O‘zbekiston | 15:38 / 20.02.2019
6461
10 daqiqa o‘qiladi

«Trastbank»: muhim yo‘nalishlardagi salmoqli natijalar

Moliya-bank tizimida olib borilayotgan tub islohotlar tufayli tijorat banklari aholi, ayniqsa, ishbilarmonlarning yaqin hamkori va ko‘makchisiga aylanib ulgurdi. Ularning mablag‘laridan samarali foydalanib, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan hamda bozorlarimiz to‘kinligi, hududlarimiz eksport salohiyatini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shayotgan izlanuvchan, tashabbuskor yurtdoshlarimizning muvaffaqiyatlarini kuzatib, bunga yana bir bor amin bo‘lishimiz mumkin. Albatta, ana shu yutuqlarning barchasi aholining banklarga bo‘lgan ishonchi tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.

«Trastbank» xususiy aksiyadorlik bankining Samarqand filiali ham «Mijoz bank uchun emas, bank mijoz uchun» tamoyiliga katta e'tibor qaratgan moliya muassasalaridan biri sifatida tadbirkorlarga samarali bank xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda.

Bugungi kunda talablarga mos faoliyat yuritishni dasturilamal qilgan filial o‘tgan davr mobaynida mijozlar va hamkorlarning ishonchini qozona oldi. Ushbu jarayonda filial zamonaviy bank texnologiyalari, samarali tavakkalchilik menejmenti tizimi va xususan xizmat ko‘rsatishning yuqori sifat darajasiga asoslangan barqaror biznes faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Bunda avvalambor, davlatimiz rahbarining 2019 yil uchun mo‘ljallangan eng muhim ustuvor vazifalar haqidagi Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasida bank tizimi oldiga qo‘yilgan ustuvor vazifalar mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizda 2019 yil «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» deb e'lon qilindi. Bundan kelib chiqib, banklarda mijozlarga ko‘rsatiladigan barcha turdagi zamonaviy bank xizmatlarini yo‘lga qo‘yish va buning natijasi o‘laroq ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish lozim.

Shularni hisobga olgan holda, bugungi kunda filial tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarga barcha bank operatsiyalarini amalga oshirishlari uchun imkoniyatlar yaratilgan. Jumladan, mijozlar milliy va xorijiy valutada hisob raqamlar ochishi, hisob-kitob va kassa xizmatlaridan foydalanishlari, «Internet-bank» tizimi xizmatidan foydalangan holda masofadan turib hisob-kitob ishlarini yuritishlari yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda bankning Samarqand filiali tomonidan 1400 nafarga yaqin mijozga bank xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda. Ular orasida davlat korxonalari bilan bir qatorda kichik va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari ham ko‘pchilikni tashkil etadi.

Kun.uz saytiga Bankning Axborot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma'lumotga ko‘ra, 2019 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra filial tarkibida 8 ta mini-bank mavjud bo‘lib, mazkur mini-banklar orqali mijozlarga barcha turdagi bank xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Albatta, yurtboshimiz o‘z murojaatnomalarida «Biz faqat investitsiyalarni faol jalb qilish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish hisobidan iqtisodiyotimizni jadal rivojlantirishga erishamiz. Iqtisodiyotdagi ijobiy natijalar esa ijtimoiy sohada to‘planib qolgan muammolarni tizimli hal etish imkonini yaratadi», - deya ta'kidlab o‘tgan edi.

Shuningdek, murojaatnomada banklar tomonidan xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish va ilg‘or axborot texnologiyalari asosida bank tizimini rivojlantirish zarurligi qayd etildi.

Darhaqiqat, ayni paytda bank faoliyatini samarali tashkil etish zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatiga bog‘liqligi hech kimga sir emas. Shu bois, «Trastbank» XABning Samarqand filiali jamoasi ham zamonaviy axborot texnologiyalaridan bevosita foydalangan holda bank xizmatlari sifatini yanada oshirish hamda ularning turini ko‘paytirish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishga alohida e'tibor bilan yondoshmoqda.

Xususan, moliya muassasida «Internet-banking», «SMS-banking» va «Bank mijoz» kabi masofaviy bank xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur «Internet-banking» xizmati mijozga o‘zining bankdagi hisobini dunyoning istalgan yeridan internet tarmog‘i orqali boshqarish imkonini beradi. «SMS-banking» tizimidan foydalanuvchilar esa o‘z hisob varaqlarining holati to‘g‘risida mobil aloqa vositasi orqali doimiy ma'lumotga ega bo‘lishlari mumkin.

- Bugungi kunda mijozlarga sifatli bank xizmatlari ko‘rsatish va aholini banklarga bo‘lgan ishonchini oshirish borasida filialimiz tomonidan turli xildagi xizmatlar ko‘rsatilmoqda, - deydi «Trastbank» xususiy aksiyadorlik bankining Samarqand filiali boshqaruvchisi Alisher Musayev.

