10:14 / 23.04.2019
18989

Yer egalari yer olib qo‘yilishi haqida necha oy oldin xabardor etilishi shart?

Foto: Depositphotos

Yerni davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish haqidagi qaror qabul qilinganda tuman (shahar) hokimliklari yer egalarini yer olib qo‘yilishidan kamida 6 oy oldin yozma ravishda xabardor qilishi shart. 

Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, tegishli tumanlar (shaharlar) hokimliklari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining yer uchastkasini olib qo‘yish, yer uchastkasida joylashgan uylar, ishlab chiqarish imoratlari va boshqa imoratlarni, inshootlarni buzish va dov-daraxtlarni ko‘chirib tashlash to‘g‘risidagi tegishli qarorlari nusxalarini bildirishnomaga ilova qilgan holda, buzish boshlangungacha 6 oydan kechikmay, imzo qo‘ydirib uylar, ishlab chiqarish imoratlari va boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlar mulkdorlarini qabul qilingan qaror to‘g‘risida yozma ravishda xabardor qilishi shart.

Tumanlar (shaharlar) hokimlari tomonidan yer uchastkasi olib qo‘yilishi va yer uchastkasida joylashgan uylar, ishlab chiqarish imoratlari va boshqa imoratlar, inshootlarni buzish va dov-daraxtlarni ko‘chirish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingandan keyin yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan uylar (kvartiralar), imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlar boshqa shaxslarga berilishi mumkin emas.

Tegishli tumanlar (shaharlar) hokimlarining uylar, ishlab chiqarish imoratlari va boshqa imoratlar, inshootlarni buzish va dov-daraxtlarni ko‘chirish hamda ularning qiymatini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga, shuningdek sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.

O‘zboshimchalik bilan barpo etilgan uylar, ishlab chiqarish imoratlari va boshqa imoratlar va inshootlar qiymati to‘lanmaydi.

Olib qo‘yilayotgan yer uchastkalari korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga ajratib berilgan taqdirda uy-joy qiymatini to‘lash, uylar (kvartiralar) berish va vaqtinchalik turar joy berish, shuningdek yangi joyga ko‘chish bilan bog‘liq barcha xarajatlarni qoplash tegishli tumanlar (shaharlar) hokimlari qaroriga ko‘ra ushbu korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.

Yer uchastkalarini olib qo‘yish kompensatsiyaning quyidagi turlari berilishi sharti bilan amalga oshiriladi:

fuqarolarga uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan kam bo‘lmagan boshqa teng qiymatli obod turar joyni mulk qilib berish va dov-daraxtlar qiymatini to‘lash;

buzilayotgan uylar, boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlar qiymatini fuqarolarga to‘lash, shuningdek, yer uchastkasini olib qo‘yish munosabati bilan mulkdorlarga yetkazilgan zararlarni qoplash;

yer uchastkasini o‘zlashtirish davrida ikki yilgacha muddatga ijara shartnomasi asosida vaqtincha uy-joy berib, buzilayotgan uylar (kvartiralar), imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlarning bozor qiymati to‘liq to‘langan hamda yer uchastkasini olib qo‘yish munosabati bilan mulkdorga yetkazilgan boshqa zararlarni qoplagan holda, fuqarolarga yakka tartibda uy-joy qurish uchun belgilangan norma doirasida yer uchastkasi berish;

davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkasi olib qo‘yilishi oqibatida yuridik shaxslarga avvalgisiga teng qiymatli mol-mulk berish yoki ko‘chmas mulkning bozor qiymatini va yetkazilgan zararlarni qoplash;

yer uchastkasi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi oqibatida yetkazilgan zararlarni to‘laligicha qoplash;

fuqarolarga va yuridik shaxslarga tegishli buzilishi kerak bo‘lgan uylar, imoratlar va inshootlarni ko‘chirish va yangi joyda tiklash, shuningdek, yer uchastkasini olib qo‘yish munosabati bilan mulkdorga yetkazilgan zararlarni qoplash;

yangi joyda uylar, imoratlar qurish hamda ularni fuqarolar va yuridik shaxslarga mulk qilib berish, shuningdek, yer uchastkasini olib qo‘yish munosabati bilan mulkdorga yetkazilgan zararlarni qoplash.

Top