O‘zbekistonda Covid-19 koronavirusi infeksiyasi keng tarqalishining oldini olish va sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta'minlash sharoitida Toshkent shahridagi dehqon bozorlarida oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligi hamda narx-navo sun'iy oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik borasidagi tadbirlar Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan.
Shu maqsadda Bosh prokuraturaning mas'ul xodimlari Toshkent shahridagi 13ta dehqon bozorlari, yirik savdo do‘konlari va dorixonalarga biriktirilgan.
Ular ko‘rsatilgan obektlarda oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ta'minoti hamda narx-navoni o‘rganib, aholiga oziq-ovqat mahsulotlari uzluksiz yetkazib berilishi va narx-navo barqarorligini ta'minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rishmoqda.
Shuningdek, biriktirilgan xodimlar tomonidan bozorlar, savdo do‘konlari va dorixonalarga yetkazib berilayotgan mahsulotlarning sifati va xavfsizligi, savdo qoidalariga rioya etilishi, sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta'minlash bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi ustidan nazorat o‘rnatilgan.