20:12 / 17.08.2021
17174

12+3=55? Toshkent shahar hokimligi o‘z vaqtida 1 mln dollar bo‘lgan mulk uchun tovon pulini to‘lamayapti

Toshkentda tadbirkorning 55 sotix yer maydoni va 2035 kv.m. maydonga ega binosi kompensatsiya va yer maydoni keyinchalik berishga doir og‘zaki va'dalar bilan buzib tashlangan. O‘rniga 15 sotix bo‘sh yerdan bo‘lak hech vaqo berilmagan.

12+3=55. Yuqoridagi arifmetik amaliyot noto‘g‘ri ekanini kichik sinf bolasi ham juda yaxshi biladi. Ammo, ushbu hisob-kitob to‘g‘ri ekanini isbotlashga urinishlar hatto sud amaliyotida ham kuzatilishi mumkin ekan. Navbatdagi shikoyatni o‘rganish davomida shunday xulosaga keldik.

O‘z vaqtida bozor kursida salkam 1 mln dollarlik mulki tortib olingan tadbirkorga kompensatsiya evaziga atigi 15 sotix yer berilmoqda. U 10 yil davomidagi murojaatlari natijasida qo‘lga kiritgani – 15 sotix quruq yer maydoni, xolos.

2 mlrd so‘mdan ortiqroq tovon puli 2021 yil 1 fevraldan beri to‘langani yo‘q.

1994 yildan buyon ishlab chiqarish jamoasi sifatida faoliyat yuritib kelgan va 2001 yilda “Tulpor Savdo Uyi” MChJ sifatida tashkil etilgan firma ta'sischisi Zokirjon Azamatovga ko‘ra, 55 sotix yer maydoni va 2035 kv.m. bino 2011 yilda, Toshkent shahar hokimi qarori bilan hech qanday tovon puli hamda yer maydoni taqdim etilmasdan, og‘zaki va'dalar bilan buzib tashlangan.

“2011 yil 6 aprelda to‘satdan kelishib, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olindi, do‘kon buziladi, deyishdi, lekin hammasi bizga nisbatan “reydercha” usulda bo‘ldi. O‘sha vaqtda hammamiz shokda bo‘lganmiz, tushunib-tushunmaganmiz.

6 aprel kuni 6 ta mashinaga hisob ma'lumotnoma yozib sotyapman, mijozlar pulini to‘lab avtomobil xarid qilyapti, shu vaqtning o‘zida binoning tunuka tomini ko‘chirishyapti. Avval ular bizga joy berishi, kompensatsiya to‘lashi kerak edi. Lekin bularning hech biri bo‘lmadi. Juda katta kuch bilan kelishdi, majburlab buzishdi”, – deya 2011 yilni eslaydi Zokirjon Azamatov.

Uning aytishicha, korxona 55 sotix yer maydonida joylashgan bo‘lib, 2035 kv.m. bino hamda avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchalariga ega bo‘lgan. Shuncha joyning evaziga 3 sotixgina quruq yer maydoni berilgan. 2011 yildan boshlangan shikoyatlardan so‘ng, 2015 yilga kelib yana 12 sotix yer maydoni berish haqida qaror chiqqan. Uni ham 2017 yildagina rasmiylashtirishning imkoni bo‘lgan.

“6 yil deganda 12 sotix quruq yer oldim. Uni olish uchun ham rosa ovora bo‘lganman. Arxitektura boshqarmasi o‘z xulosasini berdi, Qurilish boshqarmasida esa 2 yil umrim o‘tdi”, – deydi Z. Azamatov.

Kompensatsiyaning qolgani qani?

Firma ta'sischisiga ko‘ra, shikoyatlardan ish bitmagach, tuman sudiga murojaat qilingan. Ishni ko‘rib chiqayotgan va mulkni bugungi kun narxida qayta baholash bo‘yicha ajrim chiqargan sudya Hakimova o‘rniga sudya Yodgorov tayinlangach, mahkama jarayonidagi vaziyat, qolaversa, shahar hokimligi yuristining pozitsiyasi ham 180 daraja o‘zgarib ketgan.

Shu bilan, birinchi sud instansiyasida ishni yakunlagan F. Yodgorov da'voni qanoatlantirilmaslik haqida qaror chiqargan.

“Shahar hokimligi yuristi bir xatni ko‘rsatib, biz bu tadbirkor bilan to‘liq hisob-kitob qilganmiz, dedi. Men sudyaga: “O‘rtoq sudya, kimdir 55 ming qarz olib, oradan 7 yillar o‘tgach, 15 ming dollar bergach, “biz raschyotmiz” desa to‘g‘ri bo‘ladimi, deb savol berdim. Axir bizni holatda shunaqa bo‘lyapti. Da'vomiz rad etildi, biz kassatsiya tartibida shahar sudiga murojaat qildik.

