettiruvchi effektiv yuza F-16’dan ko‘proq bo‘lgan Il-20 S-200 kompleksi raketasi bilan urib tushirilgan», - deya aytib o‘tdi Mudofaa vazirligi vakili.

Qayd etilishicha, bunga Isroilning F-16 qiruvchilari Rossiya samolyoti orqali o‘z xatti-harakatlarini berkitishga uringani sabab bo‘lgan.

Il-20 samolyotida 15 nafar rossiyalik harbiy bo‘lgan.

Avvalroq, Suriyadagi Hmeymim aviabazasi 17 sentabrda Rossiyaning Il-20 radiolokatsion razvedka samolyoti ekipaji bilan aloqani yo‘qotgani xabar qilingandi.

Ma'lum qilinishicha, 17 sentabr kechki vaqt Suriya havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari Lataqiya shahriga raketa hujumini qaytargan. Suriyalik harbiy manbaning ta'kidlashicha, hujum dengizdan amalga oshirilgan, bir necha raketa mo‘ljalgacha urib tushirilgan.

Keyinroq CNN telekanali Rossiyaning Il-20 samolyoti bortida 14 nafar harbiy xizmatchi bilan Suriya havo mudofaasi kuchlari tomonidan urib tushirilgan bo‘lishi mumkinligini ma'lum qildi. 

 

Mavzuga oid
Top