Jahon | 18:50 / 06.02.2022
50169
8 daqiqa o‘qiladi

«Rossiya tan olinishini istamoqda» – Putinning favqulodda faollashuvi nima bilan bog‘liq?

Juma kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Pekindagi qishki Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimiga bordi. Rossiya yetakchisi bahonada Xitoy raisi Si Jinping bilan muzokara o‘tkazdi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Rossiya va Xitoy yetakchilari qo‘shma bayonot berishdi. Unda «dunyo arenasida ozchilikni tashkil etadigan ba’zi kuchlar»ga nisbatan keskin fikrlar bor.

Foto: ALEXEI DRUZHININ/TASS

Bu «kichik davlatlar» haqida ochiqchasiga aytilmagan, ammo Rossiya va Xitoy NATOning kengayishiga qarshi ekanini bildirgan. Putin uchun o‘tgan hafta juda faol bo‘ldi. U Yevropa, Osiyo va Lotin Amerikasining ko‘plab yetakchilari bilan muloqot o‘tkazdi.

Bu Ukraina inqirozi atrofidagi diplomatik faollikmi? Putin Rossiyani xalqaro miqyosda yakkalatish imkonsiz ekaniga ishora sifatida shunday qilyaptimi? VVS bu borada g‘arblik va rossiyalik siyosatshunoslar fikri bilan qiziqdi.

«Rossiya bilan hisoblashishlarini istashmoqda»

Oxirgi haftada Putin Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan uch marta telefonda gaplashdi. Ularda Rossiyaning NATOga talablari muhokama qilingan. Putin shuningdek, Italiya bosh vaziri Mario Dragi, Britaniya bosh vaziri Boris Jonson bilan gaplashdi, Kremlda Argentina prezidenti Alberto Fernandes va Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanni qabul qildi.

Germaniya kansleri Olaf Shols va Braziliya prezidenti Jair Bolsonaru Moskvaga tashrif bilan kelishga tayyorlanmoqda. Putin va Erdo‘g‘an o‘rtasida ham uchrashuv o‘tkazilishi mumkin.

Britaniya qirollik mudofaa tadqiqotlari instituti xodimi Samyuel Ramanining fikricha, bu diplomatik faollik Rossiya qo‘shinlarini Ukraina chegarasida to‘plash orqali hal qilishga intilayotgan vazifa chindan mavjud ekanini ko‘rsatmoqda.

«Rossiyaning asosiy maqsadi Ukrainaga bostirib kirish emas. Ular shu orqali G‘arb Rossiyani tan olishini istamoqda. Bu ularga obro‘ keltirishiga ishonishyapti», deydi u. Ekspertning fikricha, Rossiya Ukraina bo‘yicha talablaridan keyin dunyoda diplomatik faollik ko‘zga tashlanayotganidan mamnun.

Vashingtondagi strategik va xalqaro tadqiqotlar markazining «Rossiya va Yevroosiyo» dasturi ilmiy xodimi Jyeffri Mankoffning fikricha, G‘arbga chaqiruv yuborish orqali Rossiya xalqaro maydonda o‘zini yakkalatib bo‘lmasligini isbotlamoqchi: «Rossiyaning asosiy maqsadi xalqaro maydonda o‘z mavqeyini qaytarish. Qisqasi Rossiya bilan hisoblashishlarini istashmoqda».

Mankoffning fikricha, hozirgi harakatlari sabab Rossiyani Yevropada yakkalatib qo‘yishlari mumkin, hatto doim Rossiya bilan yaxshi munosabatda bo‘lishni istaydigan Germaniya ham.

Ammo Samyuel Ramani boshqacha fikrda. Uning aytishicha, AQSh, Britaniya va Yevropadagi ittifoqchilari Rossiyaga qarshi choralar borasida bir fikrga kela olmayotganining o‘zi Kremlning yutug‘i hisoblanadi. U Germaniya Rossiyaga qarshi choralarda energetikaga qarshi sanksiyalarni istisno qilishni so‘raganini misol qilib keltirgan.

«Germaniya Rossiya bilan har qanday sohada tortishishi mumkin: RT telekanali-yu dezinformatsiyadan tortib Ukraina masalasigacha. Ammo AESlarini yopayotgani Germaniyaning borgan sari Rossiya gaziga bog‘liqligini oshiradi», deydi Ramani. Uning fikricha, Yevropa Rossiya o‘rniga boshqa gaz yetkazib beruvchi qidirayotganiga qaramay, yaqin kelajakda ehtiyojini qondira oladigan muqobil davlat topa olmaydi.

Rossiyaning G‘arb bilan munosabatlaridagi dolzarb mavzulardan biri - Rossiya gazini Ukrainani aylangan holda Yevropaga yetkazish uchun qurilgan ammo hali foydalanishga topshirilmay kelayotgan «Shimoliy oqim - 2» gaz quvuri loyihasidir.

O‘tgan hafta Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Rossiya tomonidan gaz kelishi to‘xtasa, AQSh, Qatar va Ozarboyjonga murojaat qilishini aytdi. AQSh Qatarni NATOga a’zo bo‘lmagan asosiy hamkori deb e’lon qilgani ham shu bilan bog‘liq.

