Jahon | 08:30 / 10.11.2020
40877
6 daqiqa o‘qiladi

Qorabog‘dagi urushni to‘xtatish to‘g‘risida bayonot imzolandi, Yerevanda tartibsizliklar boshlandi

Armaniston, Ozarboyjon va Rossiya rahbarlari Tog‘li Qorabog‘da urush tugaganligini e'lon qilishdi. Yerevan tan olinmagan respublikaning bir qismini, shuningdek, bir nechta tumanlarni Bokuga berishga rozi bo‘ldi. Armaniston poytaxtida norozilik namoyishlari va tartibsizliklar boshlandi.

Foto: AP

Armaniston, Ozarboyjon va Rossiya Tog‘li Qorabog‘da tinchlik o‘rnatish to‘g‘risida bitim imzoladi. Unda Rossiya tinchlikparvar kuchlarini kiritish va Tog‘li Qorabog‘ hududining bir qismi, shu jumladan Shusha shahrini Ozarboyjonga berish ko‘zda tutilgan.

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev tunda xalqqa murojaat qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tinchlikparvar kuchlar nafaqat Rossiyadan, balki Turkiyadan ham bo‘ladi. E'lon qilingan kelishuv matnida Turkiya haqida hech narsa aytilmagan.

Bitimning imzolanishi Armanistonda noroziliklarga sabab bo‘ldi. Tinchlik haqidagi kelishuvga qarshi bo‘lganlar mamlakat hukumat binosini egallab oldi. Armaniston parlamenti spikeri namoyishlar paytida kaltaklandi.

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan to‘g‘ridan to‘g‘ri efirda bundan boshqa iloji yo‘qligini ma'lum qildi. U Yerevandagi tartibsizliklar ishtirokchilarini javobgarlikka tortishga va'da berdi.

Nima sodir bo‘ldi

10 noyabrga o‘tar kechasi Armaniston, Ozarboyjon va Rossiya rahbarlari Tog‘li Qorabog‘da urush tugaganligini e'lon qilishdi. Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalarida tomonlar imzolagan bitimning 9ta bandi matni paydo bo‘ldi. 

Bitim nimani anglatadi 

Kelishuvning birinchi bandida 10 noyabr kuni yarim tundan boshlab Tog‘li Qorabog‘ mojarosi zonasida to‘liq sulh va barcha jangovar harakatlar to‘xtatilishi aytilgan. Ozarboyjon va Armaniston egallab turgan pozitsiyasida to‘xtaydi. 

Ikkinchi va oltinchi bandlarda Kelbajar tumani, Ag‘dam tumani va Ozarboyjonning Gazax tumanida Armaniston tomoni egallab turgan hududlar, shuningdek, Lochin tumani, tegishlicha, 2020 yil 15 noyabr, 20 noyabr va 1 dekabrgacha Ozarboyjonga qaytarilishi kerakligi aytilgan. Armaniston Tog‘li Qorabog‘ bilan aloqani ta'minlaydigan 5 kilometr kenglikdagi Lochin yo‘lagini oladi. Shuningdek, ushbu yo‘lak «Shusha shahriga ta'sir qilmaydi» deb ta'kidlangan. 

Uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi bandlar - Rossiyaning 1960 nafar qurolli tinchlikparvar kuchlari, 90ta zirhli transportyor, 380ta avtomobil va maxsus texnikani o‘zaro aloqa liniyasi bo‘ylab kiritish to‘g‘risida kelishuv. 

Tinchlikparvarlarning qolish muddati keyingi 5 yillik muddatlarga avtomatik uzaytirish bilan 5 yilni tashkil etadi. Tomonlar tegishli muddat tugashidan 6 oy oldin ushbu qoidani qo‘llashni bekor qilish haqida e'lon qilishi ham mumkin. Bundan tashqari, sulh rejimini kuzatish uchun tinchlikni saqlash markazi tashkil etiladi. 

Kelishuv jamoatchilikka e'lon qilingandan so‘ng, Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bu Rossiya-Turkiya qo‘shma tinchlikparvarlik missiyasi bo‘lishini aytdi, ammo bitim matnida Turkiyaning ishtiroki haqida so‘z yuritilmagan.

Yettinchi band qochqinlarga taalluqlidir - ular Tog‘li Qorabog‘ hududiga va unga qo‘shni hududlarga BMTning Qochqinlar ishi bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi nazorati ostida qaytib kelishadi. Sakkizinchi bandda «harbiy asirlar, hibsga olingan boshqa shaxslar va halok bo‘lganlar jasadlari almashinuvi» mavjud. 

To‘qqizinchi bandda «mintaqadagi barcha iqtisodiy va transport aloqalari» yo‘lga qo‘yilishi kerak. Armaniston Ozarboyjon va Naxichevan anklavi o‘rtasida transport aloqalarini ta'minlash majburiyatini oladi. Transport qatnovi ustidan nazoratni Rossiya chegarachilari amalga oshirishi kerak. Bundan tashqari, tomonlarning kelishuviga binoan, Naxichevanni Ozarboyjon g‘arbiy mintaqalari bilan bog‘laydigan yangi transport kommunikatsiyalari qurilishi ta'minlanadi. 

Shu tariqa, Yerevan Ozarboyjonga bir nechta tumanlarni va Tog‘li Qorabog‘ning bir qismi, shu jumladan uning madaniy poytaxti Shusha shahrini berishga rozi bo‘ldi. Qarorni uch kishi qabul qildi: Nikol Pashinyan, Armaniston Bosh shtabi boshlig‘i Onik Gasparyan va Tog‘li Qorabog‘ prezidenti Arayik Arutyunyan.

Yerevan aholisi voqeani qanday qabul qildi

Kelishuv matni ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilinishi bilan bir vaqtda Nikol Pashinyan Facebook’da post qoldirdi. « Men bu qarorni harbiy vaziyatni chuqur tahlil qilib va undan yaxshi xabardor bo‘lgan odamlarning baholashlariga ko‘ra qabul qildim. Shuningdek, qarorim hozir paydo bo‘lgan vaziyatda bu mavjud eng yaxshi yechim ekanligiga asoslangan. Bularning barchasi haqida yaqin kunlarda batafsil gapirib beraman», deb yozgan u. 

Kelishuv matni va Pashinyanning so‘zlari Yerevanda norozilik namoyishlari keltirib chiqardi. Bir necha yuzlab namoyishchilar hukumat binosi yaqinidagi markaziy maydonga yig‘ildi. Mahalliy vaqt bilan tungi soat 2:30lar atrofida bir guruh fuqarolar hukumat binosiga bostirib kirib, majlislar zalini egallab oldi. Taxminan soat 3:30da Nikol Pashinyan Facebook’da jonli efirga chiqdi. U boshqa iloji yo‘qligini va hozircha Ozarboyjon bilan tinchlik bitimi imzolanishiga nima sabab bo‘lganini ochiqlay olmasligini aytdi.

Mavzuga oid