16:04 / 14.06.2022
28384

Namangandagi «Yertikan» suv omboridan suv sizib chiqishi kuzatildi. FVV dambaning o‘zi mustahkamligini ma’lum qildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatida joylashgan «Yertikan» suv ombori tashqi to‘g‘oni ostidan suv sizib chiqayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi holat bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi.

Foto: FVV matbuot xizmati

Qayd etilishicha, Namangan viloyatining Kosonsoy tumani, Ququnboy qishlog‘ida joylashgan «Yertikan» suv omborida suv sizib chiqishi (filtratsiya) holati bo‘yicha birlamchi ma’lumotga ko‘ra, 14 iyun kuni soat 10:35 da Namangan viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tezkor-navbatchisidan olingan og‘zaki ma’lumot bilan Ququnboy qishlog‘ida joylashgan «Yertikan» suv omboridan suv sizib chiqishi (filtratsiya) kuzatilgan.

Yuqoridagi holatni bartaraf etish maqsadida Namangan viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tegishli tashkilot mas’ul xodimlari bilan birgalikda suv omboriga borib vaziyat o‘rganilgan. 

Bildirilishicha, «Yertikan» suv omborining 2 ta yerli joyidan (5 va 10 litr sekundiga) suv sizib chiqishi 2022 yil 13 iyun kuni soat 19:00 lardan boshlangani, damba (temir beton)ning o‘zi mustahkamligi, aholiga va to‘g‘onga xavf yo‘qligi aniqlangan.

Suv sizib chiqishini bartaraf etish maqsadida «Kosonsoy» suv omboridan suvni chiqarish to‘xtatilgan, «Yertikan» suv omboridan suvni chiqarilishi «Kalbuva» va «Musa ariq» kanallari (avariyaviy tashlama) orqali 4 m.kub/sek.gacha oshirilgan. Suv omboridan suvning shu hajmda chiqarilishi va 2 sutka mobaynida davom ettirilishi evaziga sizib chiqayotgan suv (filtratsiya) joylari bartaraf etiladi.

Rasmiy xabarga ko‘ra, hozirda ushbu suv omborida vaziyatni kuzatib borish va ishlarni nazorat qilish maqsadida viloyat suv omborlardan foydalanish boshqarmasi va tegishli mutaxassislardan iborat kuzatuv posti tashkil etilgan, vaziyat nazorat qilib borilmoqda.

Top