17:12 / 26.10.2022
4751

Prezident: “Joriy yilda tibbiyotga 28 trillion so‘m ajratilyapti va bu o‘tgan yilga nisbatan 1,3 baravar ko‘p, degani”

“Yuqori texnologik operatsiyaga muhtoj 16 ming bemordan 3 ming 200 nafari viloyat va tumanlarning o‘zida davolandi”, – dedi davlat rahbari tibbiyot sohasi vakillari bilan uchrashuvda.

“Shuningdek, 820 ta birlamchi tibbiyot muassasasiga UZI va EKG uskunalari yetkazib berildi. Oilaviy poliklinikalarda 19,5 mingta kunduzgi shifo o‘rinlari tashkil etildi. Buning natijasida, 740 ming aholiga shifoxonaga bormasdan, mahallaning o‘zida davolanish imkoniyati yaratildi (shifoxonaga murojaatlar o‘tgan yilga nisbatan 947 mingtaga kamaygan).

Shuningdek, 10 milliondan ziyod 40 yoshdan oshgan aholining 70 foizi kardiologik va qandli diabet kasalligini erta bosqichda aniqlash bo‘yicha skrining tekshiruvidan o‘tkazildi.
Yuqori texnologik operatsiyaga muhtoj 16 ming bemordan 3 ming 200 nafari viloyat va tumanlarning o‘zida davolandi.
Mamlakatimizda ilk bor order tizimi orqali 29 ta xususiy shifoxona bilan shartnoma imzolandi (hozirgacha 230 nafar bemorga 3,5 milliard so‘mlik xizmat ko‘rsatildi).  

Tibbiyot xodimlari oyligi 30 foizgacha oshirildi. Hali imkoniyatimizga qarab yana oshiramiz. Afsuski pandemiya va dunyo iqtisodiyotidagi vaziyat tufayli rejalarimizni o‘zgartirishga majbur bo‘ldik. Ammo men shifokorlarimiz maoshlarini yana ko‘paytirish niyatidaman.

Shuningdek, shifokorlarga ish samaradorligi va natijasiga qarab tabaqalashtirilgan rag‘batlantirish va ustama to‘lovlari joriy etildi.

Umuman, joriy yilda tibbiyotga 28 trillion so‘m ajratilyapti va bu o‘tgan yilga nisbatan 1,3 baravar ko‘p, degani.
Lekin, aholimiz o‘zining kundalik hayotida tibbiyotga bo‘layotgan e’tiborni barcha hududlarda ham, birdek his qilyaptimi? Albatta, yo‘q! 

Birlamchi bo‘g‘inni mahallagacha tushirish bo‘yicha boshlagan islohotlarimizni ayrim hudud rahbarlari haligacha to‘liq tushunib yetgani yo‘q.

Misol uchun, Buxoroda – 51 ta, Navoiyda – 20 ta, Jizzaxda – 19 ta mahallada shifokorlik punktlari tashkil etish yakuniga yetmagan. 

Oilaviy poliklinikalardan 10 kilometr uzoqlikda joylashgan 272 ta mahallada tibbiyot punktlarini tashkil qilish, hatto kelgusi yil rejasiga ham kiritilmagan.
Masalan, Toshkent viloyatida – 72 ta, Qashqadaryoda – 54 ta, Qoraqalpog‘istonda – 50 ta, Sirdaryoda – 31 ta, Surxondaryoda – 21 ta, Farg‘onada – 13 ta, Navoiyda – 12 ta bunday mahallalar bor.

Yoki, mingdan ortiq mahallada konteynerlar o‘rnatilgani bilan, ularning yarmida issiq suv va muqobil elektr tizimi yo‘q” – prezident so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid
Top