20:50 / 15.10.2018
30307

Internet yo‘q – muammo yo‘q!

O‘rgimchak to‘ri deya nisbat beriluvchi internetning hayotimizdagi o‘rni haqida ortiqcha ta'rifga hojat yo‘q. Arzimagan 10-15 yil ichida uning ahamiyati shu qadar oshib ketdiki, biror kunimizni internetsiz tasavvur qila olmaydigan darajaga yetdik.

Internet kundalik turmush, ilm-fan, iqtisodiyot kabi sohalarning barcha jabhalariga kirib borish bilan birga kuchli siyosiy qurolga ham aylandi. Endilikda har qanday muhim jarayon rasmiy bayonot va axborotlardan tashqari virtual olamda ham keng muhokama qilinmoqda, aholi ongida buning ortidan turlicha fikrlar shakllanmoqda yoki shakllantirilmoqda.

Yaqin Sharq mintaqasidagi rangli inqiloblar, ayniqsa Misrdagi Facebook ta'siridagi namoyishlar qator davlatlarni cho‘chitib qo‘ydi va internetga nisbatan hadik darajasi oshib ketdi.

Kimdir internet tezligini keskin cheklash ustida ishlasa, qaysidir davlatlarda bu vosita butunlay bloklab tashlandi.

Xo‘sh, qaysi davlatlarda internet qat'iy jilovlab turiladi?

Shimoliy Koreya

Shimoliy Koreyada faqat 28ta saytga kirish mumkin
Foto: Flickr

Shimoliy Koreya har qanday inqiloblardan ilgari ham eng yopiq, eng katta cheklovlar mamlakati sifatida ro‘yxatning boshida turardi. Rangli inqiloblar, dunyodagi siyosiy vaziyat qanday ta'sir qilganini anglash qiyin. Lekin shunisi aniqki ayrim davlatlarda millionlab saytlar qayd etilgan hozirgi zamonda Shimoliy Koreyani olam bilan bog‘lovchi saytlar soni barmoq bilan sanarli. Borlarida ham bu «buyuk davlat»dagi odamlar qanchalar baxtiyor yashayotgani, Shimoliy Koreya iqtisodiyoti barq urib rivojlanayotgani, mamlakat qudrati va harbiy salohiyati har qanday imperialistlarni kunpayakun qilib tashlashi haqidagi ma'lumotlar joylangan. Shuningdek, vatanni ulug‘lovchi, mardlikka chorlovchi kam sonli qo‘shiqlar bilan birga Shimoliy Koreyaning turistik zonalari haqida ham so‘z boradi.

Alohida bob sifatida «Mamlakat quyoshi, buyuk yo‘lboshchi va ikkala Koreyaning ham najotkori» bo‘lgan Kim Chen Inning suratlari va nutqlari mavjud.

26 millionlik aholiga ega bu davlatdagi internetdan muntazam foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lganlar soni bir necha o‘n mingga ham yetmaydi va bu barcha davlatlar orasida mutlaq past ko‘rsatkichdir.

Mamlakat o‘zining ichki kompyuterlararo tizimiga ega va bu tizimdan ko‘pi bilan aholining 4-5 foizlik qismi foydalana oladi.

Kuba

Foto: Yevrorouming

«Ozodlik oroli» uzoq yillar uyali telefon, internet va hatto zamonaviy avtomobillardan xoli hudud sifatida «ochiq osmon ostidagi muzey davlat» bo‘lib keldi. Ammo raqamli taraqqiyotning ne'matlari bu hududni ham chetlab o‘tmadi.

11 milliondan ortiqroq aholiga ega Kubada internet bundan 7 yilgina muqaddam paydo bo‘ldi. Dastlabki yillarda undan faqat davlat manfaatlarida foydalanildi. Aholiga keyinchalik ochilgan internet kafelardagina o‘rgimchak to‘ridan foydalanish imkoniyati berildi. Bunday xizmatlarning bir soati 4-5 dollarni tashkil qilar, o‘rtacha maosh 20 dollarni tashkil qiladigan Kubada bu faqat badavlat insonlarninggina cho‘ntagi ko‘taradigan xizmat edi.

Oxirgi yillarda vaziyat qisman yaxshilangan bo‘lsada, Kubada internet hamon hamma foydalana oladigan vositaga aylana olmadi. Faqat turistlar tashrif buyuradigan hududlarda Wi-Fi xizmati yo‘lga qo‘yilgan, tezlik juda past, bor joyda ham odamlar qo‘l telefonlari bilan to‘planib olib internet tutishga urinishi bu davlatdagi doimiy manzaradir.

Hindiston

Kashmirdagi 2 haftalik g‘alayondan keyin
Foto: Tauseef Mustafa / AFP

Aholisi jihatdan tez orada dunyoda birinchilikni egallashi kutilayotgan (1 mlrd. 366 mln. kishi) Hindistonda aloqa xizmatlari yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, narxi ham u qadar qimmat emas. Ammo tarixan diniy, irqiy va milliy ziddiyatlar ko‘p kuzatilgan bu hududda bugungi kunga kelib ham murakkab siyosiy vaziyat saqlanib qolmoqda.

Oxirgi marta Kashmir hududida 2016 yilning 9 iyul kuni internet butunlay o‘chirildi va 13 milliondan ortiq aholi deyarli yarim yil internetsiz qoldi. Buning o‘ziga xos sabablari bor.

