Kiyev AI bayonoti haqida: «Jinoyatchi va qurbon o‘rtasidagi muvozanat soxtalashtirildi»
Ukraina TIV rahbari AI’ning ukrainalik harbiylar tomonidan urush qonunlari buzilgani haqidagi hisobotidan g‘azabda. Prezident ofisidan aytishlaricha, bunday ma’lumotlar ataylab Ukraina armiyasini obro‘sizlantirmoqda.
Rasmiy Kiyev Amnesty International (AI) xalqaro inson huquqlari tashkilotining ukrainalik harbiylar fuqarolik infratuzilmasi yaqinida kuchlarni joylashtirishiga oid taktikasi haqidagi hisobotidan norozi. Xususan, Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba 4 avgust, payshanba kuni tashkilot hujum qilayotgan va himoyalanayotgan davlat o‘rtasida «jinoyatchi va jabrlanuvchi orasidagi muvozanatni soxtalashtirish»ga urinayotganini aytdi. «Hamma nimadadir aybdor bo‘lib chiqadigan soxta voqelik haqida bayonot berishni to‘xtating, - deb murojaat qildi u AI’ga. - RF nima ekanligi haqidagi tizimli haqiqatni yetkazish bilan shug‘ullaning».
Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak xalqaro huquq faollarini qurol yetkazib berishni to‘xtatish maqsadida RF tomonidan Ukraina qurolli kuchlarini obro‘sizlantirish bo‘yicha tashkil etilgan kampaniyada qatnashishda aybladi. «Ukrainaliklar hayotiga tahdid solayotgan yagona narsa - bu Ukrainaga genotsid sodir etish uchun kelgan jallodlar va zo‘ravonlardan iborat Rossiya armiyasidir. Bizning himoyachilarimiz o‘z xalqi va oilalarini himoya qilmoqda», - deb yozdi Podolyak Twitter’da.
Amnesty International xalqaro tashkiloti ofisi avvalroq Ukraina qo‘shinlari Rossiya bosqiniga qarshilik ko‘rsatgan holda, turar joy hududlari, jumladan, maktab va kasalxonalarda bazalar tashkil etish hamda qurol tizimlarini qo‘llash orqali tinch aholiga xavf solayotgani haqida bayonot tarqatgandi.
«Ukraina qo‘shinlari aholi punktlarida harakat qilib, tinch aholini xavf ostiga qo‘yayotgani va urush qonunlarini buzayotgani bo‘yicha misollarni hujjatlashtirib oldik», dedi Amnesty International bosh kotibi Anes Kallamar.
AI’ning Ukrainadagi ofisi payshanba kuni «Amnesty International Inqirozga qarshi kurash bo‘limining alohida jamoasi faktlarni aniqlash va materiallarni tayyorlash bilan shug‘ullanayotganini» ta’kidladi.
«Ukrainadagi ofis keng ko‘lamli bosqinning boshidan beri tergovni qo‘llab-quvvatlab keladi va Ukraina hududidagi harbiy jinoyatlarni tergov qilishga boshqa mamlakatlar sud-tibbiyot ekspertlarini jalb etishga yordam beradi», dedi Amnesty International’ning Ukraina ofisi direktori Oksana Pokalchuk.
AI’ning Ukraina ofisi eslatishicha, 24 fevraldan beri surishtiruvchilar o‘nlab harbiy jinoyatlarni hujjatlashtirgan va ular Rossiya harbiylari tomonidan sodir etilganini isbotlagan. Xususan, Mariupol drama teatriga hujum, Sergeyevkadagi turar joy binosi va plyaj kurortiga hujum, Kiyev oblastidagi harbiy jinoyatlar shular jumlasidan. AI hujjatlashtirilgan ma’lumotlarni Xalqaro jinoiy sudga topshirishni rejalashtirmoqda, u esa xalqaro adolatga xizmat qiladi va aybdorlarni javobgarlikka tortadi.
Mavzuga oid
10:46
Tramp Ukraina bo‘yicha muzokaralar uchun maxsus vakil tayinlaydi
22:44 / 13.11.2024
Tramp ma’muriyatida Ukraina bo‘yicha maxsus vakil bo‘ladi - OAV
21:24 / 13.11.2024
Kuraxovodagi ukrain garnizoni qurshovga tushishi mumkin. Frontdagi eng murakkab yo‘nalishlardan birida nimalar bo‘lmoqda?
18:53 / 13.11.2024