21:24 / 12.08.2020
59911

Shavkat Mirziyoyev: «O‘tgan safar 30 kishilik to‘ylarga ruxsat berganimizda, ko‘p joylarda bu cheklovga amal qilinmagandi»

Prezident aholini to‘y o‘tkazishda belgilangan talablarga rioya etishga chaqirdi.

O‘zbekistonda karantin yumshatilishi asnosida, 15 avgustdan boshlab 30 kishilik to‘ylar o‘tkazilishiga ruxsat beriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 12 avgustdagi videoselektor yig‘ilishida ma'lum qildi.

«Fuqarolarga o‘z uyida 30 kishilik oilaviy tantana, to‘y va boshqa marosimlarni o‘tkazishga ham ruxsat berishimiz lozim.

O‘tgan safar eslaringda bor, 30 kishilik ruxsatdan keyin ko‘p joylarda, ayniqsa Toshkent shahrida – jumladan, boshqa joylarda ham – 70, 100, 150 kishi bo‘lib ketganidan keyin zararlanishning katta xavfi paydo bo‘ldi.

Shuning uchun ushbu to‘y-marosimlar belgilangan tartiblarga amal qilgan holda o‘tkazilishi zarur. Albatta, to‘y qiladigan odam mahalla bilan maslahatlashadi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, 15 avgustdan boshlab avtotransportda kun davomida harakatlanishga, mahalliy aviareyslar va temir yo‘l qatnovlariga ham ruxsat beriladi. Shu kundan boshlab ochiq havoda xizmat ko‘rsatadigan umumiy ovqatlanish obektlari ham ochiladi; sartaroshxonalar, go‘zallik salonlari, mehmonxonalar, muzeylar, bolalar oromgohlari, dala hovlilar ijarasi, canatoriylar faoliyati tiklanadi.

17 avgustdan boshlab esa, jamoat transporti (metropolitendan tashqari) harakati tiklanadi, hududlar o‘rtasida avtotransport qatnovi va shahar atrofidagi avtobuslar qatnovi qayta yo‘lga qo‘yiladi.

20 avgustdan e'tiboran buyum va qurilish mahsulotlari bozorlari, yirik savdo do‘konlari ochiladi, sport zallari, fitnes klub va basseynlar ishlay boshlaydi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top