O‘zbekiston | 10:45 / 03.06.2021
16737
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondan Rossiyaga migrantlar oqimi 42 foizga kamaydi - OAV

2021 yilda O‘zbekistondan Rossiyaga migrantlar oqimi 42 foizga kamaydi. Bundan «RANXiGS» va Gaydar instituti mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan iqtisodiy vaziyat monitoringi natijalari darak beryapti, deb yozmoqda «Kommersant'».

Qayd etilishicha, koronavirus pandemiyasi va chegaralarning yopilishi Rossiyadagi chet elliklar sonining sezilarli darajada qisqarishiga olib keldi. Agar 2019 yilda Rossiyada oyga qarab 9,6 milliondan 11,2 milliongacha chet elliklar bo‘lgan bo‘lsa, 2020 yilda ularning soni yanvar oyi oxiridagi 10,3 million kishidan yil oxirida 7,1 million kishigacha kamaydi.

2021 yilda mamlakatga kelganlar sonining pasayishi davom etdi - 1 may holatiga ko‘ra chet el fuqarolari soni 5,66 million kishini tashkil qildi. Avvalgidek, Rossiyaga kelganlarning aksariyati (86 foizi) MDH mamlakatlari fuqarolari, ammo 2020 yilda chet elliklar sonining pasayishi fonida ularning soni 39 foizga kamaydi. 

Ukraina va Moldovadan kelgan fuqarolar soni eng ko‘p kamaydi - mos ravishda 53 foiz va 51 foiz, bundan biroz kamroq - Qirg‘iziston (18 foiz), Armaniston (22 foiz) va Tojikiston (35 foiz) fuqarolari. 

2021 yilda, 2020 yilga nisbatan, YeI mamlakatlaridan bo‘lgan fuqarolar soni uch baravar kamaydi - ularning Rossiyadagi soni 10 yil ichidagi eng past ko‘rsatkichda qayd etildi (226 ming). Tojikistondan oqim 37 foizga, Qozog‘iston va O‘zbekistondan 42 foizga kamaydi. 

2021 yil 1 may holatiga ko‘ra mehnat muhojirlari soni (ular Rossiyaga kirish maqsadini yollanib ishlash sifatida ko‘rsatgan) 2,68 million kishini tashkil etdi. 2020 yil bilan taqqoslaganda mehnat muhojirlari soni uchdan birga (35 foiz) qisqardi. 

Rossiyaga ishga kelganlarning umumiy sonida mamlakatda qonuniy ravishda qolgan mehnat muhojirlari ulushi 75 foizni tashkil etdi. 

Birinchi chorak oxirida mehnat muhojirlari Rossiya mintaqaviy budjetlariga patentlar uchun 8,91 mlrd rubl miqdorida to‘lovlarni to‘ladi (2020 yilning shu davriga nisbatan 20 foizga kam). 

Mavzuga oid