00:23 / 28.02.2019
5246

Tailand aviakompaniyasi Hindiston-Pokiston mojarosi sababli Yevropaga parvozlarni to‘xtatdi

Foto: Aero Icarus / Thai Airways International

Tailandning Thai Airways International aviakompaniyasi Pokiston-Hindiston mojarosi sababli Pokiston ustidagi havo hududi yopilgani sababli Pokistonga va Yevropaga barcha reyslarini to‘xtatdi. Bu haqda Nation portali xabar berdi. 

Ma'lum qilinishicha, aviakompaniya 27 fevral oqshomda Bangkok-Karachi-Bangkok, Bangkok-Laxor-Bangkok va Bangkok-Islomobod-Bangkok yo‘nalishlari bo‘yicha parvozlarni bekor qilgan.

Bundan tashqari, aviakompaniya Yevropaga Pokiston ustidan o‘tuvchi reyslarni bekor qildi. Shuningdek, Bangkokdan London, Moskva va Frankfurtga parvozlar to‘xtatilgan.   

Ta'kidlanishicha, barcha samolyotlar Bangkokdagi Suvarnabxumi aeroportiga qaytarilgan. Yevropaga 28 fevral ertalabga belgilangan reyslar ham xavfsizlik nuqtai nazaridan bekor qilingan. 

Aviakompaniyada vaziyat ortidan sinchkov kuzatilayotgani va reyslar yo‘nalishlarini o‘zgartirish rejalashtirilayotgani ma'lum qilingan.

27 fevralda Pokiston armiyasi Kashmir bahsli hududida mamlakat havo hududini buzgan ikkita hind harbiy samolyotini urib tushirganini ma'lum qildi. Pokiston tashqi ishlar vazirligining ta'kidlashicha, bundan maqsad “o‘zini mudofaa qilish istagi va bunga tayyorlikni” namoyish qilish bo‘lgan. 

Shu sababli ko‘plab aviakompaniyalar Pokiston havo hududi yopilgani sababli o‘z parvozlari yo‘nalishlarini o‘zgartirishayotgani ma'lum qilindi.   

Top