Jahon | 15:33 / 27.08.2022
22660
3 daqiqa o‘qiladi

London: Rossiyaning Donbassdagi hujumlari kuchaydi, Kiyev yirik qarshi hujumga tayyorlanyapti

Britaniya razvedkasining fikricha, Kiyev yirik qarshi hujumga tayyorlanar ekan, Rossiya Donbassdagi sa’y-harakatlarini kuchaytirdi.

Foto: AP

So‘nggi besh kun ichida Donbassdagi rus qismlari va bo‘linmalarining hujumlari soni oshdi. Donetsk shimolidagi Siversk va Baxmut shaharlari hududida shiddatli janglar davom etmoqda. Bu haqda Britaniya mudofaa vazirligi tomonidan 27 avgust, shanba kuni chop etilgan Britaniya razvedkasi xulosasida aytiladi.

Rossiyaparast ayirmachilar otryadlari ma’lum darajada Prokofev nomidagi «Donetsk» xalqaro aeroporti yaqinida joylashgan Donetsk oblasti Peski posyolkasi markaziga qarab oldinga siljigan. Biroq, Britaniya razvedkasi rasmiylariga ko‘ra, rus qo‘shinlari «mayda hududiy yutuqlarga» erishgan. 

Shu bilan birga, Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi Rossiyaning Donbassdagi sa’y-harakatlarida «qo‘shimcha ukrain bo‘linmalarini chalg‘itish yoki ularning oldinga siljishini to‘xtatib qo‘yish maqsadida» kuchaytirish ehtimolini ko‘rmoqda – Ukraina yirik qarshi hujumni rejalashtirayotgani haqida taxminlar bor.

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi har kuni Rossiyaning Ukrainaga harbiy hujumi boshlanishiga oid hisobotlarni chop etadi. Moskva Londonni maqsadli dezinformatsiya kampaniyasida ayblayapti.

Buyuk Britaniya avvalroq Kiyevga M270 MLRS yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari (YaO‘RT)ning yana bir partiyasini topshirgan edi. Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov 12 avgust kuni Twitter’da xabar berishicha, bu qurol tizimlari allaqachon mamlakatga yetib borgan. «Birlashgan Qirollik Mudofaa vazirligi rahbari Ben Uolles va butun Britaniya xalqiga rahmat! Sizning yordamingiz hayratlanarli va Ukraina uchun juda muhim. Ukraina armiyasi bundan jang maydonida mohirona foydalanmoqda», - deb yozgan Reznikov. 

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoyguning mamlakat tinch aholi orasida qurbonlarni kamaytirish maqsadida Ukrainadagi harbiy kampaniyasi sur’atini ataylab sekinlashtirayotgani haqidagi bayonoti «ataylab tarqatilgan noto‘g‘ri ma’lumotdir», deya ma’lum qildi 26 avgust kuni Britaniya Mudofaa vazirligi. 25 kishi, jumladan, ikki bola halok bo‘lgan Chapline stansiyasiga «Iskandar» zarbasi «Rossiya raketa yoki artilleriya zarbalari berishda harbiy ustunlikni ko‘rsa, zarar yetkazishga tayyorligini ko‘rsatadi», dedi Britaniya harbiylari. 

Ularning fikricha, «Rossiya Federatsiyasining hujumi Rossiyaning yomon harbiy harakatlari va Ukrainaning qattiq qarshiliklari tufayli to‘xtab qoldi». «Shoygu qo‘mondonligi ostida Ukrainada harakat qilayotgan kuchlar rejalashtirilgan operatsiya muddatlarini bir necha bor buzdi», - deya bildirdi Britaniya harbiy idorasi. Ta’kidlanishicha, Ukrainaga bostirib kirish boshlangandan beri kamida olti general yetarlicha tez harakat qilmagani uchun ishdan bo‘shatilgan.

Mavzuga oid