Jahon | 21:04 / 27.02.2021
8317
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonda O‘zbekiston tomonidan qurilgan zamonaviy tibbiyot majmuasi foydalanishga topshirildi

Qayd etilishicha, ushbu majmuada joylashgan koronavirus bemorlarini qabul qilish-taqsimlash markazi Tojikistonda yagona hisoblanadi.

Illyustrativ foto

Tojikistonning Qubodiyon tumanida O‘zbekiston tomonidan 2018 yilda qurilishi boshlangan zamonaviy tibbiyot majmuasi qurib bitkazildi, u bemorlarni qabul qilishga tayyor, deb xabar bermoqda «ASIA-Plus».

Xabarda aytilishicha, O‘zbekiston hukumati Tojikiston iltimosiga ko‘ra majmuada qo‘shimcha ravishda koronavirus bemorlarini qabul qilish-taqsimlash markazini ham qurib bergan.

Majmua qurilishi va uni jihozlash «O‘zbekneftegaz» AJ tomonidan moliyalashtirildi, deb xabar bergan «Aziya-Plyus»ning Tojikiston hukumatidagi manbasi.

Qayd etilishicha, ushbu majmuada joylashgan koronavirus bemorlarini qabul qilish-taqsimlash markazi Tojikistonda yagona hisoblanadi.

«Bu yerdagi jihozlar insonda koronavirus infeksiyasi bor-yo‘qligini qisqa vaqt ichida aniqlash va infeksiya aniqlangan bemorlarni malakali yordam olish uchun zudlik bilan hudud va poytaxtdagi shifoxonalarga jo‘natish imkonini beradi», deyiladi xabarda.

Ta'kidlanishicha, markaz qurilishi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil martda Dushanbega amalga oshirgan tashrifi davomida O‘zbekiston hukumatining ma'qullangan loyihalaridan biri hisoblanadi. 

Bundan tashqari, kelishuvlar doirasida 2020 yil sentyabrda Spitamen tumanida qurilishi O‘zbekiston tomonidan moliyalashtirilgan 630 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan maktab foydalanishga topshirilgan. 

Tojikiston hukumati bunga javoban Samarqandda 640 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan maktab va Farg‘onada bolalar bog‘chasi qurib berishini ma'lum qilgan. 2018 yil martda Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bu borada tegishli farmoyishni imzolagan.

Mavzuga oid