Jahon | 09:18 / 19.05.2020
73560
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh kompaniyasi koronavirusdan vaksina yaratishda muvaffaqiyatga erishganini ma'lum qildi     

Amerikalik olimlar koronavirusdan vaksina yaratishda muvaffaqiyatga erishganlarini ma'lum qilishdi. Ularning ta'kidlashicha, vaksinani yaratish uchun qo‘llanuvchi vosita sinovining 1-bosqichi muvaffaqiyatli o‘tgan. 

Foto: AFP/Getty Images

Gap AQShning Moderna, Inc. biotexnologik kompaniyasining mRNA-1273 vositasi haqida bormoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati ma'lum qildi.

“Moderna koronavirusdan vaksina yaratishga mo‘ljallangan mRNA-1273 tajribaviy vosita sinovlarining 1-bosqichida ijobiy oraliq klinik natijalar olinganini e'lon qildi”, deyilgan xabarda.  

Sinovlar AQShning allergik va yuqumli kasalliklar milliy instituti rahnamoligida o‘tgan.

Tadqiqot turli yoshdagi odamlarning bir necha guruhida o‘tkazilgan. Ularga vositaning 25, 100 va 250 mikrogrammlik dozalari kiritilgan. Bunda hosil bo‘ladigan immunitetning himoyalash darajasi vositaning dozasiga bog‘liqligi aniqlangan.

Vositani birinchi qabul qilgan ishtirokchilar organizmida 43-kunga kelib koronavirusdan sog‘ayib ketganlar organizmida bo‘lgan miqdorda virusga antitanalar hosil bo‘lgani aniqlangan.     

“mRNA-1273 o‘zini xavfsiz va yaxshi o‘zlashtiriladigan vosita sifatida ko‘rsatdi”, deb qo‘shimcha qilingan kompaniyada.

Ta'kidlanishicha, vositaning yagona ikkilamchi ta'siri bir ayolda aniqlangan. Ayolda vosita kiritilgan joy atrofida qizarish kuzatilgan, biroq u hech qanday tibbiy aralashuvsiz tezda yo‘qolib ketgan.

Mavzuga oid