Burxon Vani mahalliy aholining haqiqiy qahramoniga, afsonaga aylangandi. 15 yoshida u o‘qishni tashladi va «Hizbul Mujohiddin» isyonchilar guruhiga qo‘shildi. 20 yoshidayoq u otryad komandiriga aylandi. Burxon jang maydonlaridagi g‘alabalari tufayli emas, internetdagi turkum roliklari uchun mashhurlikka erishdi. Internetda u tengdoshlarini «ozodlik va jasurlik»ka undovchi lavhalar bilan o‘z safiga chorlar, vaqt o‘tgani sayin uning shuhrati ortib borardi.

2016 yilning iyulidagi maxsus operatsiya chog‘ida Burxon Vani o‘ldirildi. O‘shanda u 22 yoshda edi. Burxonning dafn marosimiga odamlar daryodek oqib kela boshladi va tabiiyki internet davlatdan, tuzumdan va umuman hayotdan noroziliklarga to‘lib toshdi.

Hukumat vaziyatni nazorat qilish uchun radikal choralar ko‘rishga majbur bo‘ldi. Bunday choralardan eng birinchisi – internet butunlay o‘chirib tashlandi. Ko‘chalarda komendantlik soati joriy qilindi, harbiylarga to‘planib turganlarga ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz purkash, bo‘ysunmaganlarga o‘t ochish huquqi berildi.

Keyinchalik, 2017 yilga kelib internet bu hududga qaytarildi, ammo shunda ham asosiy ijtimoiy tarmoqlar bloklanishi davom etdi.

Myanma

Quvg‘inga uchragan rohinjalar
Foto: Daily Mail

Bu davlatda ham internet deyarli butunlay bloklangan. Dastlab ozodlik kuychisi, asr mazlumasi sifatida ta'riflangan, hattoki tinchlik uchun Nobel mukofotiga loyiq ko‘rilgan Aun San Su Chjining hokimiyat tepasiga kelishi ham vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirmadi. Aksincha, mamlakat rohinja musulmonlarining qirg‘in qilinishi ortidan genotsidga yo‘l qo‘ygan davlatlar safida ko‘rila boshladi.

Siyosiy o‘yinlar kutilganidek internet rivojiga salbiy ta'sir qilmay qolmadi. Hozirda Myanmada mamlakat aholisining 1-2 foizigina internetdan foydalana oladi. Jarayon maxsus kuchlar tomonidan qattiq nazorat qilinadigan bu davlatda faqat internet klublardagina jahon tarmog‘iga ulanish mumkin.

Eron

Foto: Kommersant

Eronda internet mavjud, uyali aloqa tizimi ham yaxshi rivojlangan. Ammo internetda senzura nihoyatda kuchli. Har bir bloger maxsus ro‘yxatdan o‘tishi shart, har qanday chiqishlar nazorat qilib boriladi. Davlat tuzumi va rahbarlariga qarshi gap yozish uyoqda tursin bunday izohlarni ma'qullash ham qattiq jazolanishi mumkin.

Venesuela

Foto: Global Voices

Uzluksiz iqtisodiy bo‘hronlar, million karra inflyatsiya, yuqori jinoyatchilik avj olgan bu davlat boshqaruvi bilan internetdagi erkin fikrlashni birgalikda ko‘rish mushkul albatta. Internet Venesuelada butkul o‘chirib tashlanmagan bo‘lsa-da, ma'lum yo‘nalishlarni bloklash amaliyoti keng qo‘llaniladi.

Bunday davlatlar qatoriga yana Tunis, Suriya, Xitoy, Turkmaniston, Somali kabilarni ham qo‘shish mumkin va ularning har birida internet ma'lum darajada cheklovlarga duchor bo‘ladi.

Ko‘pchilik davlatlarda hukumatlar va maxsus tizimlar asosan provayderlarga ma'lum yo‘nalishlarni bloklashni buyruq berish orqali cheklov usulini qo‘llashadi.

Albatta, ko‘pchilikda savol tug‘ilishi tabiiy, O‘zbekistondagi vaziyat qanday?

Vatanimizda internetni cheklash bo‘yicha rasmiy buyruq bo‘lgani biror marta e'lon qilinmagan. Ammo ayrim xorijiy saytlarga kirish doimiy muammo bo‘lgani holda vaqti-vaqti bilan mahalliy saytlar faoliyatida ham uzilishlar kuzatiladi. Masalan, 2018 yilning 4-5, 14-15 oktabr kunlarida YouTube videoxostingi ishlamay qolgani qayd etilgan. «O‘zbektelekom» bu uzilishga ham aloqador emasligini bildirgan.

Dunyodagi eng yirik Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi uzilishlar esa so‘nggi paytda muntazamlik kasb etib qoldi. Ko‘pchilik bu holatga ko‘nikib, VPN (Virtual Private Network — virtual xususiy tarmoq) tizim orqali ishlashni o‘rganib olishdi.

 «O‘zbektelekom» AK bu holatga aloqadorligini ham rad etgan.

«Bir necha kun mobaynida bir qator foydalanuvchilar Facebook ijtimoiy tarmog‘i va boshqa veb-resurslarga kirishda muammolarga duch kelmoqda. Facebook vakili uzilishlar tabiati mahalliy emas, balki global ekani haqida rasmiy bayonot berdi: Markaziy Osiyo va Shimoliy Yevropadagi boshqa mamlakatlarda ham shunday muammolar kuzatilmoqda. Shunga qaramay, bir qator ommaviy axborot vositalarida ijtimoiy tarmoqlarga milliy operator tomonidan cheklov qo‘yilgani haqida ma'lumot paydo bo‘ldi.

«O‘zbektelekom» AK foydalanuvchilarni chalg‘ituvchi ushbu xabarni inkor etadi. Bugungi kunda «O‘zbektelekom» AK ma'lumotlar uzatish tarmog‘i muntazam ravishda ishlab turibdi», deyiladi bayonotda.

Abror Zohidov

Mavzuga oid
Top