O‘zbekiston | 10:42 / 04.01.2020
24818
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik eksportchi meva-sabzavot yetishtirishdagi muammolarni sanab o‘tdi

O‘zbekiston bargak (danaksiz turshak) yetishtirish bo‘yicha dunyoda ikkinchi, o‘rik va kishmish yetishtirish bo‘yicha to‘rtinchi, qora olxo‘ri va gilos yetishtirish bo‘yicha beshinchi, olxo‘ri va shaftoli yetishtirish bo‘yicha yettinchi va to‘qqizinchi, uzum yetishtirish bo‘yicha o‘n yettinchi o‘rinda turadi. Bu haqda deya Caravan Gardens kompaniyasi bosh direktori Jamshid Abdullayev bugun Toshkentda boshlangan «Umid 2.020» xalqaro konferensiyasidagi chiqishida aytib o‘tdi.

Vestminster universiteti bitiruvchisi bo‘lgan Jamshid Abdullayevning ta'kidlashicha, eksport sohasidagi to‘siqlarning olib tashlanishi eksport hajmining keskin oshishiga olib kelgan. U buni o‘zi rahbarlik qilayotgan kompaniya misolida ko‘rsatib berdi.

«Men 2019 yilda O‘zbekistondan 3 mln 347 ming dollarlik meva-sabzavotlarni eksport qildim. 2018 yilda bu ko‘rsatkich 2 mln 129 ming, 2017 yilda 863 ming, 2016 yilda 257 ming dollarni tashkil qilgan edi. Konvertatsiyaning erkinlashuvi, eksport cheklovlari, sohadagi yashirin soliqlar va eksport qilinadigan mahsulotlar uchun oldindan to‘lovning bekor qilinishi, eksport qiluvchilarga Markaziy bankdan naqd pul berilib, ularning tomorqa egalaridan mahsulotlarni naqd pulga sotib olishiga imkon berilishi kompaniyamning eksport hajmi keskin oshishiga xizmat qildi.

Birgina davlat tomonidan eksport siyosatining liberallashuvi natijasida kompaniyamning mahsulot aylanmasi shu darajagacha ko‘tarildi. Holbuki, 2016 yildayam shuncha odam ishlardi firmamda, hozir ham shuncha odam ishlaydi», deya Caravan Gardens kompaniyasi bosh direktori Jamshid Abdullayevning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Jamshid Abdullayev

O‘zbekiston meva-sabzavotlarini asosan Rossiya, Xitoy va Birlashgan Arab Amirliklariga eksport qiladigan mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, sohada ijobiy tendensiyalar bilan bir qatorda yechimini kutayotgan masalalar ham talaygina. Jumladan, O‘zbekistonda meva-sabzavot seleksiyasining to‘xtab qolgani, jahon bozorida talabgir bo‘lgan, uzoq muddat saqlanadigan yangi navlar yaratilmayotgani, O‘zbekistonning qaysi hududida qanday mahsulot yetishtirilishi, eksportchilar o‘ziga kerak miqdordagi meva-sabzavotni bitta qo‘ldan qayerdan olishni haligacha bilmasligi, bu borada hududlarda axborot-tahlil markazlarining yo‘qligini ta'kidladi. Shuningdek, u transport-logistika borasida ko‘p yillar qiynab kelgan muammolarga yechim topilgani asnosida hamon mahsulotlarni qadoqlash muammoligicha qolayotganiga urg‘u qaratdi.

«Xitoy gilosni 15 dollardan olishga tayyor. Lekin ularning tasavvuridagi gilos bilan biz biladigan gilosning o‘rtasida katta farq bor. Tavakkal qilib Xitoyga olib borilgan tonnalab gilosning 10 foizigina ularning talabiga javob beradi, qolganini qaytarishadi. Rossiya va BAA bilan ham shunga o‘xshash muammo bor. Mahsulotlarimiz u yerda asosan zararkunandalarni deb chiqitga chiqib ketmoqda. Rossiyada mahsulot tarkibida qandaydir hashorat aniqlansa, butun boshli partiyani yo‘q qilishadi. Shu sababli hozir o‘zimizda ham laboratoriyalar tashkil etildi, eksport uchun mo‘ljallangan mahsulotlarni avval shu yerda tekshiruvdan o‘tkazyapmiz. Bu esa yo‘qotishlarning oldi olinishiga xizmat qilyapti.

Seleksiya masalasi katta muammo. Masalan, Rossiyadan bir xil kattalikdagi bulg‘or qalampiriga katta miqdorda buyurtma bo‘lib qoladi gohida. Afsuski, O‘zbekistonda bunday sifatdagi mahsulotni katta miqdorda topish hozircha imkonsiz. Bu esa mahsulotlar navlarini qayta ko‘rib chiqish, uzoq vaqt saqlanadigan, eksport qilayotganda yo‘lda sifati buzilib qolmaydigan, xorijdagi do‘konlar va savdo markazlari og‘rinmay oladigan mahsulotlarni yetishtirishni yo‘lga qo‘yishimiz kerak», deydi Jamshid Abdullayev.

Mavzuga oid