Iqtisodiyot | 17:50 / 20.12.2019
17246
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yil yakuni bo‘yicha kutilayotgan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar e'lon qilindi 

Foto: Shutterstock

Moliya vazirligi 2019 yil oxiriga kutilayotgan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarini e'lon qildi. Tegishli ma'lumot vazirlik saytida joylashtirilgan.

2019 yil yakunlari bo‘yicha dastlabki baholarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi yalpi ichki mahsuloti 5,5 foizga o‘sib (2018 yilda 5,1 foiz), 524,0 trln. so‘mni (58,3 mlrd. dollarni) tashkil etishi kutilmoqda.

Iqtisodiy o‘sishga asosan ichki omillar, xususan, yalpi ichki talabning ortishi ta'sir ko‘rsatmoqda.

2019 yilda yalpi ichki talabning ortishini quyidagi omillar bilan izohlash mumkinligi aytiladi:

a) Iqtisodiyotga kapital qo‘yilmalar hajmi 28,6 foizga o‘sishi kutilmoqda, jumladan:

- markazlashgan davlat investitsiyalari 52,3 trln. so‘mni tashkil etib (Davlat budjeti, O‘zbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, Hukumat va uning kafolati ostida jalb qilingan kreditlar) 2018 yilga nisbatan 23 foizga o‘sishi kutilmoqda;

- to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimi sezilarli o‘sib, 2,0-2,5 mlrd. AQSh dollariga etishi kutilmoqda;

b) Ekspansion fiskal siyosat olib borilmoqda va natijada konsolidatsiyalashgan budjet defitsiti (davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari bilan birgalikda) yalpi ichki mahsulotga nisbatan 1,3 foizni (2018 yilda 0,5 foiz profitsit) tashkil etishi kutilmoqda;

v) Uy-xo‘jaliklari real daromadlarining o‘sishi kutilmoqda (2019 yilda 8 foiz) va bunga quyidagi omillar sabab bo‘lmoqda:

davlat sektorida ish haqining sezilarli darajada oshishi;

jismoniy shaxslar daromad solig‘i stavkasining 12 foizga keskin pasaytirilishi;

iqtisodiyotdagi umumiy ish haqi darajasining o‘sishi.

g) Iqtisodiyotga kreditlar hajmining 44 foizga o‘sishi kutilmoqda (2018 yilda 50,2 foizga o‘sgan).

Shu bilan birga, ayrim yirik savdo hamkor-mamlakatlarda iqtisodiy o‘sish sur'atlarining sekinlashuvi hamda ba'zi eksport xom-ashyo tovarlari jahon narxlarining pasayishi natijasida tashqi bozor dinamikasining nisbatan pastligining saqlanishi kutilmoqda.

Yalpi ichki taklif tarafdan, iqtisodiy o‘sish omillari bo‘lib qurilish (yillik o‘sish sur'ati 11,8 foiz), sanoat ishlab chiqarishi (6,4 foiz), xizmatlar (6,1 foiz) hamda qishloq xo‘jaligi, o‘rmonchilik va baliqchilik sohalari (3,0 foiz) bo‘lishi kutilmoqda.

2019 yilda inflatsiya darajasi 15,5 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda (2018 yilda 14,3 foiz). Shuningdek, inflatsiyani jilovlash maqsadida 2020 yildan boshlab kreditlar hajmining YaIMning nominal o‘sishidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda o‘sishini ta'minlash choralari ko‘rilmoqda.

Joriy hisob operatsiyalari manfiy saldosi 6,5-7,0 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda (2018 yilda 7,0 foiz).

Tashqi savdo aylanmasi hajmi 41,5 mlrd. dollarni (o‘sish sur'ati 24,1 foiz – 2018 yilda 33,4 mlrd. doll.), jumladan, eksport – 18,0 mlrd. dollarni (Q28,7 foiz), import – 23,5 mlrd. dollarni (Q20,9 foiz) tashkil etadi.

Oltin-valuta zaxiralari 27,7 mlrd. AQSh dollariga yetishi kutilmoqda (2018 yil yakunida 26,4 mlrd. AQSh dollarni tashkil etgan).

Davlat tashqi qarzi 15 mlrd. AQSh dollarini yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 25,8 foizni tashkil etishi kutilmoqda (2018 yilda 9,9 mlrd. AQSh dollarini yoki YaIMga nisbatan 19,6 foizni tashkil etgan).

Shuningdek, 2020 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasining «2020 yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risida»gi Qonuni doirasida Hukumat nomidan va uning kafolati ostida imzolanadigan tashqi qarz bitimlarini 4 mlrd. AQSh dollari qiymatida cheklash nazarda tutilgan.

Mavzuga oid