Jahon | 08:55 / 20.05.2020
15313
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp AQShning koronavirusdan vaksina ishlab chiqishdagi muvaffaqiyatlari haqida ma'lum qildi   

AQSh prezidenti Donald Tramp amerikalik mutaxassislar koronavirusga qarshi vaksina, dori vositalari va uni davolash usullarida katta muvaffaqiyatlarga erishayotganlarini ma'lum qildi. 

Foto: Reuters

“Fikrimcha, biz hattoki belgilangan jadvaldan oldindamiz”, deb aytgan Tramp o‘z ma'muriyati a'zolari bilan yig‘ilishda va vaksinalar sinovi “1- va 2-bosqichlarda ekanini” qo‘shimcha qilgan.

Uning aytishicha, vaksina yaratilgandan keyin uni mamlakat bo‘ylab tarqatish bilan harbiylar shug‘ullanadi.

Bundan tashqari, Tramp bezgakka qarshi vosita - gidroksixloroxinning koronavirus oldini olish maqsadida qabul qilinishini himoyalab chiqqan. Bir kun avval AQSh prezidenti koronavirusdan himoyalanish uchun 2 haftadan beri gidroksixloroxin qabul qilayotganini tan olgan. Shundan keyin AQSh kongressi vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Trampni bu qarori uchun tanqid qilgan. Pelosining ta'kidlashicha, Trampning yoshi va vazni hisobga olinsa, ushbu dori vositasini qabul qilishini “dono fikr deb atab bo‘lmaydi”. 

“Bu har kimning shaxsiy ishi, biroq u [gidroksixloroxin] ajoyib nufuzga ega. Agar mening o‘rnimda uni boshqa kimdir qabul qilganda, unda hamma buni aqlli qaror deb atagan bo‘lardi”, deb kinoya qilgan Tramp respublikachi senatorlar bilan uchrashuvdan keyin.        

AQSh prezidenti gidroksixloroxin koronavirusdan qo‘shimcha himoyani ta'minlashini va ushbu dori vositasi haqida uni yoqlab chiquvchi ko‘plab shifokorlarning fikrlarini so‘rashni tavsiya qilgan. Trampning ta'kidlashicha, u dori vositasini qabul qilishidan unda ikkilamchi ta'sirlar kuzatilmayapti, dorining o‘zi esa arzon turadi.

Bir kun avval AQShning Moderna biotexnologik kompaniyasi koronavirusga qarshi vaksinaning odamlarda sinalishi boshlang‘ich bosqichi ijobiy natijalar berganini e'lon qilgandi. Kompaniya iyulda sinovning keyingi bosqichiga o‘tishni rejalashtirmoqda. 

Vaksinani yaratish ustida boshqa yirik kompaniyalar ham ish olib bormoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, ayni vaqtda dunyoda koronavirusdan 100 dan ko‘proq vaksina ustida ishlar olib borilmoqda. Ulardan kamida 8 tasi klinik tadqiqotlar bosqichidan o‘tmoqda. 

Mavzuga oid