Kassatsiya instansiyasi sudyasi yuristdan so‘radi: “55 sotix yerni olgansizlarmi? – Ha, olganmiz. – 15 sotix yer bergansizlarmi? – Ha, 15 sotix berganmiz. Bino bilanmi yoki quruq yermi? – Quruq yer berganmiz. Demak, siz shu bilan hisob-kitobimiz bitgan deyapsiz, shundaymi? – Shunday.

Sudya davlat mulki agentligi xodimiga ham shu kabi savollarni berdi, u ham hisob-kitob qilingan, dedi. Sud'ya bizning foydamizga qaror chiqarib berdi. Ijroga berildi. Ammo, 6 oydirki, ijrodan darak yo‘q, natija yo‘q.

Kollegiya ko‘rishi kerak, davlat mulki boshqarmasi muhokama qilishi kerak, Uchtepa hokimligi xulosa berishi kerak. Gap bunda emas, sud qarori turibdi, uni ijro etish lozim, muhokama emas. Endi ko‘rib chiqamiz, deb bahonaga o‘tib olishdi”, – deydi Azamatov.

Ma'lum bo‘lishicha, 2 mlrd 21 mln so‘m mablag‘ni undirish bo‘yicha ijro varaqasi 2021 yil 1 fevral kuni berilgan. Ammo oradan o‘tgan salkam 7,5 oydirki, sud qarori ijro etilgani yo‘q. Bu orada Toshkent shahar hokimligi shahar iqtisodiy sudi kassatsiya instansiyasi qarori ustidan Oliy sudga 2 marta: 23 iyun va 23 iyulda shikoyat kiritgan va ikkisi ham rad etilgan.

Keling, biroz hujjatlarga ko‘z yugurtiraylik. Tadbirkorning davlat idoralariga yo‘llagan yozma murojaatlariga javoblarni o‘qisangiz, muammoning boshi-oxiri qayerda ekanini bilmay qolasiz. Vaholanki, bitta savol qo‘yilmoqda: tadbirkor mulki davlat va jamoat ehtiyojlari uchun kompensatsiya berilmasdan tortib olingan. Oradan 6 yil o‘tgach, tadbirkorga 3+12, ya'ni 15 sotix yer maydoni berilgan, xolos.

Endi gap buzilgan binolar uchun kompensatsiya va qolgan yer maydoni haqida ketmoqda. Javoblarga ko‘z yugurtirar ekansiz, mutasaddi idoralar savolga aniq javob berish o‘rniga muammoni hal etishni boshqa idoraga yuklash orqali “oz bo‘lsa-da, qulog‘im tinchisin” qabilida munosabatda bo‘layotgandek taassurot uyg‘otadi.

Xususan, Toshkent shahar hokimligi Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi bir safar muammoni Toshkent shahar Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi hal etishini bildirsa, ikkinchi safar masalani tuman hokimligi ko‘rib chiqishini aytadi.

Ta'kidlash o‘rinliki, Savdo sanoat palatasi ham tadbirkor manfaatida sudga murojaat qilishdan avval, taraflar o‘rtasidagi nizolarni sudgacha tinch yo‘l bilan hal qilish maqsadida tomonlarni o‘zaro kelishuv muzokaralariga taklif etgan, biroq Toshkent shahar hokimligi vakili ishtirok etmagan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil ham ushbu masala bo‘yicha Toshkent shahar iqtisodiy sudi kassatsiya instansiyasiga fikrlarini taqdim etgan. Qolaversa, vakil devoni tomonidan Majburiy ijro byurosi direktori X.M. Kabirjanov hamda Toshkent shahar hokimi J. Ortiqxo‘jayevga xulosa berilib, sud qarori ijro etilishi lozimligi uqtirilgan.

Afsuski, hokimlik Oliy sudga vaqti-vaqti bilan shikoyat kiritish orqali sud qarori ijrosini ortga surayotgan ko‘rinadi.

Bu yoqda tadbirkor o‘z mulkidan ayrilgani yetmagandek, haqiqatni tiklash, adolatni o‘z o‘rniga qo‘yish hamda mulki uchun tovon puli va yer maydoni olish ilinjida 10 yildan buyon sarson bo‘lmoqda.

Ming nadomatlar bo‘lsinki, tadbirkor dardini tinglaydigan, tashvishini aritadigan, sud qarori ijrosini ta'minlab bera oladigan mard topilmayapti.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top