Rossiya xorijdan olib kirilgan qurilish materiallarini O‘zbekiston mahsulotlariga almashtirmoqchi
Rossiya xorijdan olib kelingan qurilish resurslarini O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan materiallarga almashtirishni rejalashtirmoqda.
Kuni kecha Rossiya qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Irek Fayzullin O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Botir Asadov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, qurilish sohasida loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqish bo‘yicha tajriba almashish yo‘nalishlaridagi hamkorlikni muhokama qildi.
«Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar hamisha do‘stona bo‘lib kelgan, bu ikki tomonlama muloqotning, mintaqaviy va global miqyosdagi o‘zaro hamkorlikning yuksak faolligi bilan tasdiqlanadi. Hozirgi ijtimoiy-iqtisodiy sharoitda davlatlarimiz qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish, malakali kadrlarni jalb qilish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarga ega», — dedi Irek Fayzullin.
Qayd etilishicha, hozirgi geosiyosiy sharoitda tashqi iqtisodiy strategiyani qayta ko‘rib chiqish, diversifikatsiya qilish, ayrim hollarda hamkorlik yo‘nalishlarini qayta yo‘naltirish masalalari hal qiluvchi ahamiyatga ega.
«Qo‘shma ishlar sohalarning raqobatbardoshligini oshirish, qurilish materiallari va uskunalari uchun kafolatlangan uzoq muddatli bozorni shakllantirish, shuningdek, yangi namunalar va texnologiyalarni yaratish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga xizmat qiladi. MDH davlatlari qurilishdagi hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo kengashi doirasida assotsiatsiyaga a’zo davlatlarning me’yoriy-huquqiy bazasini unifikatsiya qilish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Qo‘shma ish ishtirokchi mamlakatlarda qurilish sohasida kelishilgan siyosatni shakllantirish, qurilish industriyasining barqaror rivojlanishini ta’minlash bo‘yicha tegishli idoralar faoliyatini muvofiqlashtirishga qaratilgan», — deyiladi xabarda.
Shuningdek, xorijdan olib kelingan qurilish resurslarini O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan materiallarga almashtirish imkoniyatlari ham uchrashuv mavzularidan biri bo‘ldi. Buning uchun yaqin kelajakda qurilish materiallari ro‘yxati tayyorlanadi, bu esa ichki ehtiyojni qoplash va resurslarni, shu jumladan, budjet mablag‘larini jalb qilgan holda obektlarda almashtirish imkonini beradi.
«Uchrashuvda O‘zbekiston sanoat va qurilish birlashmalari vakillarining ishtiroki tufayli tomonlar uchun muhim bo‘lgan masalalarni batafsilroq muhokama qilish imkoni paydo bo‘ldi», — deyiladi Rossiya vazirligi matbuot xizmati xabarida.
Shuningdek, uchrashuv chog‘ida O‘zbekistondan mutaxassislarni Rossiya qurilish obektlariga jalb etish va kadrlar bilan ishlash bo‘yicha tajriba loyihasi doirasida xodimlarning o‘zaro hamkorligi masalalari muhokama qilindi.
«O‘zbekistonda Rossiyadagi qurilish obektlarida talab katta bo‘lgan asosiy ish yo‘nalishlari bo‘yicha o‘rta maxsus ta’lim bazasi shakllantirildi. Kelayotgan ishchilarning mehnat sharoitlarini yaxshilash va Rossiyada ishga joylashishga qiziqishini oshirish uchun ularning malakasini oshirish bo‘yicha mehnat migratsiyasi nuqtayi nazaridan ishlarni davom ettirish muhim», — deyiladi ma’lumotda.
Mavzuga oid
21:00 / 07.10.2024
Ramzon Qodirov migratsiya siyosatida «o‘rta asr yondashuvlaridan» voz kechishga chaqirdi
20:07 / 07.10.2024
Rossiyada sakkiz nafar general lavozimdan olindi - OAV
20:51 / 04.10.2024
Rossiya «Tolibon»ni terrorchilar ro‘yxatidan chiqarish bo‘yicha ishlarni yakunlamoqda - FXX rahbari
18:42 / 04.10.2024