15:34 / 03.08.2021
58576

O‘zbekistonda bir kishi ikki xil vaksina olishi mumkinmi? Mutaxassis javob berdi

Koronavirusga qarshi emlangan shaxsda boshqa vaksina olish fikri paydo bo‘lsa, to‘liq vaksinalangandan 6 oy o‘tgach uni amalga oshirish mumkin.

Foto: Getty Images

Bir necha xil vaksinalar bilan emlanish nojo‘ya ta'sirlarni keltirib chiqarishi mumkin. Bu haqda SSV huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi E'zozbek Rizayev ma'lum qildi.

Mutaxassis barcha vaksinaning ishlash mexanizmi va vazifasi bir xil ekani, virusdan inson hujayrasiga yopishib oladigan oqsil ajratib olinib, bu namuna orqali inson hujayralarida virusga qarshi antitelalarni shakllantirishini aytib o‘tgan.

«Vaksina qayerda ishlab chiqarilgan bo‘lmasin, uning vazifasi organizmda ana shu antitanachalarni paydo qilishdir. Ba'zilar «Birinchi bosqichda o‘zbek-xitoy vaksinasini olgandim, ikkinchi bosqichda Moderna olsam bo‘ladimi», degan savollar bilan murojaat qilmoqda. Agar o‘zbek-xitoy vaksinasida emlash amalga oshirilgan bo‘lsa, bu 3 bosqichda bo‘ladi. Yurtimizga keltirilgan boshqa barcha vaksinalar 2 bosqichda amalga oshiriladi. Bu vaksinalar bilan emlashning har bir bosqichida alohida ilmiy tekshiruvlar o‘tkazilgan. Bosqichlar ketma-ketligi saqlansagina to‘liq emlanish amalga oshirilgan, deb xulosa qilinadi.

Lekin bugun fanda bir vaksinani boshqasi bilan qo‘shib emlash nima oqibatga olib kelishi to‘g‘risida ma'lumot yo‘q.

Shuning uchun o‘zboshimchalik bilan qaror qabul qilishga haqqimiz ham yo‘q. Bir necha xil vaksina bilan emlanish natijasida nojo‘ya ta'sirlar ko‘rinishi xavfi bor. Shu sababli yurtdoshlarimizdan o‘z hayotini xavf ostiga qo‘ymasliklarini so‘rab qolamiz», deydi u.

Mutaxassisning ta'kidlashicha, kimdir boshqa vaksina bilan emlanishni istasa, bir vaksinaning to‘liq dozalarini qabul qilganidan 6 oy o‘tgach, boshqa istagan vaksina bilan bir marta emlanish orqali avval shakllangan antitelalar miqdorini saqlab turishi mumkin.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top