Jahon | 22:29 / 19.08.2019
25152
2 daqiqa o‘qiladi

Putin namoyishlar vaqtidagi tartibsizliklarda aybdor bo‘lganlarni jazolashga chaqirdi

Foto: REUTERS / Gerard Julien/Pool

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskvadagi norozilik namoyishlariga birinchi marta izoh berdi. U Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron bilan uchrashuv oldidan jurnalistlar bilan suhbatda rossiyaliklarning osoyishta namoyishlar o‘tkazishga huquqi borligini tasdiqlagan, biroq to‘qnashuvlar uchun kuch tuzilmalari xodimlari va namoyishchilarni tanqid qilgan.

Putin Moskva shahar dumasiga avvalgi saylovlarda qoidabuzarliklar sababli ovoz berishgacha 100 dan ko‘proq nomzod qo‘yilmagani, hozir esa bundaylar soni kamroq – 57 nafar ekanligini ta'kidlab o‘tgan. Asosan ular imzolarning qalbakilashtirilishi sababli saylovlarga qo‘yilmagan. 

“Fikrimcha, fuqarolar osoyishta, qonunga to‘g‘ri keluvchi norozilik namoyishlarini o‘tkazishga haqli, hokimiyat esa ularning bu huquqlari amalga oshirilishini ta'minlashi kerak. Biroq hech kim – na hokimiyat, na qandaydir guruhlar qonunni buzishga va vaziyatni bema'nilikka yoki hokimiyat bilan to‘qnashuvlarga olib kelishga haqli emas. Bu qonunbuzarlikdir, unda aybdor bo‘lganlar esa javobgarlikka tortilishi kerak”, deb aytgan Putin.

Uning ta'kidlashicha, Rossiya Moskvada Fransiyadagi “sariq jiletlar” namoyishlari kabi vaziyat yuzaga kelishini istamaydi. 

Moskvadagi norozilik namoyishlari Moskva shahar dumasiga mustaqil nomzodlar ro‘yxatga olinishi rad etilgandan keyin boshlangan. Bunga imzolardagi xatolarning ko‘pligi sabab bo‘lgan. Muxolif nomzodlar bu qadamni asossiz deb atashgan.

Bunday namoyishlardan 10 avgustda Saxarov nomidagi shohko‘chada o‘tgan oxirgisida 60 mingga yaqin odam ishtirok etgan.

Mavzuga oid