13:40 / 11.08.2022
9687

Tojikistonda AQSh markaziy qo‘mondonligi tomonidan tashkil etilgan mashqlar o‘tkazilmoqda

10 avgust kuni Tojikistonda AQSh Qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligi tomonidan tashkil etilgan harbiy mashg‘ulotlar boshlandi. Bu haqda AQShning Tojikistondagi elchixonasi xabar berdi.

Foto: AQSh elchixonasi

AQShning Tojikistondagi elchisi Jon Mark Pommersheym 20 avgustga qadar davom etadigan «Mintaqaviy hamkorlik-2022» harbiy mashg‘ulotlari ishtirokchilarini qutladi.

Pommersheym bu AQShning Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari ishtirokidagi eng yirik harbiy mashg‘ulotlari ekanligini ta’kidladi.

«Ushbu mashg‘ulot mintaqadagi hamkorlarimiz bilan munosabatlarni mustahkamlash uchun noyob imkoniyat yaratadi», dedi u. 

Elchixona ma’lumotlariga ko‘ra, har yili o‘tkaziladigan mashg‘ulotlar barqarorlikni ta’minlash, terrorizmga qarshi kurashish, davlatlar o‘rtasida hamkorlik va qo‘shma imkoniyatlarni rivojlantirish bo‘yicha ko‘pmillatli operatsiyalarni kuchaytirishga qaratilgan.

Elchixona xabariga qaraganda, olti kunlik qo‘mondonlik-shtab mashg‘ulotlarida AQSh, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Pokiston va Mo‘g‘uliston harbiylari ishtirok etadi.

Tojikiston va AQSh Faxroboddagi o‘quv markazida besh kunlik ikki tomonlama dala mashg‘ulotlarini ham o‘tkazadi.

Top