Toshkent investforumi: Markaziy Osiyo delegatlari o‘z nutqlarida nimalarga urg‘u berdi?
Toshkent investitsiya forumining ikkinchi kunida Markaziy Osiyoning investitsion salohiyati borasida panel munozarasi bo‘lib o‘tdi. Mintaqaviy va xalqaro hamkorlar investitsiyalarni oshirish bo‘yicha nimalar qilmoqchiligi haqida chiqish qildi.
Xalqaro moliya korporatsiyasi katta vitse prezidenti Stefani fon Frideburg o‘z nutqida erkin iqtisodiy zonalarni kengaytirish zaruratini tilga oldi.
“Hozir Markaziy Osiyoning investitsion salohiyatini ochishda biz uchun asosiy narsa erkin iqtisodiy zonalardir. Shuningdek, transport koridorlarini yaratish, raqamli infratuzilmani rivojlantirish, 400 millionlik aholini bog‘lash iqtisodiy o‘sishga yordam beradi”, dedi u.
Yaponiya xalqaro hamkorlik banki raisi o‘rinbosari Nobumitsu Xayashi delegatlarni “yashil” vodorodga e’tibor qaratishga chaqirdi.
“O‘zbekiston Yaponiya hamkorlik banki investitsiya kiritishga tayyor bo‘lgan davlatga aylanmoqda. Yaponiya tadbirkor va biznes uchun O‘zbekistonga yordam berishga tayyor. Yaqinda O‘zbekistonga Yaponiyaning Kuden kompaniyasi kirmoqchi, bu muvaffaqiyatli kompaniyalardan biridir. Sizlar Yaponiya investitsiya kiritish masalasida sekin qaror qiladi, deb o‘ylaysizlar, lekin qaror qabul qilingandan keyin qanday ishlashimizni ko‘rasiz.
Kooperatsiya – resurslar va telekommunikatsiyalarni kiritish juda muhim masala. Yaponiya yaqinda O‘zbekistonning AKT vazirligi bilan shu masalada muloqot qildi.
Uglerodni kamaytirish ham juda muhim masala. Biz ishlab chiqarishda chiqindilarni kamaytirmoqchimiz. E’tiborni “yashil” vodorodga qaratish kerak”, – dedi yaponiyalik mehmon.
Qozog‘iston sanoat va infratuzilmani rivojlantirish vaziri Qayrbek Uskenbayevga ko‘ra, transport yo‘laklarini kengaytirish – asosiy masalalardan.
“Integratsiyaning qator muvaffaqiyatli hikoyalari bor, ya’ni Xitoy va Markaziy Osiyo yo‘lini aytmoqchiman. Biz kelajakda shu yo‘lni kengaytirmoqchimiz. Hozir biz tor yo‘laklarni kengaytirish, Trans-Kasbiy transport yo‘lining imkoniyatlarini oshirish ustida ishlayapmiz. Bu yo‘l Qozog‘iston, Gruziya Turkiya va Ozarboyjonni o‘z ichiga oladi.
Yuk tashish hajmlarini raqamlashtirish, qo‘shma korxonalar tashkil etish ham amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim maqsadlar. Biz bu borada ishlarni davom ettiryapmiz. O‘zbekiston bilan transport yo‘laklari bo‘yicha tezyurar temiryo‘li – Toshkent–Shimkent–Turkiston yo‘lini qurish ustida ishlayapmiz. Bu kelajakda mamlakatimizdan boshqa uchinchi mamlakatlar bilan transport aloqalarini kengroq amalga oshirish imkonini beradi. 7 mln tonna yuk tashishni reja qilganmiz, shundan 4 millionini transport yo‘laklari orqali amalga oshirmoqchimiz”.
Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari Aziz Aliyev ham o‘z chiqishida mintaqaviy transport yo‘laklari haqida to‘xtaldi.
“Mamlakatlarimiz raqib emas, bir-birini to‘ldirib turadi. Qirg‘iz Respublikasi ham qator tashabbuslar bilan chiqqan. Kara dasturini amalga oshirish uchun Osiyo Taraqqiyot Banki moliyalashtirishning barcha maqsadlarini qamrab olmoqda. Zarur bo‘lsa, mintaqaviy hamkorlik yo‘l xaritasini ishlab chiqishga tayyormiz. O‘zbekiston–Qirg‘iziston–Xitoy yo‘li juda muhim. Bu loyiha bir necha ming kilometrlik yo‘lni yanada qisqartirish orqali imkonini beradi”.
O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Sardor Umurzoqov rasmiy Toshkent tezroq amaliy harakatlarga o‘tish tarafdori ekanini bildirdi.
