O‘zbekiston | 14:13 / 24.06.2020
8228
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Rossiyaning ko‘p funksiyali migratsiya markazi ochilishi kutilyapti

O‘zbekiston va Rossiya investitsiya hamda savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldi.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati

Joriy yilning 23 iyun kuni O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Sardor Umurzoqov Moskva shahriga amaliy tashrifi doirasida Rossiya hukumati raisining o‘rinbosari Aleksey Overchuk, Rossiya sanoat va savdo vaziri Denis Manturov va Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Mixail Reshetnikov bilan bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.

Uchrashuvlar chog‘ida sanoat kooperatsiyasi sohasida ishlab chiqilayotgan loyihalarni aniq tashabbuskorlar va amalga oshirish muddatlarini belgilagan holda tasdiqlashni tezlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. 

Shuningdek, agrosanoat majmui, yengil sanoat, elektrotexnika sohasi, energetika, avtomobilsozlik, neft va gaz tarmog‘i, yog‘ochni qayta ishlash sanoati va qishloq xo‘jaligi sohasidagi yangi loyihaviy takliflarni o‘rganish ishlari davom ettiriladi. Takliflarni sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ga kiritish ham rejalashtirildi.

Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning 21-majlisini o‘tkazish masalalari muhokama qilindi. Bu yo‘nalishda birgalikda ish olib borishdan maqsad asoslangan o‘zaro manfaatli investitsiya va savdo bitimlari to‘plamini shakllantirish va imzolashga tayyorlashdan iborat bo‘ladi.

Shu bilan birga, investitsiya sohasida sheriklik, savdo aylanmasini ko‘paytirish va madaniy-gumanitar hamkorlikni faollashtirishning samarali mexanizmi sifatida mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlashga alohida urg‘u berishga kelishib olindi. Shu nuqtai nazardan, Moskva shahrida bo‘lib o‘tadigan II Mintaqalararo hamkorlik forumi va «Made in Uzbekistan» Milliy mahsulotlar ko‘rgazmasiga birgalikda tayyorgarlik ko‘rish doirasida o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Ikki mamlakat bozorlariga Rossiya va O‘zbekiston mahsulotlarini yetkazib berishni ko‘paytirish orqali o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish maqsadida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga alohida e'tibor qaratildi.

Rossiya tomoni ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralar tomonidan o‘zaro savdo sohasida ijobiy tendensiyalarini mustahkamlash uchun olib borilayotgan faol hamkorlikdagi ishlari yaqin kelajakda savdo hajmini 10 mlrd dollarga yetkazish imkonini berishini ta'kidladi.

Hamkorlikning yirik imkoniyatlari bojxona faoliyatini tartibga solish, bojxona infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, sertifikatlashtirish va metrologiya standartlarini uyg‘unlashtirish sohasida ham qayd etildi. 

Shu bilan birga, O‘zbekistonda sinov va metrologiya laboratoriyalari tizimini modernizatsiyalash bo‘yicha birgalikda amaliy faoliyat olib borish muhokama qilindi hamda O‘zbekistondan Rossiyaga mahsulot yetkazib berish hajmini oshirish uchun respublikada qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini nazorat qilish bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tgan Rossiya laboratoriyalarining bo‘linmalarini ochish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, Rossiya viloyatlari va yirik ish beruvchilari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik qilish orqali Rossiya Federatsiyasida O‘zbekiston fuqarolarining bandligini tashkil etuvchi operator bo‘lib xizmat qiladigan ko‘p funksiyali migratsiya markazini O‘zbekiston hududida ochish tashabbusi muhokama qilindi.

Muzokaralar natijasida O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Rossiya Sanoat va savdo vazirligi hamda Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vazirligi o‘rtasida tizimli hamkorlik olib borishning shakli va tartibi belgilandi. 

Umumiy ustuvor vazifa sifatida yangi investitsiya loyihalari va savdo bitimlari ro‘yxatini maromiga yetkazish, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqish belgilandi, deyiladi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabarida. 

Mavzuga oid