Jahon | 21:51 / 30.10.2018
10960
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonda cobiq ittifoq vaqtidagi harbiy unvonlarni milliylari bilan almashtirishmoqchi

Foto: Sputnik / Iskandar Aminov

Tojikistonda cobiq ittifoq vaqtidan qolgan harbiy unvonlar nomlanishi tojikcha muqobillariga o‘zgartirilishi mumkin. Bu haqda Tojikiston hukumati huzuridagi til va atamashunoslik qo‘mitasi bo‘limi boshlig‘i Abdurahim Zulfoniyonga iqtibos keltirgan holda ma'lum qilindi.      

Shu munosabat bilan Tojikistonda harbiylar, olimlar va tarixchilardan iborat maxsus ishchi guruh tashkil etilgan. Guruh joriy harbiy unvonlar o‘rniga yangilarini izlash bilan shug‘ullanadi. Kelgusida ham harbiy atamalar va bo‘linmalar nomlanishi tojik tiliga tarjima qilinadi.   

“Mutaxassislar harbiy unvonlarning tojikcha nomlarini taklif qilishdi: yefreytor – radabon, kichik serjant — dastavar, serjant — dastayor, katta serjant — dastabon, starshina — sardasta, kapitan — sadavar, podpolkovnik — lashkaryor, polkovnik — sarlashkar”, deb aytgan mutaxassis.

Mutaxassislar bunda ahamoniylar, sosoniylar va somoniylar vaqtidagi qadimiy qo‘lyozmalarga tayanishgan.

Bundan tashqari, oliy zobitlar tarkibi unvonlari: general-mayor, general-leytenant va general-polkovnikni tojikchaga qanday tarjima qilinishini hal qilish kerak bo‘ladi.

Mavzuga oid