Jahon | 07:34 / 16.11.2022
10585
2 daqiqa o‘qiladi

NATO rahbari: Mag‘lubiyatlariga qaramay, Rossiyani e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak

Yyens Stoltenberg Rossiyaning katta harbiy salohiyati va katta yo‘qotishlarni hisobga olishga tayyorligiga e’tibor qaratish kerakligini ta’kidladi. U Ukrainani qancha vaqt kerak bo‘lsa, shuncha qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Foto: Reuters

Rossiya Qurolli kuchlarining so‘nggi mag‘lubiyatlariga qaramay, Rossiyaning harbiy salohiyatini e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi, deydi NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg. «Ishonchimiz komilki, Rossiya katta yo‘qotishlarni hisobga olishga tayyor», — dedi u 15 noyabr, seshanba kuni Bryusselda Yevropa Ittifoqi mudofaa vazirlarining yig‘ilishida.

Uning ta’kidlashicha, Moskva salmoqli harbiy salohiyatga, shuningdek, ko‘p sonli qo‘shinlarga ega. Bundan tashqari, Rossiya kuchlari «tinch aholiga shafqatsizlarcha zulm qilmoqda». Shuning uchun G‘arb «Ukrainani zarur bo‘lgan vaqtgacha qo‘llab-quvvatlashi kerak», deb qo‘shimcha qildi Stoltenberg.

Ukraina Qurolli kuchlari o‘tgan hafta oxirida Xersonni va Xerson viloyatining muhim qismini ozod qildi, bu ukrainaliklarning Rossiya hujumidan mudofaasi bo‘yicha eng katta muvaffaqiyatlaridan biri bo‘ldi. Rus qo‘shinlari Dniproning chap qirg‘og‘iga chekinishdi. Mag‘lubiyatlarga qaramay, rus qo‘shinlari Ukraina hududining deyarli beshdan bir qismini nazorat qilmoqda.

Mavzuga oid