O‘zbekiston | 09:42 / 22.12.2018
4831
5 daqiqa o‘qiladi

Havo kemalari ekspluatantlariga bir martalik parvozlarni bajarish uchun ruxsatnomalar berish tartibi qanday? 

Foto: Benoit Tessier /Reuters

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Havo kemalari ekspluatantlariga bir martalik parvozlarni bajarish uchun ruxsatnomalar berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Nizomga ko‘ra, fuqaro havo kemalariga taalluqli bo‘lmagan xorijiy davlatlar havo kemalariga bir martalik parvozlarni bajarish uchun so‘rovnoma taqdim qilish va ruxsatnomalar berish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi aerodromlariga bir martalik (yakka) parvozlarni bajarish uchun so‘rovnomalar xorijiy davlatlar fuqaro aviatsiyasi havo kemalari ekspluatantlari  tomonidan “Davavianazorat” inspeksiyasiga bir martalik (yakka) parvoz bajarishdan 3 kalendar kun oldin taqdim qilinadi.

Arizachi ruxsatnoma olish uchun “Davavianazorat” inspeksiyasiga so‘rovnomani ingliz va rus tillarida zarur ma'lumotlar bilan O‘zbekiston Respublikasi Aeronavigatsiyasi ma'lumotlari to‘plamida e'lon qilingan manzillarga mavjud aloqa kanallari (internet, pochta, telefon va boshqa elektr aloqa vositalari) orqali kecha-kunduz tartibida taqdim qiladi.
 
“Davavianazorat” inspeksiyasi so‘rovnoma kelib tushgan sanadan boshlab uch ish kunidan oshmaydigan muddatda so‘rovnomani ko‘rib chiqadi, ruxsatnoma beradi yoki rad qiladi.      

“Davavianazorat” inspeksiyasi aeroport ishlab chiqarish-dispetcherlik xizmati (AIChDX) bilan havo kemasini fuqaro aviatsiyasi aerodromiga qabul qilish mumkin bo‘lgan vaqtini kelishadi.

Agar arizachi ruxsat berilgan sanadan boshlab 72 soat davomida parvozni bajarishga kirishmagan bo‘lsa berilgan ruxsatning amal qilish muddati tugaydi (shoshilinch hollar bundan mustasno).

Quyidagi hollarda arizachiga ruxsat berish rad qilinishi mumkin:
        
a) talab qilingan ma'lumotlar to‘liq hajmda taqdim qilinmasa;
b) taqdim qilingan ma'lumotlarda noto‘g‘ri yoki buzib ko‘rsatilgan ma'lumotlar mavjud bo‘lsa;
v) SHFYaBTO va aeroportning havo kemasini qabul qilish imkonsizligi haqida asoslangan salbiy xulosasi bo‘lsa.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda.

Xorijiy davlatlar fuqaro aviatsiyasi havo kemalari ekspluatantlari  tomonidan O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi aerodromlariga bir martalik (yakka) parvozlarni bajarishga ruxsatnoma olish uchun “Davavianazorat” inspeksiyasiga taqdim qilinadigan ma'lumot:
 
1) Havo kemasi ekspluatantining nomi va Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining (XFAT) tasnifi bo‘yicha uch harfli belgisi.

2) Havo kemasi haqida ma'lumotlar:

a) XFATning tasnifi bo‘yicha havo kemasining turi;
b) havo kemasining taniqlik belgisi (qatnov raqami va shartli belgisi) ;
v) havo kemasining ro‘yxatga olingan raqami;
g) havo kemasining uchish-qo‘nish og‘irligi (vazni);
d) navigatsiya va aloqa uskunalarining turi;
ye) havo kemasi ekspluatanti va uning yuridik manzili.

3) Ekipaj haqida ma'lumotlar:

a) havo kemasining kapitani;
b) ekipaj a'zolarining soni (ularning fuqaroliklari ko‘rsatilgan holda).

4) Rejalashtirilayotgan parvoz haqida ma'lumotlar:

a) parvoz maqsadi;
b) Uchish va qo‘nish punkti (XFAT kodlarida), nuqtalari (punktlari) va O‘zbekiston Respublikasi samoviy hududiga/dan kirish va chiqish hisoblash vaqti ko‘rsatilgan, har tomonlama (universal) muvofiqlashtirilgan (o‘zaro koordinatsiyalangan) vaqtdagi (HMV) parvoz jadvali va bajarish sanasi;
v) O‘zbekiston Respublikasi samoviy hududidagi parvozning yo‘nalishi va balandligi;
g) yo‘lovchilar (soni, ro‘yxati, maqomi, fuqaroligi);
d) tashilayotgan yukning ro‘yxati va tavsifi (xususiyati);
ye) havo kemasining ijarachisi va uning manzili;
j) O‘zbekiston Respublikasi hududida kutib oluvchi tomon (rekvizitlari);
z) yuk jo‘natuvchi/yuk oluvchi (rekvizitlari);
i) bortda qurol va o‘q-dorilar mavjudligi.

5) O‘zbekiston Respublikasi samoviy hududida aeronavigatsiya xizmatlari uchun to‘lov turi, bank rekvizitlari, telefon va faks ko‘rsatilgan to‘lovchining manzili.
 
6) Bortida xavfli yuk bilan parvoz bajariladigan holda, arizachi “Davavianazorat” inspeksiyasiga ekspluatantning havoda Birlashgan Millatlar Tashkilotining ro‘yxati bo‘yicha raqami ko‘rsatilgan xavfli yuklarni tashish bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshirish huquqini beruvchi sertifikatini qo‘shimcha tarzda taqdim qiladi.

Mavzuga oid