“Chiroyli gaplardan amaliyotga o‘tish kerak. Biz, prezident Shavkat Mirziyoyev jamoasi amaliyot tarafdorimiz. 27 yil muhokama qildik, endi amaliy ishga kirishdik. Hali (iqtisodiy soha) sifat jihatdan muammolarga to‘la. Shu muammolarga tayyor bo‘lib, o‘zimizning ayni bir qolipdagi fikrlash doiramizdan chiqishimiz kerak.
Boshqa mamlakatlarga zarar yetkazib yutishdan voz kechish kerak. Bugun yutqazamiz, ertaga nimadirdan yutamiz. 2016 yilda O‘zbekiston qo‘shni mamlakatlar bilan aloqalarida, xususan, chegara masalalarida ancha savollar bor edi.
Biz Afg‘oniston orqali tizimli tarzda Pokiston bilan savdomizni amalga oshirishni ilgari kim tasavvur qila olar edi?! Yuklar Karachiga 4 kunda yetib bormoqda. Hindiston bilan ham shu yo‘lakdan foydalanishga kelishildi. Siyosiy iroda bo‘lsa, barchasiga erishamiz. Barchani ushbu forumni natijador o‘tkazishga chaqiraman”.
Tojikiston prezidentining iqtisodiy masalalar bo‘yicha yordamchisi Ne’matullo Hikmatullozoda raqamli bo‘shlikni to‘ldirish va ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarishga urg‘u berdi.
“Oldimizda turgan muammolar katta va ular dunyoning rivojlanishiga ta’sir o‘tkazmay qolmaydi. Hozirgi vaziyatda birlashib birga barqaror rivojlanishga erishish mumkin. Tojikiston Markaziy Osiyo energetika, qazilma boyliklari, metallurgiya, qishloq xo‘jaligi, logistika, turizm sohalarida ikki tomonlama savdoni yanada rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlari deb hisoblaydi. Savdo hamkorlarimizni diversifikatsiya qilish ham juda muhim maqsadlardan biridir. Raqamlashtirish va “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni alohida ta’kidlash kerak.
Pandemiya bizga raqamli iqtisodiyot muhimligini ko‘rsatdi. Bunda, albatta, hamma mamlakatda ham birdek internetga kirish imkoniyati yo‘q, ya’ni chekka hududlarda raqamli bo‘shliq bor. Barcha aholiga internet tarqatish kanalini keng yoyish, internetga kirish imkoniyatini yaratish kerak, deb o‘ylayman.
Raqamli infratuzilmani olis qishloqlargacha olib borish kerak. Hukumatlar buni qo‘llab-quvvatlamasa bo‘lmaydi. Yangi biznes modellarini o‘rganish kerak.
Xorijiy investitsiyalarni ekologik toza va uglerod chiqindilari eng kam bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish orqali jalb qilish lozim. Yevropa mahsulotlarni uglerod iziga qarab boj va soliqqa tortishni yo‘lga qo‘ymoqda. Iqtisodiy jihatdan atrof-muhitga zarar yetkazadigan korxonalarga kelajakda zarar yetishi mumkin.
Sanoat korxonalarining xarajatlarini kamaytirish kerak. Bizda gidroenergetika salohiyati ulkan. 90 foiz energiyamiz GES orqali olinadi. Lekin salohiyatimizning 10 foizinigina ishga solganmiz. Ekologik toza mahsulotlarni ishlab chiqishga imkon bor. Shu yo‘nalishlarga investitsiyalarni jalb qilish kerak”.
Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Bagdad Amreyev moliya va qishloq xo‘jaligi sohalariga investitsiyalarni oshirish lozimligini qayd etdi.
“Markaziy Osiyo mamlakatlari – katta bozor. O‘zbekiston bizning tashkilotga to‘la qo‘shilgach, hamkorlik 4-5 barobar oshdi. O‘zbekiston integratsiya jarayonlariga katta hissa qo‘shdi. Birga infrastrukturani rivojlantirish uchun qonunchilik ustida ishlash kerak bo‘ladi, bu tovarlar harakatini yanada kengroq yo‘lga qo‘yishga yordam beradi.
Investitsion sohalar diversifikatsiyasi. Investitsiyalar asosan, ishlab chiqarishga kiritilsa, bor-yo‘g‘i 10 foizi moliya va qishloq xo‘jaligiga kiradi. Bu borada hukumatlar ish olib bormoqda”.
Mavzuga oid
16:34 / 08.11.2024
Rossiya Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishini istaydi - Putin
20:55 / 02.11.2024
O‘zbekistonda elektr energiyasi va metan gazi olish uchun 8 ta chiqindi yoqish zavodi, 1 ta chiqindi poligoni quriladi
21:16 / 31.10.2024
Prezident Navoiy viloyatida yirik va strategik loyihalar bilan tanishdi
22:46 / 26.10.2024