11:35 / 11.02.2022
12942

Bir kishi 54 fuqaro nomiga kredit rasmiylashtirib, pullarni o‘zlashtirib yuborgan – IIBB

Bu shaxs bilan birga yana 3 kishi qamoqqa olingan. Bir kishining jinoiy harakatlari ortidan 54 ta ariza kelib tushgan va bu 54 ta jinoyat ishi ochilishiga sabab bo‘lgan.

Foto: AP

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi axborot xizmatidan Kun.uz’ga ma’lum qilinishicha, firibgarlikning turli usullari ko‘payib bormoqda. O‘ziga xos holat bo‘yicha to‘rt kishiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Firibgarlik usuli quyidagicha – hozirgi kunda ko‘p banklar mikroqarzlar beryapti. Toshkent shahrida yashovchi fuqaro turli yo‘llar bilan 54 kishining shaxsga oid ma’lumotlarini qo‘lga kiritgan. Keyin MChJ ochib, ish haqlari bo‘yicha soxta hujjatlar tayyorlagan va bankka kredit olish uchun taqdim qilgan. Bank xodimlari ham bu vaziyatda shunday jinoyat amalga oshirilishiga sharoit yaratib bergan. Jinoyat ishi doirasida bunga yo‘l qo‘ygan 3 nafar mansabdor shaxs ham qo‘lga olindi.

Jabrlanuvchilar turli hududlardan bo‘lgan va ular vaziyatdan mutlaqo bexabar qolgan. Masalan, Surxondaryo viloyatida yashovchi 26 yoshli fuqaro “Yosh tadbirkor” bo‘lish istagida parrandachilikni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘ladi va bankka murojaat qiladi. Shu paytda uning nomiga poytaxtda kredit rasmiylashtirilgan va bu qarz so‘ndirilmayotgani ma’lum bo‘ladi. Holbuki u fuqaro Toshkentga umuman kelmagan.

Bundan oldin, IIBB Toshkentda taksichilarni chuv tushirish bilan bog‘liq firibgarliklar ko‘paygani haqida ogohlantirgandi.

Mavzuga oid
Top