O‘zbekiston | 12:54 / 30.03.2022
6634
2 daqiqa o‘qiladi

Tanzila Norboyeva MDH davlatlari Parlamentlararo Assambleyasi majlisida ishtirok etdi

O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi 29 mart kuni MDHga a’zo davlatlar Parlamentlararo Assambleyasi tashkil topganining 30 yilligiga bag‘ishlangan Assambleya kengashining majlisida ishtirok etdi.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

MDH ishtirokchi davlatlari parlamentlari va xalqaro tashkilotlar rahbarlari ham qatnashgan majlisda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva ma’ruza qildi. Norboyeva o‘z nutqida Assambleya qisqa vaqt ichida MDH hududida parlament a’zolari o‘zaro hamkorligining samarali mexanizmiga aylanganini va O‘zbekiston nafaqat katta parlament oilasining faol ishtirokchisiga aylangani, balki MDH doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga ham munosib hissa qo‘shayotganini ta’kidladi.

“Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 11 nafar deputati Parlamentlararo Assambleyaning Doimiy komissiyalari a’zosi bo‘lib, ular faoliyatida faol ishtirok etib kelmoqda.

O‘zbekistonlik senatorlar va deputatlar Hamdo‘stlik makonida parlament va Prezident saylovlarini o‘tkazish uchun MDH PA monitoring missiyalarida muntazam ravishda (13 marta) ishtirok etmoqda.

Hozirgi vaqtda Kotibiyat bilan birgalikda MDH PA Kengashi va Assambleyasi majlislarini yuqori tashkiliy darajada, shuningdek, MDH Yoshlar Parlamentlararo Assambleyasining majlisini joriy yilning kuzida Toshkent shahrida o‘tkazishga har tomonlama tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Ishonchim komil, mazkur tadbirlar parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlashga va hamkorlikdagi harakatlarning istiqbolli rejasini shakllantirishga xizmat qiladi”, degan Norboyeva.

Majlisda “Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi davlatlari Parlamentlararo Assambleyasining 30 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qaror ko‘rib chiqilgan. Shuningdek, majlisda sog‘liqni saqlash, saylov jarayoni va boshqa masalalar muhokama qilingan.

Mavzuga oid