Misr hukumati Christie's auksionidan Tutanxamon byustini sotuvdan olib tashlashni talab qildi, deb xabar berdi "Bi-bi-si".
Mamlakat tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, qariyb uch ming yillik byust 1970-yillarda Misrdagi ibodatxonadan o‘g‘irlab ketilgan bo‘lishi mumkin. Hozirda u xususiy kolleksionerga tegishli ekanligi aytiladi.
Balandligi 28 sm bo‘lgan kvarsitdan tayyorlangan byust 5 mln dollardan ortiqroqqa sotilishi kutilmoqda.
Tutanxamon maqbarasi 1922 yilda britaniyalik arxeologlar tomonidan topilgan. Bu yerga o‘sha vaqtga qadar hech kim qadam bosmaganligi uning dunyoga ovoza bo‘lib ketishiga sabab bo‘lgan.