Yoshlar jinoyatchiligi o‘tgan yilga nisbatan 48,8 foizga kamaydi
Tilni nojo‘ya ishlatish halokatga, qo‘lni nojo‘ya ishlatish esa jinoyatga yo‘liqtiradi. Biz uchun hayot-mamot masalasi sanalgan bola tarbiyasida sergaklik, oqillik va odilonalik muhim o‘rin tutadi. Bir qarashda mayda-chuydadek ko‘ringan kichik kamchiliklar vaqti kelib katta muammolarni keltirib chiqarishi turgan gap. Tarbiya bilan bog‘liq har qanday muammoning tubida loqaydlik, befarqlik va mas'uliyatsizlik yotadi. Ota-onalar vaqt bemahal bekorchilikdan ko‘cha-ko‘yda maqsadsiz yurgan farzandi bilan qiziqmasa, unga mehr bermasa, e'tibor qaratmasa, bunday yoshlarning taqdiri ne kechadi? Axir farzand tarbiyaning asosini ota-onasidan oladi-ku! “Uning uydan chiqib ketayotganini ota-onasi ko‘rmadimikan?!” degan savol tug‘iladi beixtiyor.
Kun sari kengayib borayotgan internet-kafelarda o‘smir yoshlarning nima bilan mashg‘ulligi nafaqat ota-onani, balki butun jamiyatni sergaklantirishi lozim. Chunki, ularning o‘ynayotgan o‘yinlari vahshiylik, shafqatsizlik va jangarilikni targ‘ib qilmoqda. Tungi klublarda ham navqiron yigit-qizlarimizning telbanamo raqslari, giyohvandlik, ichkilik ta'siridagi o‘zaro bahs hamda tortishuvlari turli jinoyat va huquqbuzarliklarni keltirib chiqarmoqda.
Yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarni kamaytirish, voyaga yetmaganlar orasida ma'muriy va mayda bezoriliklarni barvaqt oldini olish, harbiy xizmatdan qaytgan yoshlarning bandligini ta'minlash maqsadida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan har oyning oxirgi 10 kunligida hududlarda “Barchasi o‘z qo‘lingda” shiori ostida targ‘ibot dekadasi o‘tkazilmoqda. Mazkur dekadaga Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya mas'ul xodimlari, tuman (shahar)lardan shakllantirilgan 1 750 nafar targ‘ibotchi yoshlar hamda 7 600 nafar ko‘ngilli yoshlardan iborat “Fidokor yoshlar” patrul guruhlari ishtirokida 197 marotaba tungi reyd o‘tkazildi. 87 ta ta'lim muassasasida “O‘quvchi”, “Tig‘” profilaktik tadbirlari tashkil etilib, 780 nafar voyaga yetmagan va ularning ota-onalari bilan tushuntirish ishlari olib borildi. 120 nafar yosh ta'limga qaytarilib, 34 nafar farzandlarining ta'lim olishiga to‘sqinlik qilgan ota-onalarga ma'muriy bayonnomalar tuzildi.
Targ‘ibot dekadasi doirasida tarbiyasi og‘ir va jinoyat sodir etishga moyil bo‘lgan 93 nafarga yaqin yoshlar bilan yakka tartibda suhbatlar uyushtirilib, ular tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Mahallalardagi 530 nafar jinoyat sodir etishga moyil bo‘lgan va tarbiyasi og‘ir yoshlar ishtirokida joylarda 156 marotaba “street sport”, “workout” sport musobaqalari o‘tkazildi, hududlardagi 92 ta harbiy qismlarda harbiy askarlar bilan uchrashuvlari tashkil etildi.
Shuningdek, dekada doirasida yoshlarning huquqiy, siyosiy savodxonligini yuksaltirish maqsadida hududlardagi yoshlar markazlari, ta'lim muassasalari, harbiy qismlar, korxona, tashkilotlardagi 29 ming 710 nafar yoshlarni jalb etgan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 28 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasining mazmun-mohiyati bo‘yicha 603 marta targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida 2019 yilning yanvar oyi holatiga ko‘ra yoshlar jinoyatchiligi 429 marta kuzatilgan bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan 48,8 foizga (2018 yilda 838 ta) kamaygan. Voyaga yetmaganlar tomonidan esa joriy yilning yanvar oyi davomida jami 28 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan 20 foizga kamaygan (2018 yilda 35 ta).
“Mazkur dekada doirasida o‘tkazilayotgan loyihalar yoshlarning, ayniqsa tarbiyasi og‘ir va jinoyat sodir etishga moyilligi bo‘lgan yoshlarga mo‘ljallangan loyihalar bo‘lib, har bir dekada yakuni bo‘yicha olib borilgan ishlarning natijadorligi, samaradorligi tahlil etib borilyapti. Shuningdek, har bir mavsumga qarab, oshgan jinoyatchilikning turlariga qarab dekadalardagi loyihalar o‘zgartirib boriladi. Bu orqali joylarda jinoyatchilikni keskin kamaytirish choralari ko‘riladi”, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bo‘lim mudiri Akmal Alimov.
Bundan tashqari, jazoni ijro etish muassasalaridagi jazo muddatini o‘tayotgan yoshlar bilan ishlash, ularni sog‘lom hayotga yetaklash masalasiga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Xususan, jazoni ijro etish muassasalaridagi jazo muddatini o‘tayotgan yoshlar uchun fan, kasb-hunar va sport to‘garaklarini tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar ittifoqi huzuridagi Respublika yoshlar markazi hamda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi bilan qo‘shma qaror ishlab chiqildi. Natijada jazoni ijro etish muassasalarida 8 yo‘nalishda to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Joriy yilning fevral oyidan boshlab 26 turdagi fan, kasb-hunar, sport va chet tillari bo‘yicha to‘garaklar o‘tishni boshlash hamda shu orqali yil davomida 2 ming nafarga yaqin jazo muddatini o‘tayotgan yoshlarni qamrab olish rejalashtirildi.
Fevral oyining targ‘ibot dekadasi Xorazm viloyatining Bog‘ot, Hazorasp tumanlari va Urganch shahrida boshlandi. Yanvar oyi davomida dekada sabab 22 nafar voyaga yetmagan yosh Ichki ishlar boshqarmasi profilaktik nazoratidan chiqarilgan edi. Bu galgi dekadada yoshlarning tungi vaqtda ko‘ngilochar joylarda bo‘lishini oldini olish, dars vaqtida o‘quvchilarning besabab dars qoldirmasliklari uchun “O‘quvchi”, “Davomat” va “Tig‘” reydlarini o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Vohaning boshqa shahar va tumanlarida ham tungi reydlar davom etadi...
Shahnoza Nurullayeva