Masalan, «Trustpay» mobil ilovasi orqali aholi nafaqat bankka jamg‘arma qo‘yishlari, balki barcha turdagi to‘lovlarini ham amalga oshirishlariga imkoniyat yaratilgan. Ayniqsa, aholiga qulaylik tomoni o‘z mobil aloqa vositalari orqali ushbu ilovadan foydalangan holda xorijiy valutalarni sotib olish va sotish bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirishlari mumkin.

Shuni alohida ta'kidlamoqchimanki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018 yilning 23 martida qabul qilingan “Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida mamlakatimiz iqtisodiyotining barqaror o‘sishini ta'minlashga xizmat qilish, zamonaviy axborot texnologiyalari asosida bank xizmatlari ko‘rsatishni joriy etish, elektron tijoratni yo‘lga qo‘yish hamda elektron to‘lovlar tizimi orqali hisob-kitoblar samaradorligini oshirish, jumladan innovatsion axborot texnologiyalarini keng miqyosda joriy qilish maqsadida filialimiz qator ishlarni amalga oshirmoqda.

Binobarin, mijozlarga ko‘rsatiladigan bank xizmatlari sifatini oshirish tendensiyalaridan kelib chiqqan holda kunning istalgan vaqtida, ya'ni haftaning 7 kuni 24 soat davomida uzluksiz ishlovchi o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi elektron tizimi ham yo‘lga qo‘yilgan. Albatta, ushbu uskunalardan foydalanish oson va qulay bo‘lib, mijoz va kassir o‘rtasidagi an'anaviy muomalaga chek qo‘yishi, o‘ziga xos minibank-ofis vazifasini bajarishi bilan e'tiborga loyiqdir. Mazkur bankomatlardan mijoz nafaqat naqd pul yechib olishda foydalanishi, balki ular orqali tovar va xizmatlar bo‘yicha turli to‘lovlarni amalga oshirish, kommunal to‘lovlar to‘lash hamda so‘m plastik karta yordamida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan barcha turdagi bank xizmatlarini mustaqil bajarish imkoniyatiga ega.

Viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish va ularni bank tomonidan qo‘llab-quvvatlash masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsam, 2018 yil davomida filialimiz tomonidan «Har bir oila - tadbirkor» davlat dasturiga asosan 1 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi. Filial va tumanlardagi mini-banklarimiz tomonidan alohida xodim biriktirilib, uyma-uy yurgan holda har bir oilaning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari, shuningdek ularni barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishlari uchun zarur sharoitlar yaratildi. Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishni istagan va bu jarayonni amalga oshirish davomida tushunmovchiliklar bo‘lgan vaqtlarda filialda tashkil etilgan (66) 237-72-46 raqamli «Ishonch telefoni»ga murojaat qilishlari mumkinligi ham har bir o‘tkaziladigan sayyor yig‘ilishlarimizda ta'kidlanadi. Bundan tashqari, bank faoliyatiga taalluqli masalalar bo‘yicha aholimiz filial qabulxonasidagi (66) 237-80-08 raqamiga hamda shaxsan boshqaruvchining quyidagi (95) 560-99-48  mobil raqamiga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin.

Qisqacha aytganda, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida mamlakatda faoliyat yuritayotgan barcha turdagi moliya muassasalari ham o‘z faoliyatlarida yangi bosqichni boshlamoqda.

«Trastbank» xususiy aksiyadorlik bankining Samarqand filiali ham mamlakatimizda olib borilayotgan o‘sish va o‘zgarishlarga hamohang tarzda o‘z faoliyatini davom ettirishni maqsad qilgan. «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da aholining tadbirkorlik bilan shug‘ullanishiga keng imkoniyatlar yaratish, tadbirkorlarga moliyaviy madad berishning yangi turlarini joriy etish bank filialining bosh maqsadidir.

Ayni maqsadda, filial xodimlari viloyatning tuman va shaharlarida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib bormoqda. Bunda, aholi o‘rtasida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun ajratilayotgan mablag‘lar, ularning turlari va shartlari, bankdan pul mablag‘larini olish hujjatlarining rasmiylashtirish jarayonlari hamda garov ta'minoti to‘g‘risida batafsil ma'lumotlar berilmoqda. Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish istagini bildirgan fuqarolarga namunaviy loyihalar taklif etilib, ularga bankdan pul mablag‘larini olish hujjatlarini rasmiylashtirish yuzasidan tegishli yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatilmoqda.

Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, «Trastbank» xususiy aksiyadorlik banki Samarqand filiali aholi turmush darajasini yaxshilash, istiqbolli loyihalarni ro‘yobga chiqarish, iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, mijozlarning talab va ehtiyojlarini qondirish, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, xususan, ayol tadbirkorlarga va oilaviy tadbirkorlik sub'yektlarga hamda kollej bitiruvchilariga samarali bank xizmatlarini ko‘rsatish yo‘lida faol ish olib borishni rejalashtirgan. Bu esa uning mamlakat moliya bozoridagi mavqeini yanada mustahkamlab, belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid