Jahon | 16:38 / 27.02.2022
13351
3 daqiqa o‘qiladi

Tayvandagi kompaniya Rossiyaga yarimo‘tkazgich yetkazib berishni to‘xtatdi

Yarimo‘tkazgichlarning dunyodagi eng yirik ishlab chiqaruvchisi bo‘lmish Tayvanning TSMC kompaniyasi AQSh tomonidan qo‘llangan sanksiyalar tufayli Rossiyaga mahsulot yetkazib berishni to‘xtatgan.

Foto: Reuters

Kompyuter chiplarining dunyo industriyasi, jumladan Tayvanning yirik TSMC kompaniyasi Rossiyaga yarimo‘tkazgichlarni yetkazib berishni to‘xtatdi.  Ukrainaga bostirib kirishi oqibatida AQSh tomonidan Rossiyaga nisbatan qo‘llanilgan sanksiyalardan keyin kompaniya shunday qarorga kelgan.

TSMC sanksiya qoidalarini o‘rganib chiqqunga qadar Rossiyaga, shuningdek, bu mamlakatga mahsulot yetkazib beradigan uchinchi davlatlarga ham mikrochip eksportini to‘xtatgan. Kompaniya «eksport nazorati bo‘yicha joriy etilgan yangi qoidalarga amal qilishga to‘liq moyilligini» bildirgan.

Maltaning GlobalFoundries kompaniyasi, shuningdek, Amerikaning Intel kompaniyasi ham «yangi eksport qoidalari va sanksiyalariga amal qilishini», Rossiyaga nisbatan qo‘llangan yangi eksport nazoratiga bo‘ysunishini bildirgan.

Rossiya iqtisodiyoti yarimo‘tkazgichlar eksportiga qattiq bog‘langan, chunki maishiy elektronika yoki yuqori texnologik tovarlar uchun mo‘ljallangan  mikrochiplarni ishlab chiqarmaydi. Bu sohada Tayvan, Janubiy Koreya, AQSh, Yevropa va Yaponiya yetakchilik qiladi.

TSMC kompaniyasi Rossiyaning «Elbrus» yarimo‘tkazgichlarini ham ishlab chiqarish va yetkazib berishni to‘xtatgan. Ushbu mikrochiplar rossiyalik harbiylar va xavfsizlik xizmatlari tomonidan ba’zi texnikalarda qo‘llaniladi. Shuningdek, Rossiya hukumati yirik mahalliy kompaniyalar va banklarni o‘z kompyuterlarida «Elbrus» chiplaridan foydalanishga undab kelmoqda.

Elektronika bo‘yicha Janes eksperti Kostas Tigkos so‘zlariga ko‘ra,  TSMC bilan hamkorlikning to‘xtatilishi Rossiya iqtisodiyoti uchun «vayronkor» bo‘lishi, zavod va fabrikalarning to‘xtab qolishiga, ishsizlar sonining o‘sishiga olib kelishi mumkin. 

AQSh savdo vazirining sanoat va xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Tea D. Rozman Kendler so‘zlariga ko‘ra, eksport nazorati Rossiyaning harbiy salohiyatini pasaytirishga qaratilgan.

«Ushbu eksport nazorati orqali ittifoqdoshlarimiz va hamkorlarimiz bilan Rossiyani texnologik jihatdan yakkalab, harbiy salohiyatini pasaytiramiz. 

Rossiyaning AQSh va hamkor mamlakatlar ilg‘or texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatini cheklaymiz. Natijada uning harbiy-sanoat majmuasi, harbiylari va razvedka xizmatlari g‘arbda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning ko‘p qismini xarid qila olmaydi», dedi u.

Mavzuga oid