O‘zbekiston | 22:23 / 17.10.2018
17142
3 daqiqa o‘qiladi

Yangi istiqbollarga xususiy oliygohlarni tashkil etish bilan erishamiz - Prezident maslahatchisi

​O‘zbekistonda ta'lim sohasida ochilmagan, yangi istiqbollarga oliygohlarni tashkil etish orqali etishish mumkin. Masalan, Akfa universitet xususiy mulk asosida ochilishi kutilayotgan ilk universitetlardan biri bo‘ladi va biz bunday o‘zgarishlarga ijobiy qaraymiz, deydi Prezident maslahatchisi Abdujabbor Abduvohitov.

17 oktabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti binosida tashkil etilgan matbuot anjumanida «O‘zbekiston-Rossiya ta'lim forumi» tashkilotchilari kutilayotgan natijalar va rejadagi ishlar haqida ma'lumot berib, jurnalistlarning savollariga javob berishdi. 

Prezident maslahatchisi Abdujabbor Abduvohitov / Foto: KUN.UZ

Prezident maslahatchisi Abdujabbor Abduvohitov mamlakatdagi ta'lim islohoti allaqachon boshlanganiga urg‘u berib, bu yo‘nalishda xususiy mulk asosida tashkil etiladigan universitetlar faqat yaxshi natijalarga undashini ta'kidladi. 

«Gap shundaki, ana shu xususiy oliygohlar bir narsa unutmasligi lozim: ta'lim sifati va qabul qilingan standartlarga muvofiq kadrlar tayyorlash shart. Diplom sotish, yengil-yelpi o‘qishni tashkil etish o‘tmaydi. Xususiy mulk asosida tashkil etilgan universitet yana boshqa shaklda faoliyat yuritishi mumkin, masalan, nomdor xorijiy oliygohning O‘zbekistonda filialini tashkil etish va shu orqali xususiy oliygohga asos solish mumkin», deydi maslahatchi. 

2017 yilda o‘qish istagini bildirgan abituriyentlarning faqat 9 foizi talaba bo‘lish baxtiga erishgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2018 yilda keskin oshdi. Ma'lum qilinishicha, 100 mingdan ortiq yosh bu yil talaba bo‘ldi, shuningdek, ta'limning turli shakllari joriy etildi. Bundan tashqari yoshlarni oliy ta'limga qamrab olish ko‘rsatkichini yaxshilash uchun oliygohlarning filiallari tashkil etilmoqda. 

«Biroq, maqsad - barchani birdan oliygoh ta'limiga qamrab olish emas, balki O‘zbekiston rivoji uchun zarur kadr va mutaxassislarni tayyorlash. Amalda tarmoqlarga ish izlab borgan OTM bitiruvchilarining barchasi ishni birdek eplab ketolmayapti. Demak, sifat va son mutanosib o‘sib borishiga ham e'tibor qaratamiz», deydi u. 

Abduvohitovning aytishicha, oliygohlarning o‘qitish metodologiyasida texnologiyalardan foydalanish naf bermayapti. Negaki, OTM va ish beruvchining texnologiyasi bir-biridan tubdan farq qiladi, bitiruvchilar ishni birdan boshlay olmasligi ana shu omil bilan ham bog‘liq.

Mavzuga oid