14:39 / 18.02.2022
10975

“Bemor bolamning ko‘ngli ko‘tarilishi uchun o‘ynab beraman” - darddan qaqshayotgan qalblar o‘tinchi

“17 yashar o‘g‘limning ahvoli og‘ir, hozir jonlantirish bo‘limida. Tushkunlikka tushib qolgani uchun kayfiyati ko‘tarilsin deb oldida o‘ynab beraman. Moddiy tomondan juda og‘ir vaziyatdamiz. Turmush o‘rtog‘imning maktabda qorovulchilik qilib oladigan maoshiga qarab qolganmiz”, deydi so‘zlarida g‘am-alam, ko‘zlarida yosh bilan ona.

“Nabiramizning dardini eshitib bobosi infarkt bo‘lib qoldi”

Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanidan kelgan 6 yashar qizaloq kichik jussasida katta dardni ortmoqlagan. To‘ng‘ich farzand, to‘ng‘ich nabira bo‘lib dunyoga kelganida quvonganlar bugun uning xastaligidan cheksiz iztirobda.

“Nevaramda bu kasallik aniqlanishi hammamizni qattiq qayg‘uga solib qo‘ydi. Bobosi shu xabarni eshitib infarkt bo‘lib qoldi. Hozir yura olmaydi, ularni davolatishga sharoitimiz to‘g‘ri kelmayapti. Birinchi navbatda nevaramni davolatishga harakat qilyapmiz.

Har bitta dori yaxshi tomonga o‘zgartirarmikan deb yuziga qarab o‘tiramiz. Shifokorlarimizga rahmat, shunchalik holatga keltirishdi”, deydi buvisi Sanoat Salimova.

Muqaddas Qurbonboyevaga oid ma’lumotlar:

Humo: 9860 0824 3766 6322 onasi Muhayyo Baqoyeva nomida

Bir oyog‘imiz kasalxonada...

Sirdaryolik oilada yolg‘iz boshi bilan ikki o‘g‘ilni tarbiyalab, o‘stirayotgan ona taqdirning yana bir kutilmagan zarbasiga uchradi – kenja o‘g‘li Asilbekka oqqon xastaligi tashxisi qo‘yildi.

“Turmush o‘rtog‘im bizni tashlab ketgan. Mahallada “Temir daftar”da turaman.

Tunlari bilan yig‘lab chiqaman. Bir oyog‘imiz kasalxonada, pulsiz qolgan kunlarimiz juda ko‘p bo‘ladi. Bolam jonlantirish bo‘limlarida ham yotdi. Yolg‘iz onaniki juda qiyin ekan. Ishlay desam bemor bolamga qarashga bir odam kerak, qayerga borishni bilmayman”, deya yig‘laydi onaizor.

Asilbekning onasi Elmira Juzbayevaning aytishicha, oilaning uy-joyi ham yo‘q. Ancha yillardan beri ijarada yashab kelishmoqda.

Asilbek Juzbayevga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 0604 4772 5988 onasi Elmira Juzbayeva nomida

 “Kasallik tufayli turmushi buzilgan opamning iztirobi ming karra ortgan”

Xasta farzand tashvishidagi ota-onalardan farqli ravishda navbatdagi murojaatchi – jigarining salomatligi va hayoti uchun qayg‘urayotgan singil Pokiza Husanboyevaning so‘zlari hech kimni befarq qoldirmaydi.

Uning opasi 27 yoshli Kumush Amanboyeva turmushga chiqqan va bir farzandning onasi.

Xastaligi uchun oilasidan ham ayrilgan ayolning iztirobi ming karra ortgan: “Opamni o‘zimiz davolatishga harakat qildik, ammo bir yildayoq hamma narsamiz tugadi. Hozir hayoti ham yaxshi emas – turmushi bo‘lmadi.

Umrining eng yaxshi davrlarini shu holda o‘tkazayotganidan ich-etini yeyapti. Oilada uch farzand edik: ukam hali juda yosh. Onamiz hayotdan ko‘z yumganlar”, deydi bemorning singlisi.

Kumush Amanovaga oid ma’lumotlar:

Humo: 9860 0824 1874 5756 Kumush Amanova nomida

“Bemor bolamning ko‘ngli ko‘tarilishi uchun o‘ynab beraman”

“17 yashar o‘g‘lim bir yildan beri oqqon bilan kurashadi. Hozir bolajonimning ahvoli juda og‘ir, jonlantirish bo‘limiga tushib qolgan. Tushkunlikka tushib qolgani uchun kayfiyati ko‘tarilsin deb oldida o‘ynab beraman. Uning sog‘ayishiga shu ham ta’sir qilar ekan”, onaning so‘zlaridagi g‘am-alam, ko‘zlaridagi yosh qalbni o‘rtaydi.

Zafarning betobligi oddiy hayot kechiradigan oilani moddiy qiyin ahvolga soldi. Oila boshlig‘i maktabda qorovul bo‘lib ishlaydi, onasi Nasiba opa esa qo‘shnilarning sut-qatiqlarini sotib tirikchilik qilishardi. Ammo hozirda o‘g‘lining parvarishi sabab ona ham, ota ham kasalxona atrofida sarson.

Zafar Mahmudovga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 0604 4343 1672 Zafar Mahmudov nomida

Humo: 9860 0803 0924 6330 onasi Nasiba Qosimova nomida

Xastalik sabab yoshlangan ko‘zlar, og‘riqlardan ezilayotgan qalblar o‘tinchi bizni sergak torttiradi. Atrofimizda bizning madadimizga, daldamizga muhtojlar borligini anglatadi. Ularning nolalari javobsiz qolmasligi tayindir.

Gulmira Toshniyozova tayyorladi.
Tasvirchi – Azimjon Vohidov.

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top