18:40 / 17.07.2019
23821

Hovuzdagi qurtlayotgan suv: Urgutdagi bir qishloq ahli hattoki kir yuvishga yaroqsiz suvni ichishga majbur bo‘lmoqda

Urgut tumanining «Beshyog‘och» mahallasidagi o‘nlab hovuzlar besh mingdan ziyod aholi yashaydigan qishloq ahli uchun asosiy ichimlik suvi manbai bo‘lib turibdi.

Zarafshon daryosi suvi Darg‘om kanalidan nasos orqali tortib olinib vaqti-vaqti bilan mahalladagi hovuzlarga yetkazib turiladi. Aholining loyqa daryo suvini iste'mol qilishi bizni bir o‘yga solsa, odamlarning ana shu loyqa suvning ham muntazam yetib kelmayotganidan aziyat chekayotganidan ming o‘yga tushasiz. Ko‘pincha, hovuzdagi loyqa suv ham eskirib, qurtlab ketarkan. Bundan ham yomoni, muammo kecha yoki bugun paydo bo‘lgan emas. Aholi yillar davomida ichimlik suv muammosidan aziyat chekib kelmoqda.

Mahalla ahli bugungacha, tuman hokimligi, prokuraturasi, xalq qabulxonasi, «Suvoqova» davlat unitar korxonasi kabi qator idoralarga murojaat qilgan. Ichimlik suv muammosi hal etilmagach, daryo suvining muntazam kelib turishiga yordam so‘rab viloyat suv xo‘jaligi boshqarmasi, «Zarafshon» irrigatsiya tarmoqlari havza boshqarmasi, nasos stansiyalari boshqarmalaridan ham so‘rab ko‘rgan. Afsuski, iste'mol uchun mutlaqo yaroqsiz suvni ham doimiy tarzda yetkazib berish hal etilmay qolavergan.

— 36 yildan beri shu qishloqda yashayman, xonadonlar ham, bolalar bog‘chasi tarbiyalanuvchilari ham, maktab o‘quvchilari ham barchamiz hovuzdan suv ichamiz. — deydi beshyog‘ochlik Mavluda Yoqubova. — Ochiq hovuzlar, har xil narsa bor unda. Suv kamayib ketgach, hovuzdagi suv ham qurtlab ketadi. Yaqinda qishloqda suv inshooti ishga tushib hammamiz xursand bo‘lib qolgandik. Ko‘pga bormay, u ham ishdan chiqdi.

Aholi aytgan, suv inshootini borib ko‘rganimizda rostdanam suv chiqmas ekan. Keyin bilsak, bu inshoot ishlagan vaqtda ham u orqali kuniga faqatgina 15 daqiqa suv berilarkan. Bu vaqt ichida sanoqli odamlargina idishlarini to‘ldirib olish imkoni bo‘lgani uchun suv kelish vaqti chinakam tortishuv maydoniga aylanadi.

— Ayniqsa, so‘nggi o‘n yilda ichimlik suvidan qattiq qiynaldik. Chunki Darg‘om kanalidan qishlog‘imizga suv tortib beradigan nasos har doim ham ishlayvermaydi. Qolaversa, suv quvuri boshqa qishloqlar oralab keladi. O‘sha qishloqlar ahli esa quvurlarni teshib tashlashgan, — deydi yana bir yashovchilardan biri.

Xonadonlarda bo‘lganimizda aholi suv saqlaydigan idishlarni ko‘rsatarkan, ular tubida to‘plangan qum va boshqa cho‘kindilarga guvoh bo‘ldik. Ayollar suv tarkibida qum ko‘p bo‘lgani uchun kir yuvib bolalariga biror marta mutlaqo toza kiyim tayyorlab berolmasligini ma'lum qildi. Hattoki kiyim yuvishga yaroqsiz bu suvni ular yillar davomida ichib (!) kelishmoqda.

Xizmat taqozosi bilan ichimlik suv muammo bo‘lgan qator hududlarda bo‘lamiz. Farqi shuki, boshqa hududlarda kunda-ikki kunda, boringki, haftada bir marta maxsus texnikalarda aholiga suv yetkaziladi. Misol uchun, Samarqand viloyatining o‘zida, Narpay tumanida bunga guvoh bo‘lganmiz. Ammo Urgutning Beshyog‘ochida aholi loyqa, sasigan va qurtlagan suv ichishiga mutasaddilarning hech narsa qilmasdan «chidab» kelayotganiga ham qoyil qolish kerak. Hech qursa bitta texnika shu maqsadda ajratilmaganini biz boshqacha tushunolmadik.

Darvoqe, tuman davlat sanitariya epidemiologiya markazi hartugul tegishli tashkilotlarga xat chiqargan ekan. Jumladan, markaz rahbari D.Xudoynazarov tuman «Suvoqova»ga murojaat qilib «Beshyog‘och» mahallasidagi suv inshooti ishlamayotgani, uning ta'mirlanguniga qadar maxsus texnikalarda aholiga suv yetkazib berish lozimligini ma'lum qilgan.

Tuman «Suvoqova» korxonasi esa javob xatida maxsus texnika yo‘qligi, suv inshooti kuygani va joriy yilning 3-choragida inshoot qurilish ishlari boshlanishi haqda ma'lum qilgan.

Shu kuni Samarqand viloyat «Suvoqova» davlat unitar korxonasi direktori o‘rinbosari Ravshan Ahmedov bilan Urgut tumanining o‘zida suhbat uyushtirdik. R.Ahmedov Vazirlar Mahkamasining joriy yil 4 iyunda imzolangan yig‘ilish bayoni matni bilan bizni tanishtirib, Urgut tumanida 7 ta ichimlik suvi inshooti qurilishi uchun 3 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilganini ma'lum qildi. Jumladan, tuman hokimligi taklifi bilan «Beshyog‘och» mahallasida suv inshooti qurish va tarmoq tortish uchun 485 million so‘m mablag‘ ajratilgan ekan.

Qisqasi, tuman va viloyat mutasaddilari jami 25 kun ichida Beshyog‘ochda suv inshooti ishga tushishini ma'lum qilishdi. Aholi yana 25 kun iste'molga yaroqsiz suvni ichishga majbur. Ammo shu muddat ichida va'da bajarilishidan juda juda umidvor.

Anvar MUSTAFOQULOV,

Kun.uz muxbiri.

TAHRIRIYaTDAN: Ko‘plab viloyatlar, jumladan, Samarqandda aholining tomorqa imkoniyatlaridan samarali foydalanish borasidagi o‘tkazilayotgan turli yig‘ilishlar va tadbirlardan xabarimiz bor. Shuni ma'lum qilamizki, «Beshyog‘och» mahallasi ahli tomorqadan umuman foydalanmas, hovlisida biror-bir turdagi mahsulot yetishtirmas ekan. Yo‘q, bu ularning ishyoqmasligi, dangasa va boqimandaligidan emas, shunchaki ekin uchun ham suv kerak. Ta'bir joiz bo‘lsa, beshyog‘ochliklar sug‘orish uchun beriladigan suvni ichib qo‘ymoqda. Oqibatda esa oddiy sabzavotlarni ham bozordan sotib olishmoqda. Fikrimizcha, mutasaddilar ushbu muammoni ham atroflicha o‘rganib chiqishlari zarur.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top