Ammo Qatar hukumati hozirdan Rossiya berayotgan miqdorda gaz yetkazib bera olmasligini ma’lum qilgan. Birinchidan, gaz qazib olish hajmi kamaygan. Ikkinchidan, Qatar boshqa davlatlar bilan shartnoma qilgan va «Yevropani qutqarish uchun» amaldagi shartnomalarni bekor qilmoqchi emas.

Ozarboyjon ham bu borada yordam berishga tayyorligini, ammo Rossiya kabi ko‘p gaz qazib olmasligini bildirgan. Ekspertlarning fikricha, Ozarboyjon yaqin bir necha yil davomida Yevropaga gaz yetkazib bera olmaydi.

Ramanining fikricha, Rossiya Ukraina chegarasida qo‘shinlarini saqlab turaverishi mumkin, chunki SWIFT'dan uzish kabi G‘arb tahdid qilayotgan sanksiyalar Rossiya faqat Ukrainaga kirgan taqdirdagina joriy etiladi.

«Rossiya diplomatik yakkalanayotgani yo‘q»

Rossiyalik ekspertlarning hammasi ham Putinning diplomatik faolligi bilan Ukraina atrofidagi holat o‘rtasida bog‘liqlik ko‘rmayapti. Moskvadagi Karnegi tadqiqot markazi eksperti Aleksandr Kabuyevning aytishicha, o‘tgan yili pandemiya sabab ko‘plab uchrashuvlar qoldirilgan va shu sabab Putin ketma-ket muloqotlar o‘tkazmoqda.

«Bu uchrashuvlar vaziyat keskinlashgani uchun yoki «ko‘rib qo‘ying, mening do‘stlarim ko‘p», deyish uchun o‘tkazilgani yo‘q», deya qo‘shimcha qildi ekspert.

«Si Jinping bilan uchrashuv o‘tgan yil tashkillashtirilganiga qaramay, baribir videosammit ko‘rinishida o‘tkazildi. Katta ehtimol bilan pandemiya vaqtida uchrashishni xohlamagan Xitoy raisining xohishi bilan. Putin-ku Hindistonda Modi bilan, Jyenevada Bayden bilan uchrashib keldi, ammo Xitoy yetakchisi mamlakatdan chiqqani yo‘q», deydi Gabuyev.

Bayden bilan Jyenevada o‘tgan yilda o‘tkazilgan uchrashuv Putinning sanoqli xorijiy safarlaridan biri bo‘lgandi.

Kabuyevga ko‘ra, Vashington xohlayotganidek Rossiyani diplomatik jihatdan yakkalatishning imkoni yo‘q va 2014-15 yillarda ham buni uddalay olishmagan. Ayniqsa Yevropa va Amerikadan tashqarida Rossiyani yakkalatish imkonsiz.

«Rossiya bilan ziddiyat AQSh va NATOning ittifoqchilari – Finlandiya, Shvetsiya, Avstraliya, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi davlatlar uchun ahamiyatli bo‘lishi mumkin, lekin AQShga ittifoqchi bo‘lmagan Hindiston kabi davlatlar uchun Rossiyani sharmanda qilish ishlarida qatnashish qiziq emas», deydi ekspert.

Rossiyalik ekspert diplomatik yakkalashning imkoni bo‘lmasa-da, iqtisodiy jihatdan buning imkoni bor deb o‘ylaydi. Uning fikricha, iqtisodiy sanksiyalar Rossiya iqtisodiyotiga ta’sir ko‘rsatadi, mamlakatda biznes yuritish, investitsiya kiritish qiyin bo‘lib qoladi. «Iqtisodiy sanksiyalarning ta’siri sezilardi bo‘ladi, chunki Rossiya bilan savdo aloqalari o‘rnatish qiyin bo‘lib qoladi. Axir butun dunyodagi aksar savdolar dollarda va AQSh moliya tizimi orqali amalga oshiriladi», deydi ekspert.

Moskva davlat xalqaro aloqalar instituti xalqaro tadqiqotlar instituti ilmiy xodimi Andrey Baklitskiyning fikricha, Putinning G‘arb olami vakillari va dunyoning boshqa yetakchilari bilan muloqotlarini aralashtirmaslik kerak: G‘arb yetakchilari bilan muloqotlar soni chindan oshgan va bu Ukraina atrofidagi voqealar bilan bog‘liq.

«G‘arb Rossiya harbiy harakat boshlashidan xavotirda va diplomatiya orqali bunga ishontirishga urinmoqda. Bunday faollik chindan oshdi va ko‘zga tashlanmoqda», deydi Baklitskiy.

Ekspertning fikricha, dunyoning qolgan mamlakatlari bilan munosabatlar oldingi kabi davom etaveradi.

«G‘arbdan boshqa tomonga qarar ekansiz na Yaqin Sharq, na Afrika, na Lotin Amerikasi va na janubi-sharqiy Osiyoda Rossiyaning yakkalanganini ko‘rasiz. Ularning Rossiya bilan hech qanday muammosi yo‘q, Ukraina atrofidagi vaziyatni esa shunchaki kuzatishadi. Bu davlatlarning aksari Rossiya – Ukraina mojarosini o‘z muammosi deb qabul qilmaydi. Ular Rossiya bilan savdo, xavfsizlik masalasida hamkorlik qilishda, qurol-yarog‘ sotib olishda davom etaveradi», deydi ekspert.

Mavzuga oid