15:30 / 11.06.2022
13141

Andijonliklar Kegeylini rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda. Hozirgacha qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?

Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasining Kegeyli tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga yaqindan yordam berish Andijon viloyati faollariga yuklatilgan. Hozirda andijonlik mutasaddilar, tadbirkor hamda fermerlar Kegeylida faollik ko‘rsatishmoqda.

Andijonlik mutasaddilar amalga oshirilayotgan ishlarni yanada jadallashtirish maqsadida Kegeylida bo‘lishdi. Mazkur hududda andijonlik tadbirkorlar tomonidan 2022–2023 yillar davomida umumiy qiymati 604 milliard so‘m bo‘lgan 23 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Ushbu loyihalar hisobiga 1700 ta yangi ishchi o‘rni yaratiladi.

Shuhratbek Abdurahmonov va Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi Raisi Qahramon Sariyev Juzimbog‘ mahallasida aholi bilan muloqot qilib, hokim yordamchisining faoliyati bilan tanishdi.  

100 ta ish o‘rniga ega “Nihol teks” MChJ paypoq to‘qish fabrikasining ochilish marosimida so‘z olgan Andijon viloyati hokimi bu xayrli ishlarning debochasi ekanini aytib, hali yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratilishini ma’lum qildi.

Kegeylining Juzimbag‘ ovulida yashovchi Aqsungil Rametovaning 4 farzandi oliy ta’lim muassasasida shartnoma asosida o‘qiydi. Farzandlar kontraktiga pul topish uchun tomorqa atrofidan g‘isht quyib sotadi. Ammo suv tanqisligi bor edi. Muammo atroflicha o‘rganilib, xonadon egalariga yer ostidan suv chiqarib berildi.

Ayni paytda “ANDIJON MAKRO FARM” MChJ tomonidan Kegeylida 23 xil dori vositasi ishlab chiqariladigan farm sanoat korxonasi qurilmoqda. Korxonaning loyiha qiymati 67,9 milliard so‘mni tashkil etadi. 2023 yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan bu maskanda yana 100 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Shuhratbek Abdurahmonov va Qahramon Sariyevlarning hududdagi yoshlar bilan uchrashuvlari davomida hokim stipendiyasini tayinlash, Andijon va Kegeyli yoshlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, tanlov va loyihalar o‘tkazish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Andijon viloyat hokimligi tomonidan tumandagi 17-umumiy o‘rta maktab hududiga badminton maydonchasini barpo etish uchun 50 million so‘m ajratiladigan bo‘ldi.

Yana bir loyiha Qumshungil mahallasidagi “Yetti xazina jilvasi” parrandachilik klasteri bo‘ladi. Ikki gektarli maydonda barpo etilayotgan parrandachilik kompleksining loyiha qiymati 20 milliard so‘mni tashkil etadi. Ayni paytda mahalladagi 50 ta xonadonda 10 boshdan kurka va quyonlar parvarishlanmoqda.

Ma’lumot uchun, Kegeyli tumanini kompleks rivojlantirish har bir mahallaning Andijon viloyatidagi mavjud shahar va tuman hokimliklariga biriktirilgan.

Paxtaobod tumani hokimligi ko‘magida Nurli bo‘ston mahallasida oilaviy bog‘cha, go‘zallik saloni, kutubxona va tikuvchilik sexi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Kegeyliga uyushtirilgan tashrif davomida bir nechta obekt foydalanishga topshirildi. Jumladan, “Julian jap” hamda “Aktuba” mahalla fuqarolar yig‘inlari faollari uchun bunyod etilgan yangi binolar, Xalqobod mahallasida yengil konstruksiyali konteynerlardan qurilgan zamonaviy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari aholiga sifatli xizmat ko‘rsata boshladi.

Reklama huquqi asosida

Top