Jahon | 21:20 / 03.02.2020
10752
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning eng yirik riteylerlaridan biri Xitoydan meva-sabzavot importini to‘xtatdi

Rossiyaning eng yirik riteylerlaridan biri bo‘lgan “Magnit” kompaniyasi yangi koronavirus tarqalishi va logistika murakkablashishi xavfi sababli Xitoydan meva-sabzavot importini to‘xtatdi.

Bu haqda “RIA Novosti” axborot agentligi xabar berdi.

2019 yil natijalariga ko‘ra, Xitoyda yetishtirilgan pomidor, qalampir, mandarin, uzum va pomelo (sitrus meva) “Magnit” aylanmasining 0,9 foizini va meva-sabzavotlar savdosining 3 foizini tashkil qilgan. Kompaniya joriy yil boshidan bu mahsulotlarni boshqa davlatlardan – Marokash, Isroil, Turkiyadan import qilishni boshlagan va Rossiyada yetishtirilgan sabzavotlar xaridini ko‘paytirgan.   

Kompaniyada ta'kidlanishicha, ayni vaqtda mahsulotlar yetkazilishi uzluksiz va kerakli hajmda amalga oshirilmoqda. Ularning fikricha, xarid qilish va logistikadagi o‘zgarishlar meva va sabzavotlar narxiga sezilarli ta'sir qilmaydi.   

“Magnit” Rossiyaning tushum bo‘yicha ikkkinchi va do‘konlari soni bo‘yicha birinchi raqamli riteyleri hisoblanadi. 2019 yil sentyabri oxiriga ko‘ra, tarmoq 20497 ta, jumladan 14507 ta “uy oldidagi do‘kon”ga, 467 ta supermarketga va 5523 ta pardoz-andoz do‘koniga ega bo‘lgan.  

Mavzuga oid