17:35 / 31.07.2019
68406

Foto: Andijonda jarrohlik amaliyotidan chiqqan abituriyent test sinovlarini topshirishga keldi

Ayni paytda yurtimizdagi barcha viloyatlarda OTMlarga kirish imtihonlari bo‘lib o‘tmoqda.

Bugun, 31 iyul kuni Andijon davlat universiteti chet tillar fakultetida ikkinchi smena imtihonlariga kuni kecha jarrohlik operatsiyasini o‘tkazgan bemor abituriyent Dilnozaxon Abbasova tez yordam mashinasida keltirilgan.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, 1990 yilda tug‘ilgan ushbu abituriyent 10 yildan buyon kirish imtihonlari uchun hujjat topshirib keladi va bu safar ham jarrohlik amaliyotini boshdan kechirishiga qaramay, imtihonga yetib kelgan.

Andijon davlat universiteti chet tillar fakulteti sport zalida mas'ullar tomonidan bemor abituriyentga imtihon topshirishi uchun bor sharoitlar yaratib berilgan. Abituriyent «Boshlang‘ich ta'lim va sport tarbiyaviy ish» yo‘nalishi bo‘yicha imtihon topshirdi. U test savollarini yotgan holatda ishlab, qiyinchiliksiz imtihonlarni yakunlagan.

Ma'lumot uchun, Andijon viloyatidagi test sinovlari olimpiya zaxiralari maktab-internati sport majmuasi hamda Andijon davlat universiteti chet tillar fakulteti sport zalida ikki smenada tashkil qilingan.

ADU chet tillar fakulteti sport zalida bir smenada 600 nafar abituriyentni qabul qilishga mo‘ljallangan bo‘lib, birinchi smenada sinovlar soat 8:00da, ikkinchi smena sinovlari esa soat 15:00da boshlanishi belgilab qo‘yilgan.

Top