O‘zbekiston | 15:16 / 06.07.2022
22897
9 daqiqa o‘qiladi

Qishloq xo‘jaligi yerlarining ijara huquqini bozor aktiviga aylantirish taklif qilindi

“Taklifim – yerdan foydalanish huquqini “oborot”ga kiritish. Fermer yerni 49 yilga ijaraga oldimi, ikki yildan keyin qolgan 47 yilni auksion orqali yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzib, boshqa fermerga o‘tkazish imkoniyati bo‘lish kerak”, dedi USAID'ning agrobiznes sohasi mutaxassisi Mansurjon Rasulev.

Qishloq xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanish, ekinzorlar unumdorligi va fermerlar manfaatdorligini oshirish uchun yerdan ijara asosida foydalanish huquqini oldi-sotdi qilishga ruxsat berish lozim, degan taklifni ilgari surdi USAID'ning agrobiznes sohasi mutaxassisi Mansurjon Rasulev.

Rasulev bu haqda 30 iyun kuni O‘zbekiston Iqtisodiyot assambleyasida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Mutaxassisga ko‘ra, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligidagi asosiy muammo bu – yerdan foydalanish huquqi xo‘jalik aylanmadan chiqarilgani.

“Masalan, siz yerni 49 yilga ijaraga oldingiz. Uning, albatta, iqtisodiy qiymati bor: siz 49 yil davomida undan foydalanib, daromad olishingiz mumkin.

Ammo, deylik, ikki yildan keyin yo‘nalishingizni, ixtisosingizni o‘zgartirmoqchisiz, misol uchun, to‘yxona ochmoqchisiz. Mana shu 49 yilga olgan yeringizni siz ikki yildan keyin qolgan 47 yilini likvid aktiv sifatida ishlata olmaysiz. Chunki shu topda siz uchun ikkita yo‘l bor: o‘z faoliyatingizni davom ettirasiz yoki ariza yozib, yerni hokimiyatga qaytarib berasiz.

Aynan shuning natijasida ko‘p fermerlarimiz hozir yerni shunchaki ushlab o‘tiribdi: sarmoya kiritmayapti, samaradorlikni oshirayotgani yo‘q, texnika olayotgani yo‘q, malakasini oshirayotgani yo‘q. Nega? Chunki faqat ikkita yo‘l bor: ariza yozib yerni tekinga berib yuborish kerak yoki har yili dehqonga subarendaga berib pul topish. Albatta, ikkinchisi yaxshi.

Shuning uchun taklifim – yerdan foydalanish huquqini “oborot”ga kiritish. Fermer 49 yilga oldimi yerni, ikki yildan keyin o‘sha 47 yilni auksion orqali bo‘ladimi yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzibmi, boshqa fermerga o‘tkazish imkoniyati bo‘lish kerak. Shunda bu aktiv bo‘ladi.

Misol uchun, men telefon sotib oldim va ertaga bu telefonimni sotib yubormoqchiman. Kimdir telefonimga 100 dollar berishga tayyor. Sota olsam, demak, telefonim likvid aktiv, sota olmasam – yo‘q.

Qishloq xo‘jaligimizdagi asosiy moliyaviy masalalardan biri – kredit olish. Nima uchun hozirgi paytda banklar yerdan foydalanish huquqini garov sifatida qabul qilmaydi? Chunki ertaga, misol uchun, fermer bankrot bo‘ladigan bo‘lsa, bank nima qiladi bu yerni: sota olmasa, bozor qiymati bo‘lmasa? To‘g‘ri, normativ qiymati bor va bu qiymatni bozor qiymatiga yaqinlashtirishga harakat qilingan, lekin tabiiyki, bozor qiymati bilan normativ qiymatning farqi bor. Kvartira sotayotganingizda siz uni kadastr qiymatida sotmaysiz, bozor narxi bo‘yicha sotasiz. Bozorda sotiladigan molning bozor narxi chiqadi. Bu o‘sha molning xo‘jalik aylanmasida bo‘lganining natijasi.

Birqancha fermerlar yerni na berib yuborgisi kelmasa-da, na o‘zi ishlatmasdan o‘tirishiga asosiy sabab, ular qanchadir pulini yerga tikib qo‘ygan, berib yuborgisi kelmayapti, paytini kutyapti. Shunchaki, har yili dehqonlarga ijaraga berib, sarmoya kiritmasdan, naqd pul topishyapti, shu uchun ushlab o‘tirishipti”, – deydi u.

USAID vakilining ta’kidlanishicha, istaymizmi-yo‘qmi, yer ijarasining qora bozori bo‘lib kelgan.

“Misol uchun, men bir viloyatga boraman va qaysidir fermerning yeri menga yoqdi. Borib birinchi navbatda fermer bilan kelishaman. Gektariga mana shuncha ming dollardan berishga tayyorman deb aytaman. Ko‘nsa, hokimiyat bilan kelishaman, “tashakkur” sifatida hokimga pul beraman va yer meniki – fermer borib hokimga ariza yozadi, yerni hokimiyatga o‘tkazadi, hokimiyat keyin mening nomimga o‘tkazadi. Shunday bo‘lib kelgan.

Fermer ko‘nmasa, yana o‘sha hokimning oldiga boraman – u menga o‘sha yerni fermerdan tortib olib bo‘lsa-da olib beradi. Mo‘may “daromad”ku bu axir.

Ijara huquqini aylanmadan chiqarib yuborganimiz uchun bunaqa oldi-sotdini soliqqa ham torta olmaganmiz, xabarimiz ham bo‘lmagan ulardan. Shuning uchun biz mazkur – shundog‘am yuz berayotgan kelishuvlarni qonuniylashtirishimiz kerak. Korrupsiogen faktorni yaratmasligimiz kerak.

Buning uchun biz qishloq xo‘jalik yerlarini baholashning milliy standartini kiritishimiz kerak. (Hozirda boshqacha, men nazarda tutayotgan standartdan boshqachasi qo‘llaniladi). Mana shu standartlar bo‘yicha yerning bozor qiymati aniqlanadi. Birlamchi yer ajratilayotganda 15 foiz kamroq narx belgilab auksion qilinadi.

Madomiki, tanlov kiritilgan bo‘lsa, auksionga o‘tishimiz kerak. Birinchi marta olayotganda auksionda kim ko‘p pul to‘lashga tayyor bo‘ladigan bo‘lsa, to‘laydi va yerni oladi. 2-3 yilga moratoriy qo‘yiladi, ya’ni birdaniga oldi-sotdi qilmasligi uchun. 3 yildan keyin unga yerdan foydalanish huquqini auksionga qo‘yib, auksion orqali boshqa shaxsga o‘tkazish imkoniyati beriladi.

2-3 yil davomida yerdan foydalanmayotgan bo‘lsa-chi? Hozirda yerni olib qo‘yish bo‘yicha bizda aniq kriteriylar yo‘q. Yer kodeksida bor, yangi tahrirga ham adashmasam shu norma kiritilyapti – fermer yer degradatsiyasiga yo‘q qo‘ymasligi kerak degan norma.

Lekin bilamizki, qurg‘oqchilik... Bilamizki, hozirgi kunda ayniqsa paxta va g‘alla yetishtiriladigan maydonlarda pestitsidlar, kimyo juda ko‘p ishlatilyapti. Almashlab ekishlarga yo‘l qo‘yilmayapti, yer dam olmayapti. Tabiiyki, fermer ming harakat qilayotgan bo‘lsa ham, yerning unumdorligi pasayib ketyapti. Tuproqlarning sho‘rlanishi bor. Shu narsalar undan yerni olib qo‘yishga bahona bo‘lyapti.

Ertaga fermerlar kengashi bo‘ladimi yoki tuman qishloq xo‘jaligi boshqarmasi bo‘ladimi, ular borib, ko‘rib, “mana, ball kamaydi” deb xulosa beradi. O‘sha xulosa asosida hokim qarorimi yoki sud qarori asosida ijara huquqi bekor qilinishi mumkin. Ijara huquqni auksionda sotib olgan bo‘lsa ham. Yer yana egasiz qoladi.

Taklifim – Yer kodeksi va undan keladigan qonunosti aktlariga sub’yektiv faktorlarni kiritishni yo‘q qilish va faqat obektiv faktorlarni kiritish. Misol uchun, fermer 3 yil davomida shu yerdan foydalanmayapti, bu obektiv faktor bo‘ladi: siz ham ko‘rib turibsiz, men ham ko‘ryapman – u yerga hech narsa ekmayapti. Bekor qilinadi. Qaytadan auksionga kiritiladi. Sud orqali”, – deya tushuntirdi Mansurjon Rasulev.

Mutaxassis bu borada xalqaro tajriba qandayligi haqidagi savolga javob berdi.

“Xalqaro tajriba haqida gapiradigan bo‘lsak, tajriba har xil, xohlaganingizdan topishingiz mumkin. Gap mexanizmning arxitekturasida emas, amalga oshirishda.

Bizda davlat dasturi bor, 200 ming gektar yer paxtadan ozod etilib, tanlov orqali ajratilyapti. Hokimiyat balansiga yer qanaqa qilib kirib kelyapti, degan savolning tug‘ilishi tabiiy. Shu 200 ming gektar yer fermerning yeri bo‘lgan-ku? U ham yerni ijara huquqi asosida 49 yilga olgan. Javob shuki, unumdorligi yoki hosildorligi past bo‘lgani uchun yer uchastkalarini hokimiyat balansiga olib, keyin kengash orqali, “giprozem” orqali yangi konturlar yaratilib, ijara, keyin auksion tizimiga qo‘yilyapti.

Hokimlardan vakolat olib qo‘yilsin, deb farmon chiqqan, qarorlarga ketgan, lekin mahalliy boshqaruv organlarning hammasi hokimga bo‘ysunadi. Hokim yerni olib qo‘yishni maqsad qilsa, masalan, suvchiga “komanda” beradi, “mana shu fermerga suv bermagin” deydi. U suvsiz qoladigan bo‘lsa, ekin ekolmaydi, “unumdorlik pasayishiga yo‘l qo‘ydi” deb ertaga undan yerni olib qo‘yish mumkin.

Shuning uchun taklif – aniq, obektiv kriteriylar bo‘lishi kerak, sub’yektiv emas”, – dedi Mansurjon Rasulev.

Mavzuga oid